Infocom.uz

Aholiga xizmat ko‘rsatish sohasida interfaol xizmatlar rivoji OAV diqqat markazida

Mutaxassislar jurnalistlarga mamlakatimizda aholiga xizmat ko‘rsatish sohasidagi interfaol xizmatlarni rivojlantirishga oid loyihalar haqida ma’lumot berishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 21 martdagi PQ-1730-son qaroridagi talablar bajarilishini ta’minlash maqsadida, kommunal ho‘jaligi va turar-joy masalalari bo‘yicha Portal yaratish ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunda portal e-kommunal.uz manzili bo‘yicha test tizimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur portal kommunal va ijtimoiy xizmatlarning yagona ma’lumotlar to‘plamini yaratishga imkoniyat beradi.

Portalning asosiy maqsadi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari sohasidagi umumiy kommunikatsiya infratuzilmasini yaratishdan iborat. Bunday infratuzilma aholi hamda nazorat qiluvchi organlar, mahallalar, xususiy uy-joy mulkdorlar shirkati, shuningdek, kommunal xizmatlar o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvini elektronlashtirishni ta’minlab, o‘z navbatida, aholi mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish imkoniyatini beradi. Taqdim etilayotgan kommunal xizmatlar sifatining yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Portalni yaratish va joriy qilish orqali quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:

• Shirkatlar faoliyati davomidagi amalga oshirilayotgan axborot jarayonlarini (hujjatlarni qidirish, o‘qitish, saqlash, jo‘natish) avtomatlashtirish orqali vaqtni tejash, qog‘oz sarflanishini kamaytirish va bajarilayotgan ishlarni tezlashtirish;
• Shirkat a’zolari va kommunal xizmatlar foydalanuvchilariga qarzdorlik holati va to‘lovlar tarixi bo‘yicha ma’lumotlarni olish imkoniyatlarini yaratilishi;
• Aholi uchun shirkatlar va kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlarning faoliyatining ochiqligi ta’minlash.

Hozirgi kunda Portalda Toshkent shahrining shirkatlari, aloqa bo‘limlari, tibbiyot muassasalari, militsiya tayanch punktlari, banklar, ularning filiallari va mini-banklar ro‘yxatlari jamlangan. Har bir ma’lumotlar bazasi bir-biriga uzviy bog‘langan bo‘lib, ma’lumotlarni tegishli kesimda ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, portal foydalanuvchilariga ijtimoiy obyektlarni shahar xaritasida joylashuvini ko‘rish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, portalda kommunal xo‘jaligi va turar-joy masalalari bo‘yicha huquqiy xujjatlar bazasi va kommunal xizmatlar bo‘yicha tariflar doimiy ravishda yangilanib borilmoqda. Shirkatlar, mahalla fuqarolar yig‘ini a’zolari va portaldan foydalanuvchi fuqarolar uchun alohida shaxsiy kabinetlar yaratish bilan birga mazkur kabinetlar orqali shirkatlar va kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlarning faoliyatini nazorat qilish sharoiti ishlab chiqilmoqda.

Har bir tizim foydalanuvchisining shaxsiy ma’lumotlar bazasini xavfsizligini ta’minlash, portalga kirish va uning imkoniyatlaridan foydalanish uchun yagona identifikatsiya tizimi ID.UZ orqali amalga oshirilib, tizimga kiruvchilar identifikatsion ID kartadagi ma’lumotlar orqali portalga kirishni yo‘lga qo‘yish usuli bilan amalga oshiriladi.

Yaqin kunlarda ID kartani quyidagi xizmatlar bilan bog‘lash ishlari amalga oshiriladi:

• Milliy kutubxonaning interfaol xizmatlaridan foydalanish;
• Telefon va internet tarmog‘idan foydalanish yuzasidan to‘lovlar va qarzdorlik holatlari bo‘yicha ma’lumotlar olish;
• Pochta jo‘natmalari va banderollarni yuborilishi holati bo‘yicha kuzatuv.

Aholi uchun yaratilayotgan interfaol loyihalardan yana biri – ma’lumotlarni boshqarish servisi Desk.uzdir. Mazkur servis vidjetlar bazasi orqali ma’lumotlarni “agona oyna” tizimida ko‘rish imkoniyatini berib, o‘z ichiga yangiliklardan boshlab, turli xil kommunal turdagi shaxsiy ma’lumotlarni olish sharoitini yaratadi. Hozirgi kunda servisda 200 dan ziyod vidjetlar jamlangan bo‘lib, shuningdek servisga shaxsiy vidjetlarni qo‘shish imkoniyati mavjud.

Mazkur servis vidjetlarining ayrimlariga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Masalan:

• Samarkand bankning axborot vidjeti – bank va bank hisob raqami orqali onlayn tizimdagi pul o‘tkazmalar holatini va tarixini ko‘rib borish imkoniyatini beradi.
• UzDigital raqamli televideniyasining ma’lumotlar vidjeti – mazkur tashkilotning xizmatlari yuzasidan to‘lovlarni ochiqligini ta’minlab, onlayn rejimda ma’lumotlarni olish imkoniyatini beradi.
• DC.uz resursidagi xizmatlardan foydalanish yuzasidan hisob raqamining holati bo‘yicha axborot vidjeti – UZINFOCOM markazining Datatsentri xizmatlaridan foydalanish va ular asosida amalga oshirilgan to‘lovlar holatini ko‘rish imkoniyatini beradi.
• Issiq va sovuq suvdan foydalanish bo‘yicha qarzdorlik va to‘lovlar holatlari bo‘yicha ma’lumotlar vidjeti.
• O‘zbekenergo xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan oxirgi to‘lovlar holati bo‘yicha ma’lumotlar vidjeti.

Fuqarolarning Hukumat bilan uzviy aloqasini ta’minlash va ular tomonidan Hukumatga murojaat etish sharoitlarini avtomatlashtirish yo‘nalishida eng asosiy qadamlardan biri – Hukumat portalida fuqaroning shaxsiy kabineti – my.gov.uz yaratilishidir. Fuqaro Hukumat portalidagi shaxsiy kabineti orqali fuqaro davlat va xo‘jalik organlari, joylardagi davlat xokimiyati organlari, muassasa va idoralariga murojaat etish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, ushbu kabinetda fuqarolar uchun turli qulayliklar yaratilgan. Kabinet orqali fuqarolar o‘zlarining davlat organlariga murojaatlari tarixini hamda ijro holatini ko‘rib borish imkoniyatiga egadirlar.

Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing: