Infocom.uz

AKT va pedagogikaning dolzarb vazifalari

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari jumladan, quyidagi:
• har bir o‘quvchiga bilim olishda o‘z yo‘nalishini ta’minlovchi ochiq ta’lim tizimini shakllantirish;
• o‘quvchilarda tizimli fikrlashni shakllantirib, ta’lim jarayonini tashkil etishni tubdan o‘zgartirish;
• o‘quv-tarbiyaviy jarayon davomida o‘quvchilarning idrok etish faoliyatlarini samarali tashkil etish;
• kompyuterdan o‘quv jarayonini individuallashtirish maqsadida foydalanish va umuman yangi idrok etish vositalariga murojaat etish;
• juda katta yoki kichik tezlikda sodir bo‘ladigan fizik, kimyoviy, biologik jarayonlarni o‘rganishning qulay sharoitlarini taqdim etish;
• kompyuter grafikasi va modellashtirish vositalaridan foydalanish asosida mikro va makroolamdagi, murakkab texnik va biologik tizimlar ichidagi hodisalar va jarayonlarni o‘rganish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Ta’limning oddiy texnik vositalaridan farqli ravishda, AKT o‘quvchilarga ko‘p sonli tayyor, qat’iy tanlab olingan, tegishli ravishda tashkil etilgan bilimlarni taqdim etish bilan bir qatorda, o‘quvchilarning intellektual, ijodiy qobiliyatlarini, yangi bilimlarni mustaqil egallash, turli axborot manbalari bilan ishlash malakalarini rivojlantirishga imkon beradi. Elektron darsliklardan foydalanish quyidagi didaktik masalalarni hal etishga yordam beradi:
• fan bo‘yicha tayanch bilimlarni o‘zlashtirish;
• o‘zlashtirilgan bilimlarni tizimlashtirish;
• imtihon muhitiga psixologik tayyorlash;
• juda chalkash savollarga javob berishga o‘rgatish;
• AKT’dan foydalanib, o‘quv materiali bilan mustaqil ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish;
• o‘zini nazorat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish;
• umuman o‘qishga va fanni o‘zlashtirishga motivatsiyani shakllantirish;
• o‘quvchilarga o‘quv materiallari ustida mustaqil ishlashlarida o‘quv-metodik yordam ko‘rsatish;
• qulay ta’lim muhitini va axborot manbalarini mustaqil tanlash va izlash imkoniyatlarini ta’minlash, ya’ni o‘quvchini imtihonlarga qisqa vaqtlarda tayyorlash, shu jarayon davomida unda ko‘plab foydali umumta’lim ko‘nikmalarini shakllantirish.

Faoliyatning yangi turi, kompyuter bilan ishlashga qiziqish hisobiga ta’lim sifatini oshirish multimediya texnologiyalaridan foydalanish ustunliklaridan biri hisoblanadi. Fan bo‘yicha mashg‘ulotlarda kompyuterdan foydalanish mashg‘ulotni yanada ko‘rgazmali va qiziqarli qilib o‘quvchilarning faol va anglagan holda ish yuritishlarini tashkil etishning yangi metodi bo‘lib qolishi mumkin.

Fan bo‘yicha mashg‘ulotlarda AKT’dan foydalanish: o‘qituvchi va o‘quvchilarning faoliyatlarini jadallashtirishga imkon beradi; fanga o‘qitish sifatini oshirish; ko‘rgazmalilik tamoyilini hayotga amaliy tatbiq etib, obyektlarning muhim tomonlarini aks ettirish; o‘rganilayotgan obyektlar va tabiiy hodisalarning eng muhim xususiyatlarini (o‘quv maqsadlari va vazifalari nuqtai nazaridan) ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Fanlar bo‘yicha materiallarni eng samarali taqdim etish shakllariga multimediyali taqdimotlarni kiritish zarur. Ushbu ishni tashkil etish shakli o‘quv materialini algoritmik tartibda to‘la tizimlashtirilgan axborotlar bilan to‘ldirilgan yorqin tayanch namunalar tizimi sifatida taqdim etish imkonini beradi. Ushbu holatda o‘quvchilarning idrok etishning turli kanallari ishtirok etadi, bu esa axborotni o‘quvchi xotirasiga faqat faktografik emas, balki assotsiativ ko‘rinishda berilishiga imkon yaratadi.

O‘quv axborotlarini mana shunday taqdim etishdan maqsad — o‘quvchilarda xayoliy obrazlar tizimini shakllantirish hisoblanadi. O‘quv materialini multimediyali taqdimot ko‘rinishida berilishi o‘quv vaqtini qisqartiradi, bolalar salomatliklari resurslarini tejaydi. Bu o‘quvchilarning idrok etish faoliyatlarini mustaqil tashkil etishlari uchun juda yaxshi tarzda moslashgan elektron o‘quv ilovalari interfaolligi xususiyatlari hisobiga mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, printerdan dars materialini chop etish orqali qog‘oz nusxasiga aylantirish mumkin.

Darslarda multimediyali taqdimotlardan foydalanish o‘quv-tarbiyaviy jarayonni diqqat, xotira, fikrlash faoliyatini faollashtirib, psixologik aniq rejimlar, ta’lim va pedagogik o‘zaro munosabatlarni insonparvarlashtirish, yaxlitlik nuqtai nazaridan ta’lim jarayonini shakllantirish asosida qurishga imkon beradi. Mavzuni o‘rganishning har qanday bosqichida va darsning har qanday bosqichida multimediyali taqdimotlardan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Hozirgi davrda umumta’lim maktablari tizimiga ham internet ommaviy kirib kelmoqda. Barcha fanlar, shu jumladan, kimyo, fizika, biologiya fani bo‘yicha axborot resurslari soni ortib bormoqda. Internetdan ta’lim ja-rayonida samarali foydalanish mumkin bo‘lmoqda. O‘quv masalalarini qo‘yish mazmunida esa Internetga kirish o‘quv videofilmini ko‘rish yoki o‘quv sayohatlaridan katta farq qilmaydi. Internetga kirish aniq ssenariy asosida bo‘lmasligi foydali va samarali bo‘lmasligi mumkin. Shu bilan birga ssenariyda eng asosiysi, internet tarmog‘idan nima uchun foydaliniladi? — degan savolga yo‘naltirishdan iborat. U uch xil stsenariy mazmunini amalga oshirishga imkon beradi:

Birinchidan, qo‘shimcha o‘quv materialini topish, undan keyinchalik turli foydalanuvchilar tomonidan ko‘p martalab foydalanish madsadida axborotlarni yozib olish vazifasi qo‘yilishi mumkin. Misol uchun, biologiya fanini o‘rganishda zamonaviy metodlar va hayvonlarning yangi zotlarini va o‘simliklar navlarini yaratishlari sohasidagi olimlarning muvaffaqiyatlari haqidagi ma’lumotlarni topish topshirig‘i berilishi mumkin. O‘quvchilar Internetdan foydalanib, ushbu masala bo‘yicha ko‘plab juda qiziqarli qo‘shimcha axborotlarni topishlari mumkin.

Ikkinchidan, quyidagicha vazifani qo‘yish mumkin: umuman yangi axborotni izlab topish, uni ma’lum bo‘lgani bilan taqqoslash, ya’ni konstruktiv muloqotni yuzaga keltiruvchi muammoli vaziyatni yaratish. Bundan tashqari, ushbu material darsliklarda umuman mavjud emasligi sababli ham qimmatga ega. Muhokama qilish davomida o‘quvchilar muammoga nisbatan o‘z fikrlarini va o‘zlarining munosabatlarini ifoda etadilar.

Uchinchidan, avvaldan ifoda etilgan mavzu bo‘yicha sharhlar (tahliliy sharh, referat) tayyorlash vazifasi qo‘yilishi mumkin, bu o‘quvchining loyiha ishi kabi baholanishi mumkin. To‘plangan materiallarni o‘quvchilar multimediyali taqdimotlar ko‘rinishida tayyorlashlari mumkin.

Ta’limda axborot tarmoqlaridan foydalanish birdan-bir maqsad bo‘lib qolishi kerak emas. Aksincha, tarmoq resurslaridan biror axborotni idrok etish masalalarini hal etishda juda zarur bo‘lgandagina foydalanish kerak. Ularni qo‘llash ta’lim berish uslubini o‘zgartirishga imkon beradi: barcha axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari mavjud sharoitlarida faoliyat usullarini o‘zlashtirish bilan bilim olish demakdir. Internet resurslaridan foydalanish bilan ishlarni texnik jihatdan ikki usulda tashkil etish mumkin. Agar kompyuter tezlikda tarmoqqa kirishni ta’minlay oladigan bo‘lsa, o‘quvchilar on-line rejimida, ya’ni bevosita Internetga kirib ishlashlari mumkin. Biroq o‘qituvchi qiziqtirayotgan materiallardan foydalanish imkoni mavjudligini avvaldan tekshirishi zarur. Mazmunini qayta ishlab chiqilishi sababli vaqtinchalik serverlar va saytlardan foydalanish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Boshqa bir, yanada ishonchli varianti — internetdan vositali foydalanish usuli hisoblanadi. Darsga tayyorgarlik ko‘rishda mashg‘ulotlar uchun zarur bo‘lgan Web-sahifalarni maktab serverida alohida papkaga yoki bo‘lmasa, maktabning biror-bir kompyuter xotirasiga yozib olish mumkin. Bu ikkala holatda ham internet-resurslaridan foydalanish mashg‘ulotlar o‘tkazish darajasini, o‘quvchilarning bilimlari sifatini va ularning bilim olish motivatsiyalarini oshiradi.

O‘qituvchining o‘z bilimini mustaqil oshirishi va darslarga tayyorgarlik ko‘rishda tarmoqning boy resurslaridan foydalanish jamiyati juda kattaligini aytib o‘tish zarur. Shu bian birga, fanlar bo‘yicha maxsus saytlarga albatta kirish kerak, chunki ularda juda qiziqarli illyustratsiyalar bo‘lishi mumkin, ularni saqlab qolish va multimediyali taqdimotlarni yaratishda foydalanish mumkin.

Keyingi yillarda barcha maktab fanlari bo‘yicha axborot resurslari soni ancha oshdi. Adabiyot, tarix, fizika, kimyo, biologiya fani o‘qituvchisi o‘quvchilar tayyorlagan ko‘plab referatlardan foydali ko‘rgazmali materiallarni topishi mumkin. ziyonet.uz serveridan yoki izlash tizimlari orqali izlashni amalga oshirish mumkin. CD-disklar ishlab chiqaruvchilari mashhur firmalari serverlarida o‘quv fanlarini o‘qitishda foydalanish uchun yangi dasturiy mahsulotlar taqdim etilgan. Elektron darsliklardan ba’zilarini tarmoq diskiga yuklab olish va maktab tarmog‘i foydalanuvchilari barchasi uchun taqdim etish mumkin. Bu o‘quv materiallaridan bir vaqtda bir necha o‘quvchilar foydalanishlariga imkon beradi. Ular o‘z imkoniyatlari doirasida foydalanadilar.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim sohasida AKT’dan foydalanish dars samaradorligini oshirishni ta’minlashda ta’lim-tarbiya jarayonining barcha bosqichlarini jadallashtirish; o‘quvchini har tomonlama rivojlantirish; axborot jamiyati sharoitlarida maktab bitiruvchilarini hayotga tayyorlash; global axborotlashtirish jarayonlari sababli kelib chiquvchi ijtimoiy buyurtmani bajarish kabi vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top