Infocom.uz

Davlat aloqa inspеksiyasi boshlig‘i Shomansur Abidxodjayev bilan suhbat

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 2011-yil 28-dekabrdagi 3-son majlisi qarori bilan tasdiqlangan «2012-yilda o‘tkaziladigan tekshirishlar reja-jadvali»ga asosan 2012-yil davomida 28ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarda rejali tekshirishlar o‘tkazilishi rejalash-tirilgan bo‘lib, Davlat aloqa inspeksiyasi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida 24ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarda rejali tekshirishlar o‘tkazildi.

24 ta rejali tekshirishlardan:
• 12tasi — telekommunikatsiyalar xizmatini ko‘rsatuvchi;
• 5tasi — mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi;
• 7tasi — pochta aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalarda o‘tkazildi.

O‘tkazilgan rejali tekshirishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda mazkur ko‘rsatmalarning bajarilishi Davlat aloqa inspeksiyasi tomonidan nazoratga olindi.

Rejali tekshirishlar natijalariga asosan 38 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan radioelektron vositalar yoki yuqori chastotali qurilmalarni loyihalash, qurish (o‘rnatish) va ulardan foydalanishning belgilangan qoidalarini, radioayirboshlash va radiochastotalardan foydalanish qoidalarini buzish, radio-nurlanishning davlat standartlari, normalari va belgilangan tartibda o‘rnatilgan parametrlariga rioya etmaganliklari hamda aloqa xizmatining sifatiga doir normalar va davlat tarmoq standartlarini, davlat aloqa tarmog‘i bilan bog‘lanadigan simli elektr aloqa vositalarining, radionurlanish parametrlarining buzilishiga yo‘l qo‘yganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksining 152-modda, 1-qismi va 153-moddaga asosan 5 096 520 (besh million to‘qson olti ming besh yuz yigirma) so‘m miqdorida ma’muriy jazo choralari ko‘rildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Davlat aloqa inspeksiyasi tomonidan 2007-yil 27-iyunda tasdiqlangan «Pochta va telekommunikatsiya sohasida talon-taroj va o‘zlashtirishlar, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa qonunbuzarliklar yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va prokuratura organlariga yuborish to‘g‘risida tartib»ga muvofiq 2012-yil aprel oyida «O‘zbekiston pochtasi» OAJ’ning Surxondaryo, Namangan, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo filiallarida o‘tkazilgan rejali tekshirishlar natijalariga ko‘ra qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha rejali tekshirish hujjatlari va ma’lumotlar tegishli viloyat prokuratura organlariga taqdim etilgan.

O‘zbekiston Respublikasining «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish to‘g‘risida»gi 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-son, «Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2005-yil 14-iyuldagi PF-3619-son va «Tadbirkorlik subyektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish to‘g‘risida«gi 2005-yil 5-oktabrdagi PF-3665-son farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida 2007-yilda ishlab chiqilgan va Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishilgan «Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishning yillik muvofiqlashtirilgan reja-jadvalini shakllantirish» Tartibi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining taklifiga asosan qayta ishlab chiqildi.

Qayta ishlab chiqilgan «Davlat aloqa inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishning yillik muvofiqlashtirilgan reja-jadvallarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 2012-yil 10-iyundagi 1-sonli bayoni qarori bilan ma’qullandi hamda Davlat aloqa inspeksiyasining 2012-yil 15-iyundagi 184-son buyrug‘i bilan amalga kiritildi.

O‘tkazilgan rejali tekshirishlar, aloqa va axborotlashtirish sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatsizligi bo‘yicha iste’molchilardan tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalarida aloqa sohasiga oid qonun va normativ hujjatlar talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan 81 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksining 152-modda «Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish» 1-qism, 153-modda «Aloqa xizmatining sifatiga doir normalar va davlat tarmoq standartlarini buzish» va 154-modda «Aloqa yo‘llari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish» huquqbuzarliklar uchun Davlat aloqa inspeksiyasi va uning viloyatlardagi bo‘linmalari tomonidan 19 379 360 (o‘n to‘qqiz million uch yuz yetmish to‘qqiz ming uch yuz oltmish) so‘m miqdorida ma’muriy jazo choralari ko‘rildi. Shulardan 76 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 18 372 640 (o‘n sakkiz million uch yuz yetmish ikki ming olti yuz qirq) so‘m, 5 nafar jismoniy shaxslarga nisbatan 1 006 720 (bir million olti ming yetti yuz yigirma) so‘m miqdorida ma’muriy jazo choralari ko‘rildi.

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 2009-yil 6-martdagi majlisining 1-son bayoniga muvofiq nazorat qiluvchi idoralarga tadbirkorlik subyektlari faoliyatida uchrayotgan muammolar yechimi yuzasidan «Ishonch telefonlari» orqali olingan xabarlar bo‘yicha ko‘rilgan choralar har oyda ommaviy axborot vositalarida yoritib borilishini ta’minlash, har oyda bir marotaba tadbirkorlik subyektlarining qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida ular uchun «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etish hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida profilaktika ishlarini tashkil etishga alohida ahamiyat berilishi yuzasidan topshiriqlarga asosan Davlat aloqa inspeksiyasi tomonidan doimiy ravishda ishlar olib borilmoqda.

Tuzilgan chora-tadbirlar rejasiga asosan 2012-yilning birinchi yarim yilligi davomida bevosita joylarga chiqib 398ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan qonuniy haq-huquqlari va ularning faoliyatida uchraydigan muammolar yechimlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan hamkorlikda 142ta seminarlar tashkil etildi, mazkur seminarlarda 2041nafar tadbirkorlar va korxona xodimlari ishtirok etdilar.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida 124ta «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlari o‘tkazildi, ushbu tadbirlarda 897 nafar ishtirok etgan tadbirkor va fuqarolarning 296ta muammoli masalalari ko‘rib chiqildi va ular tomonidan berilgan savollarga hamda masalalarga ijobiy javoblar berildi.

Ommaviy axborot vositalari orqali jami 67 ta chiqishlar qilindi.

Kelgusi rejalar haqida
2012-yil uchun Davlat aloqa inspeksiyasining ish rejasida ko‘plab vazifalar belgilangan, ulardan asosiylari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
• Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi tomonidan 2012-yil uchun tasdiqlangan tekshirishlar reja-jadvaliga asosan 2012-yilning ikkinchi yarim yilligi davomida xo‘jalik yurituvchi subyektlarda rejali tekshirishlarning sifatli o‘tkazilishini ta’minlash;
• Davlat aloqa inspeksiyasi xodimlarining huquqiy masalalar bo‘yicha bilimlarini oshirish yuzasidan seminarlar tashkil etilishini va xorijiy tillarni o‘rgatish o‘quv kurslarida o‘qitishni davom ettirish;
• xodimlarning hamdo‘stlik davlatlarida yangi texnologiyalar hamda axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro seminarlarda va ko‘rgazmalarda ishtirok etishi hamda malaka oshirishi;
• xodimlarni yangi texnologiyalar bo‘yicha malaka oshirish kurslarida o‘qitish hamda aloqa va axborotlashtirish sohasining tegishli korxonalarida amaliy ish o‘rganishlarini davom ettirish;
• tadbirkorlik subyektlari faoliyatida uchrayotgan muammolar yechimi va ularning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish uchun tashkil etilgan «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlarini davom ettirish;
• aloqa va axborotlashtirish sohasida iste’molchilarning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatida uchraydigan muammolar yechimlari yuzasidan ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarni davom ettirish.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top