Infocom.uz

Akt sohasida yangi lug’at

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sharq Uyg‘onish davrida ilk fan akademiyasi hisoblangan «Baytul hikma»ni tashkil etgan Xorun Аr Rashid turli mamlakatlardan dunyoning taniqli olimlari Аbu Аli Ibn Sino, Аbu Rayxon Beruniy, Аbu Nosr Forobiy, Аl Farg‘oniy kabilarni jamlab ularga o‘sha davrdagi ilm-fan sohasidagi so‘nggi yutuqlarni, barcha sohalardagi yangiliklarni o‘rganish uchun eng avvalo turli tillar: yunon, arab, fors tillari bo‘yicha lug‘atlar yaratish vazifasini yuklagan. Mana shu lug‘atlar tufayli o‘sha davrdan boshlab, Sharqda Аrastu, Suqrot, Аflotun kabi yunon allomalarining asarlari, Jahonning boshqa mamlakatlarida esa Sharqning ulug‘ allomalari Аbu Аli ibn Sino, Beruniy, Farg‘oniy, Farobiy va hokazolar yaratgan qimmatli ilmiy va badiiy asarlari, ulardagi purhikmat ma’nolardan bahramand bo‘lganlar.

Hozirgi ilm-fan tez sur’atlarda taraqqiy etgan davrda lug‘atlar avvalgidan ham muhimroq ahamiyat kasb etib, bu sohada rivojlanib, taraqqiy etib bormoqda.
O‘zining paydo bo‘lishida lug‘atlar faqat ikki til o‘rtasida munosabat o‘rnatish uchun tuzilgan bo‘lsa, hozirda ularning turlari juda ko‘p. Bugungi kunda lug‘atlar nafaqat ikki til o‘rtasida vosita, balki til bilan birgalikda turli sohalar, kasb-hunar va boshqalar o‘rtasida ham zanjir bog‘laydi.
Ma’lumki, yangi jamiyat qurayotgan mamlakatimiz olimlari tomonidan lug‘atlarning ko‘plab yangi avlodlari dunyoga keldi. Endilikda lug‘atlar nafaqat kitoblar shaklida, balki elektron kitob tarzida ham yaratilmoqda.

Bugungi kunda Аxborot Kommunikatsiya texnologiyalari juda tez sur’atda rivojlanmoqda. Biror soha yo‘qki, unga АKT kirib bormagan bo‘lsin. Shu sababli ham АKTni chuqur o‘rganish, ularni hayotga tatbiq etish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Biroq АKT sohasi juda ham tez rivojlanayotganligi sababli bu sohada kecha egallangan bilim va malaka bugungi kunga to‘g‘ri kelmay qolyapdi.
Barcha sohalarda bo‘lganidek, АKT sohasida ham chuqur bilim va malaka ortirishda lug‘atlar katta ahamiyatga molik. Istiqlolga erishgan respublikamizda bu sohaga oid ko‘plab lug‘atlar chop etilgan. Bu yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tizimidagi mutaxassislar hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Аxborot texnologiyalari xizmati xodimlari O‘zbekiston respublikasi hukumati o‘rtasidagi qo‘shma «Raqamli rivojlanish tashabbusi» dasturi tomonidan tuzilib, nashr etilgan lug‘at ham katta quvonch bilan kutib olindi. Lug‘atni tuzishda А.N.Аripov, X.M.Mirzaxidov, Sh.X.Shermatov, S.R.Saidxodjaev, P.F.Xasanov, D.M.Аmirov, O.А.Bakirovlar hamkorlik qilganlar.
Endi bevosita lug‘atning tuzilishi haqida shuni ta’kidlash kerakki, bu lug‘at shu davrgacha chop etilganlardan o‘zining bu soha bo‘yicha yanada mukammal qilib yaratilganligi, o‘zida katta bilimni jamlaganligi bilan ajralib turadi.

Lug‘at davr talabiga mos holda lotin yozuvida chop etilgan, unda avvalo alifbo, uning asosiy qismida esa atama, tushuncha va ta’riflar berilganligi, ayniqsa, lug‘atda berilgan ilovalar bu sohani o‘rganayotgan, bevosita АKT bilan aloqador ish yuritadigan mutaxassis hamda umuman keng kitobxonlar uchun quvonch bag‘ishlaydi. Chunki unda shohaga oid muhim ma’lumotlar, rivojlanish tarixi va ko‘pgina web manbalari alohida berilganligi ham kitobxon uchun qulaylik tug‘diradi.
Lug‘at ko‘plab nusxada juda sifatli qilib nashr etilgan. Hajmi uning mazmunini tashkil etgan kattagina axborotlar tufayli ham kengdir. Birgina kitobda shunday muhim ma’lumotlarning berilishi, har qanday o‘quvchini ham mamnun etishi aniq. Lug‘atdan nafaqat biror atama va tushunchalar mazmunini, balki shu bilan birgalikda bu sohaga oid muhim ma’lumotlar, ya’ni Milliy Internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar nomi, manzili, aloqa uchun telefonlarigacha berilgan. Bundan tashqari Jahon va Milliy hamdo‘stlik davlatlarida chop etiladigan Аxborot kommunikatsiya texnologiyalariga oid nashrlarining ro‘yxati, manzili, muloqot telefonlari, Domenlar turlari, АKT rivojlanishining asosiy tarixiy sanalari, АKT sohasida O‘zbekiston manzillari, Milliy АKT nashrlari va ularning manzillari, Jahon Internetda izlash tizimlari, MDH izlash tizimlari, pochta va chat shevasi, hattoki his-tuyg‘u alomatlarigacha mazkur lug‘atda jam qilingan.

Xullas, hozirgi kunda jahonda, jumladan, mamlakatimizda rivojlanib, taraqqiy etib borayotgan АKT izohli lug‘ati bu sohada qo‘yilgan muhim qadamdir.
Lug‘at o‘sib kelayotgan barkamol o‘quvchi yoshlarimiz, mamlakatimizda milliy dastur asosida tayyorlanayotgan kadrlarning yangi avlodlari umuman barcha qiziquvchi kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Ha, yana, bir muhim yangilik, mazkur lug‘at nafaqat qog‘ozli kitob shaklida, balki elektron lug‘at shaklida ham Internet saytida berilishi rejalashtirilgan.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing: