Infocom.uz

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning huquqiy asoslari hamda ularni takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama etildi

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, OAV vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlardan tashrif buyurgan Bosh prokuratura huzuridagi Oliy o‘quv kurslarining tinglovchilari ishtirok etgan ushbu tadbirda mamlakatimizda axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning huquqiy asoslari va ularni takomillashtirishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama etildi.

ict_1_10_2010

Seminarda so‘z olganlar e’tirof etganlaridek, bugun dunyo miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal sur’atda rivojlanmoqda. Mamlakatimizda ham mazkur zamonaviy tarmoq hayotimizning barcha jabhalariga tobora kengroq kirib bormoqda. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan ishlab chiqilib, qabul qilingan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning 2002-2010 yillarga mo‘ljallangan dasturini amaliyotga tatbiq etish borasida erishilayotgan natijalar shundan dalolatdir.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda istiqlol yillarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimidagi munosabatlarni tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza shakllantirildi. Zamonaviy talab va standartlar hamda konstitutsiyaviy tamoyillar asosida O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi, «Radiochastotali spektr to‘g‘risida»gi qator qonunlar va keng qamrovli qonunosti hujjatlari qabul qilindi.

Mutaxassislar o‘z ma’ruzalarida ta’kidlaganlaridek, ushbu sohadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish izchillik bilan ilmiy asoslangan holda olib borilmoqda. Bunda O‘zbekistonda amal qiluvchi qonun hujjatlari, chet el qonunchiligi tajribasi, shuningdek, axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish istiqbollari hisobga olinib, ushbu soha faoliyatini taraqqiy ettirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’lum shartlarga rioya qilingan holda elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo va qog‘ozdagi shaxsiy imzo teng kuchga ega ekanligini ta’minlab berdi.

Ishtirokchilar axborotlashtirish tizimida axborot xavfsizligini ta’minlashning texnik va texnologik xususiyatlari, tergov jarayonida foydalaniladigan yangi va kelajakda amaliyotga joriy etiladigan ilg‘or texnologiyalar bilan ham yaqindan tanishdilar.

Shu bilan birga, tadbir davomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi jinoyat va huquqbuzarlik masallalari bo‘yicha Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda nazarda tutilgan normalarning mazmun-mohiyati ustida ham to‘xtalib, keng sharhlandi. Jumladan, Jinoyat Kodeksining 167, 169-moddalarida «Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar», Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 151, 156-moddalarida esa, «Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish», «Axborotdan foydalanish qoidalarini buzish», «Kompyuter tizimidan foydalanish qoidalarini buzish» kabi choralar belgilab qo‘yilgan.

Ayni kunlarda ham Qo‘mita a’zolari tomonidan ushbu sohada, huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda qonun ijodkorligi ishlari olib borilayotganligi seminar ishtirokchilariga ma’lum qilindi.

Muhokamalar jarayonida seminar ishtirokchilari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimi bilan bog‘liq, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Tadbir yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top