Infocom.uz

Arm va avtomatlashtirilgan kutubxona

XX asr oxirlaridan yuz bera boshlagan “axborot inqilobi” kutubxonalar faoliyatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu ta’sir natijasida kutubxonalar borgan sari ko‘proq zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlanib, axborot resurslari markazlariga aylanib bormoqda. Kutubxonalarda xizmat ko‘rsatish turlari ham keskin kengaydi: Internet tarmog‘idan foydalanish, axborot-tahliliy materiallarni jamlab berish, kutubxona kataloglarining elektron ko‘rinishi va to‘liq matnli ma’lumotlar bazalarini kitobxonlarga taqdim etish shular jumlasidandir.

Kerakli axborotni olish uchun yangi axborot texnologiyalaridan foydalanilganda manbalarni qidirib topish imkoniyati yuz martalab oshadi. Telekommunikatsiya vositalarini qo‘llash esa axborot manbaining qanday masofada turganidan qat’iy nazar unga tezkorlik bilan ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Bu yerda gap kutubxonalarda avtomatlashtirish va tashkiliy-texnika vositalarini qo‘llash orqali ularni axborot resurslari markazlariga aylantirish haqida bormoqda. Bunday yangi turdagi kutubxonalar “elektron kutubxona”, “virtual kutubxona” singari nomlar bilan atalmoqda.

Avtomatlashtirilgan kutubxona (AK)- bu shunday kutubxonaki, uning funksiyasi, ayniqsa, kutubxona axborot xizmati asosan avtomatlashtirish (kompyuterlar, serverlar, tashkiliy-texnika vositalari, dasturiy komplekslar) va telekommunikatsiya vositalari yordamida amalga oshiriladi. Zamonaviy AK yaratish murakkab va serxarajat tadbirdir. U yuqori malakali kasb egalari: dastur tuzuvchilar, tizimchi texniklarni jalb qilishni, kutubxonachilarni qayta tayyorlashni taqozo etadi. Kutubxonalarni avtomatlashtirishning ixcham tarixi, avtomatlashtirilgan kutubxona tarkibi va uni tashkil etuvchi omillari, zamonaviy xalqaro formatlar, loyihalar tuzish uchun ishlab chiqilgan yo‘l-yo‘riqlar muhim ahamiyat kashf etadi.

Avtomatlashtirilgan kutubxonada foydalaniladigan texnik va dasturiy vositalar (kompyuterlar tiplari va modellari, kutubxona axborot tizimlari) ARMning tarkibiy qismidir. ARM uchun hisoblash texnikasi, dasturiy va axborot ta’minotini tanlashdek murakkab masalalar mavjuddir. Kutubxona formatlari, maxsus dasturlar va texnika vositalariga bag‘ishlangan maxsus adabiyotlar keng ko‘lamda chop etilgan.

Kutubxonalarni avtomatlashtirish holati. Avtomatlashtirilgan kutubxona (AK) tizimlarining rivoji axborot texnologiyalarining umumiy rivojini o‘zida to‘liq aks ettiradi. Kompyuter bajaradigan ishi va tarkibiga ko‘ra odatdagi kutubxonaga juda o‘xshab ketadi. Kompyuter texnologiyasida ishlatiladigan ba’zi bir atamalar, masalan: “boshlang‘ich modullar kutubxonasi”, “katalog”, “yuklanadigan modullar kutubxonasi” kabilar shular jumlasidandir. Shaxsiy kompyuter orqali iste’molchiga xizmat ko‘rsatish jarayoni ham kitobxonlarga kutubxonada ko‘rsatilayotgan xizmatga o‘xshab ketadi. Katalogdan ma’lumotlar qidirish, ma’lumotlarni saqlash jarayoni, kataloglashtirish parametrlarini tasniflash va boshqalar bir-biriga o‘xshash. Bularning hammasi kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish mumkinligini ko‘rsatadi. Ya’ni kutubxonadagi asosiy jarayonlar: ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, ishlov berish, qidirish va uzatishni to‘liq avtomatlashtirish mumkin.

Kutubxonalarni avtomatlashtirish usullari joriy qilinmasdan avval ular faqat o‘zlarining kitobxonlariga xizmat qilganlar. Aniq bir kutubxonaga a’zo bo‘lgan kitobxon faqat shu kutubxona axborot resursidan foydalana olgan, mazkur kutubxonada bo‘lmagan axborot resursidan faqat “kutubxonalararo abonement” orqali foydalanish mumkin bo‘lgan. Ammo har qanday nashrni ham “kutubxonalararo abonement” orqali jo‘natish oson ish emas. Nashrni bunday jo‘natish vaqt va mablag‘ talab qiladi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda yana bir cheklash bor edi: kutubxonalar kitobxonlarga nashrlarni faqat odatdagi holatda (masalan: kitob shaklida) berishlari mumkin edi. Kutubxonalarda kompyuterlardan va Internetdan foydalanish yangi imkoniyatlarni yaratadi. Bu esa o‘z navbatida turli fizik tashuvchilardan (magnitli tasmalar, disklar, SD-ROMlar va boshqalardan) foydalangan holda elektron hujjatlarning keng tarqalishiga olib keldi. Bunda masofadan turib axborot olish va axborot uzatishning roli beqiyosdir.

Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy shakllarini o‘zlashtira borgan kutubxonalar o‘z kuchlarini elektron hujjatlar va Internet resurslaridan foydalanishga yo‘naltirdilar. Bunday maqsadga erishish uchun bir qator huquqiy va texnologik masalalarni yechish va kutubxona ishi konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish zarur edi. Elektron kutubxona yaratuvchilarga shu narsa aniq bo‘lib qoldiki, maqsadga erishish uchun manfaatdor tomonlar kuchlarini birlashtirish zarur ekan. Natijada elektron kutubxonalar yaratish ishiga dastlab alohida tashkilotlar kirishgan bo‘lsa, so‘ngra bu ish milliy va xalqaro darajadagi ishga aylandi.

Kutubxonalarni avtomatlashtirishga dastlab XX asrning 60-yillari o‘rtalaridan kirishildi. Kompyuterlarni kutubxonalar ishiga tatbiq qilish bibliografik ma’lumotlar bazasi va kutubxona kataloglarini yaratishdan boshlandi. Bu ishlar maxsus EHM lar asosida bajarildi. Mashina o‘qiy oladigan (MARC) kataloglarni va yagona kataloglar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha dastlabki natijalar olindi. O‘tgan asr 70-yillari kompyuterlarni aloqa kanallari orqali yagona tarmoqqa bog‘lash imkoni yaratildi. Bu esa o‘z navbatida, bir kompyuterdagi bibliografik ma’lumotlar bazasidan ikkinchi kompyuter orqali foydalanishga sharoit tug‘dirdi.

1980 yillarda shaxsiy kompyuterlarning paydo bo‘lishi bilan kutubxona tizimlarini yaratish va ularni keng tatbiq qilish real bo‘lib qoldi. 1967 yilda AQSh dagi Ogayo shtati kollejlari va universitetlari rahbarlarining tashabbusi bilan Ogayo kollejlari kutubxona markazi- Ohio College Library Center (OCLC) tashkil qilindi. Bundan maqsad -akademik universitetlarning kompyuter tizimlarini rivojlantirib, bibliografik resurslarni o‘zaro almashtirishga imkon yaratish edi. OCLC ning birinchi idorasi Ogayo Davlat universitetining Bosh kutubxonasida, birinchi kompyuterlashtirilgan zal esa mazkur universitet tadqiqotlar markazida tashkil qilindi. OSLC va uning boshqa universitetlar bilan hamkorligi tezda rivojlandi. 1981 yilda korporatsiyaning rasmiy nomi OCLC – to‘g‘ri murojaat qiluvchi kutubxona markazi (Online Computer Library Center Inc) deb o‘zgartirildi.

Bugungi kunda OCLC 63 mamlakatdagi 23000 kutubxonaga xizmat qiladi. Elektron kutubxona g‘oyasi jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi universitetlar va yirik kutubxonalarda u yoki bu yo‘sinda tatbiq qilinmoqda. Masalan, yangi texnologiyalarni tatbiq qilish agentligi, Parlament milliy kutubxonasi, bir qator vazirliklar, 20 dan ortiq kutubxona va madaniy markazlar o‘z kuchlarini birlashtirib, “XXI asr kutubxonasi”ni yaratishga kirishganlar.

Bir necha yil avval AQSh kongressi kutubxonasi elektron kutubxona yaratish milliy dasturini amalga oshira boshladi. 1994 yildan boshlab, AQShda NSF, DARPA va NASA tashabbusi bilan Digital Libraries initiative (DLI) elektron kutubxonalar bo‘yicha tadqiqot dasturi ish boshladi. Mazkur dastur rivojining 2-bosqichida, ya’ni 1998 yildan boshlab, u yagona tarmoqlararo dasturga birlashtirildi. Bu dasturga milliy tibbiyot kutubxonasi, AQSh statistika agentligi, Milliy gumanitar fond, AQSh milliy arxivi va boshqa federal agentliklar qo‘shildi.

1995 yildan boshlab, Buyuk Britaniya milliy dasturi – ELIB amalga oshirildi. Bir qator mamlakatlar (Kanada, Germaniya va boshqalar)da yaratilgan elektron kutubxonalar tashkil etishga oid tarqoq loyihalar milliy va xalqaro loyihalarga aylana boshladi. Elektron kutubxonalar yaratish va ulardan foydalanishni maqsad qilgan bir qator loyihalar KES (Yevropa hamjamiyatining 4-dasturi) dasturi doirasida amalga oshirildi. Bugungi kunda elektron kutubxonalar yaratish va ulardan foydalanish “Informatsion jamiyat texnologiyalari” dasturi doirasida KES dasturiga kiritilgan. AQSh da o‘tgan asr 80-yillarda elektron kutubxonalar (EK) yaratish bo‘yicha ish boshlangan bo‘lsa, bu ishga Buyuk Britaniyada 1990 yil boshlarida kirishildi.

Odatda bunday ishlar loyihalarni amalga oshiruvchi kichik guruhlar tomonidan bajarilib, keyinchalik milliy dasturlar va xalqaro loyihalar darajasiga ko‘tariladi. Bunga misol sifatida “Katta yettilik” mamlakatlari tomonidan yaratish mo‘ljallanayotgan EK ni keltirish mumkin. Bu loyihada qatnashish uchun Rossiya ham taklif etilgan. AQSh dagi “DLI”, Buyuk Britaniyadagi “ELIB” loyihalari ham bunga misol bo‘la oladi. Germaniyada esa “CLOBAL-INFO” elektron kutubxona yaratishga kirishilgan. Yuqorida keltirilgan loyihalar davlat tomonidan yetarlicha moliyaviy ta’minotga egadir. Bu mamlakatlarda EK yaratish muammolarini yechish uchun turli investitsiyalar faol jalb qilinmoqda, jumladan, turli fondlar, manfaatdor xususiy kompaniyalar, xayriya tashkilotlari, alohida homiy shaxslar mablag‘lari bu ishga yo‘naltirilmoqda.

Rossiyada ham EK yaratish bo‘yicha tajribalar yetarli. 1995 yildan boshlab elektron resurslar va ularning dasturiy-texnik ta’minotini yaratish bilan bog‘liq loyihalar (jumladan, Internet orqali) amalga oshirila boshlandi. Bu loyihalar bir qator davlat ilmiy-texnik dasturlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Masalan, “Fan va texnika bo‘yicha federal informatsion fond”, “Rossiyani axborotlashtirish” dasturi. Rossiya Fan vazirligining maqsadli ilmiy-texnika dasturi “Fan va oliy maktab uchun milliy kompyuter tarmoqlari telekommunikatsiyasi” loyihasi qo‘llab – quvvatlanmoqda. 1998 yili Rossiya fundamental tadqiqotlar fondi (RFTF) va Rossiya texnologik rivojlanish fondi (RTRF) tanlov e’lon qildi. Uning natijasiga ko‘ra EK muammolarini yechish bo‘yicha loyihalar moliyalashtirila boshlandi. “Rossiya elektron kutubxonalari” tarmoqlararo dasturini amalga oshirish to‘g‘risida ham bir qator yechimlar bor. Mazkur dastur bu sohadagi boshqa loyihalar va dasturlar bilan birgalikda elektron informatsion resurslar yig‘ish, saqlash va ulardan samarali foydalanishga mo‘ljallangan. EK yaratishga yo‘naltirilgan xalqaro loyihalardan biri-“BIBLIOTHECA UNIVERSALIS” hisoblanadi, bu loyiha bo‘yicha EK larning global tarmog‘ini yaratish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyiha “Katta yettilik” mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan ikki loyihaning biridir. 1995 yilda boshlangan bu loyiha ishida quyidagi mamlakatlar ishtirok etmoqda:

Fransiyadan – Fransiya madaniyat vazirligi va Fransiya milliy kutubxonasi,
Yaponiyadan -Yaponiya milliy kutubxonasi,
AQSh dan – Kongress kutubxonasi,
Buyuk Britaniyadan – Britaniya kutubxonasi,
Germaniyadan – Germaniya kutubxonasi,
Kanadadan – Kanada milliy kutubxonasi,
Italiyadan -Davlat kutubxonasi.

Elektron kutubxonalar yaratishda AQSh dagi kutubxonalar va axborot markazlari ayniqsa, faollik ko‘rsatmoqda. Loyihalar ichida salmoqlisi AQSh Kongressi kutubxonasi tomonidan amalga oshirilgan, 1995 yilda 15 ta yirik universitet kutubxonasini birlashtirgan Milliy elektron kutubxonalar federatsiyasi (NDLF) loyihasi Milliy kutubxona va Amerika xotirasi loyihalari hisoblanadi. AQShda bu sohada olib borilayotgan ishlar boshqa mamlakatlarda ham shu yo‘nalishdagi tashabbuslar rivojiga turtki bo‘ldi. Shuning uchun ham ular o‘zlarining loyihalarida amerikalik kasbdoshlari tajribasiga ko‘proq tayanishlari tasodifiy emas.

1993 yili Avstraliya arxivlari, Avstraliya kutubxonalar kengashi, Axborot xizmatlarini saqlash bo‘yicha milliy agentlik va Tovushli kino bo‘yicha milliy arxiv hamkorlikda elektron materiallar ishlanmalari yaratishga tavsiyalar beruvchi ishchi organ tuzdilar. Bu sohadagi ishlar Avstraliya federatsiyasining 100 yillik yubileyiga mo‘ljallangan “2001 yildagi Federasiyaga yuzma yuz” dasturiga kiritildi. 1995 yildan boshlab, bu ishchi organ AQSh ning “Hujjatlarning saqlanishi va ulardan foydalanish bo‘yicha kompaniya” ishchi guruhi (SRA) va Ilmiy kutubxonalar guruhi (RLG) ishlaridan samarali foydalana boshladi. Hozirgi paytda bu ishchi organ “Elektron axborotlarni arxivlashtiruvchi ishchi guruhi” deb nom oldi.

Yevropada Yevropa kengashi tomonidan juda ko‘p milliy va xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovordir. Bunda, ehtimol Buyuk Britaniyaning ancha oldinga ketganligi bois bo‘lsa kerak, uning ELIB dasturi doirasiga 60 dan ortiq loyiha qamrab olingan.

O‘zbekistonda kutubxonalarni avtomatlashtirish ishlari 90-yillarning o‘rtalarida “Axborotlashtirish haqida” qonun va Milliy ilmiy-texnik axborotlar tarmog‘i yaratish bo‘yicha dastur qabul qilinishi bilan boshlandi. Kutubxonalarni avtomatlashtirish ishlari O‘zbekiston Respublikasi fan va texnika davlat qo‘mitasi hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qo‘llab- quvvatlangan. Shundan so‘ng elektron kutubxonalar va kutubxona konsorsiumlari yaratish bo‘yicha dastlabki qadamlar qo‘yildi. Fanlar akademiyasining Asosiy kutubxonasida birinchi elektron kutubxona ishga tushirildi. Namunaviy avtomatlashtirilgan kutubxona loyihasi ochiq jamiyat instituti ko‘mak jamg‘armasining granti asosida amalga oshirildi. Mazkur loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad:

• kutubxona faoliyati bilan bog‘liq axborotlarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlashning barcha funksiyalarini namoyish etish va o‘rgatish;
• kutubxonachilarni avtomatlashtirilgan kutubxonada ishlashga o‘rgatish uchun sharoit yaratish.

Fanlar akademiyasining asosiy kutubxonasi EIFL Direct Project xalqaro loyihasi bo‘yicha ochiq Jamiyat instituti ko‘mak jamg‘armasi orqali AQShdagi EBSCO Publishing kompaniyasining elektron ma’lumotlar bazasini oldi. Bu ma’lumotlar bazasida 3500 dan ortiq nomdagi yetakchi davriy nashrlarning annotatsiyali bibliografiyasi va to‘la matnli materiallari mavjud. EBSCO, ma’lumotlar bazasidan tashqari axborotlarni Internet va SD disklardan qidirish imkonini beruvchi zamonaviy axborot qidiruv tizimi ELFL- Directni ham taqdim qiladi. Bu esa mutaxassislarga fan, madaniyat, tibbiyot va tijorat sohasida jahonda erishilayotgan yutuqlar haqidagi ma’lumotlarni tezkorlik bilan olishlariga imkoniyat yaratadi. 2001 yilda O‘zbekistondagi 84 kutubxona EBSCO Publishing kompaniyasining elektron ma’lumotlar bazasiga obuna bo‘ldi. O‘zbekistonda Respublika axborot infrastrukturasini rivojlantirishning istiqboldagi boshqa rejalari bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Yetakchi vazirliklar va xalqaro fondlar kuchlarini birlashtiruvchi UzREN loyihasi Internet resurslaridan foydalanishni arzonlashtiradi va ayni paytda kutubxonalar o‘z elektron resurslarini faollik bilan xalqaro tarmoqlar orqali jahon axborot resurslariga taqdim qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘RO va O‘MTVning 2006 yil 29 dekabrdagi “Axborot-resurs markazlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i va ushbu buyruq asosida ishlab chiqilgan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari to‘g‘risida namunaviy nizomi respublikamizda axborot-resurs markazlarini tashkil etish va rivojlantirishda dasturi amal bo‘lib xisoblanadi.

Quyida eslatib o‘tilgan nizomda aks ettirilgan umumiy qoidalar, ARM larning asosiy vazifalari, asosiy funksiyalari, huquq va majburiyatlarini keltirib o‘tamiz:

1. Umumiy qoidalar
1.1. Axborot-resurs markazi (keyingi o‘rinlarda ARM deb ataladi) ta’lim muassasasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi 2006 yil 20 iyundagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.
1.2. ARM ta’lim muassasasi rahbariyatiga bo‘ysunadi.
1.3. ARM ta’lim muassasasi tomonidan uning tarkibiy bo‘linmasi sifatida mablag‘ bilan ta’minlanadi.
1.4. ARM o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, ta’lim muassasalari boshqaruv organlarining qarorlari, buyruqlari va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlariga, ta’lim muassasasi nizomiga, ta’lim muassasasi rahbariyatining buyruqlari va farmoyishlariga, ichki tartib qoidalariga amal qiladi.
1.5.ARM o‘z faoliyati bilan aholi barcha qatlamlarining axborot resurslari va kutubxona fondidan erkin foydalanish huquqini ta’minlaydi.
1.6.Axborot-resurslari va kutubxona fondidan foydalanish tartibi, asosiy xizmatlar ro‘yxati, ularni ko‘rsatish shartlari, foydalanuvchilarning huquqlari va javobgarligi ARMdan foydalanish qoidalarida belgilanadi.
1.7. ARMlariga umumiy tashkiliy-metodik rahbarlik, ularning ishlarini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash idoraviy va hududiy metodik markazlar tizimi orqali: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi -respublika metodik markazi, Idoralararo kengashning ishchi organi orqali;
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning ilmiy kutubxonasi -Oliy ta’lim muassasalari ARMlarining metodik markazi orqali;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlari – mintaqaviy metodik markazlar orqali amalga oshiriladi.

2. Asosiy vazifalari
2.1. Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda foydalanuvchilarning muntazam ta’lim olishiga va mustaqil ravishda ta’lim olishiga ko‘maklashish.
2.2. Milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish va xalqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand bo‘lishni ta’minlash, ma’naviy boy va barkamol shaxsning ijodiy o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratish.
2.3. Axborotlarga bo‘lgan talablarga muvofiq va ARM ma’lumotlar qidirish apparati tizimi orqali har qanday fondlardan keng foydalangan holda yangi axborot texnologiyalari (ma’lumotlarning elektron bazalari, Internet resurslari) asosida aholiga zarur darajada axborot xizmati ko‘rsatish.
2.4. Axborot madaniyatini tarbiyalash, foydalanuvchilarni axborotlar qidirishning zamonaviy uslublariga o‘qitish.
2.5. Axborot jarayonlarining zamonaviy texnologiyalarini va kompyuterlashtirishni joriy etish asosida ishlarni takomillashtirish.
2.6. Ta’lim muassasasi sohasiga va foydalanuvchilarning axborotlarga bo‘lgan ehtiyojlariga muvofiq ARM fondini shakllantirish. Ma’lumotlar qidirish apparatini, ma’lumotlar bazalarini, kataloglar va kartotekalarni tashkil etish va yuritish.
2.7. Madaniy, ta’lim, axborot va boshqa dasturlar, loyihalar, aksiyalarni birgalikda amalga oshirish, shuningdek, foydalanuvchilarning hujjatlarga va axborotlarga ehtiyojlarini yanada to‘liq qondirish uchun ARMlar, axborot-kutubxona markazlari (AKMlar), ta’lim muassasalari, o‘zini – o‘zi boshqarish organlari, ijtimoiy ta’minot xizmatlari, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikni, faoliyatni muvofiqlashtirish va kooperatsiyalashni rivojlantirish.
2.8. ARM xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish, texnik jihozlash, axborot jarayonlarini kompyuterlashtirish asosida xizmatning sifatini oshirish.
2.9. Rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, tahlil qilish va sohani rivojlantirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borish.

3. Asosiy funksiyalari
3.1. O‘quv zallarida, abonementlarda hamda yagona kitobxon bileti bo‘yicha kitoblar berishning boshqa punktlarida, yakka tartibda va guruhlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish metodlarini qo‘llagan holda, foydalanuvchilarga tabaqalashtirilgan xizmat ko‘rsatishni tashkil etadi.
3.2. O‘quv yurti kafedralarida, o‘quv markazlarida, laboratoriyalarida shakllantirilgan elektron axborot resurslarini to‘plash, tizimlash, kataloglashtirishni amalga oshiradi. Elektron kataloglashtirish bibliografik axborotni taqdim etish va uzatishning xalqaro formatlari (MAKS formatlari) talablariga qat’iy muvofiq holda olib boriladi. ARMda ma’lumotlarning original tematik bazalarini yaratish yo‘li bilan ta’lim muassasalarining axborot resurslarini shakllantirishi mumkin.
3.3. ARM foydalanuvchilarni asosiy axborot xizmatlari bilan bepul ta’minlaydi:
• kataloglar, kartotekalar tizimi va axborotlar berishning boshqa shakllari orqali ARM fondi tarkibi to‘g‘risida to‘liq axborot beradi;
• matbaa asarlari va boshqa hujjatlarni qidirish va tanlashda maslahat yordami ko‘rsatadi;
• ARM fondlaridan hujjatlarni vaqtincha foydalanish uchun beradi;
• ta’lim muassasasining ilmiy va o‘quv ishlariga yordam sifatida bibliografik
• ko‘rsatkichlar, adabiyotlar ro‘yxatlari tuzadi; tematik, adresli va boshqa bibliografik ma’lumotlar beradi;
• bibliografik sharhlar o‘tkazadi; kitob ko‘rgazmalari tashkil qiladi;
• foydalanuvchilar, rahbariyat, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va aspirantlarning axborotlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi, o‘rganadi va muntazam ravishda aniqlashtirib boradi.

3.4. ARM foydalanuvchilarga boshqa xizmatlar, shu jumladan, ro‘yxati ARMdan foydalanish qoidalarida belgilanadigan pulli xizmatlar ko‘rsatadi. Kichik va o‘rta biznes korxonalariga, uyushmalar va boshqa tashkilotlarga shartnomalar bo‘yicha kutubxona-axborot xizmati o‘rsatishni tashkil qiladi. Kitobxonlarga kutubxonalararo abonement bo‘yicha, shu jumladan, elektron pochtadan foydalangan holda xizmat ko‘rsatadi.
3.5. ARM axborotlarni qidirib topish, ularni mustaqil ta’lim olishda, o‘quv jarayonida va ilmiy ishlarda qo‘llash, ARMning ma’lumotnoma-bibliografik apparatiga, axborot tizimlariga va ma’lumotlar bazalariga tayanish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
3.6. Foydalanuvchilar uchun informatika va bibliografiya asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil qiladi.
3.7. Mintaqaning boshqa ARMlari bilan muvofiqlashtirilgan holda aholining axborotlarga bo‘lgan talablari, shuningdek, ta’lim, kasb – hunar dasturlari, o‘quv rejalari hamda ilmiy tadqiqotlar tematikalariga muvofiq fondning jamlanishini ta’minlaydi. O‘quv, ilmiy, davriy, ma’lumotnoma, badiiy adabiyotlar va boshqa turdagi nashrlarni sotib oladi.
3.8. Fondlarni jamlash manbalarini mustaqil ravishda belgilaydi. ARMlar hamda respublikadagi boshqa muassasa va tashkilotlar bilan kitoblar va elektron resurslar ayirboshlashni, shuningdek, zaruriyatga ko‘ra xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari va tashkilotlari bilan xalqaro kitoblar va elektron resurslar ayirboshlashni amalga oshiradi.
3.9. Fondlarni jamlash rejalariga tuzatishlar kiritish, ta’lim muassasalari uchun adabiyotlar chiqarishni rejalashtirish hamda foydalanuvchilarning va fondlar tarkibining axborotlarga bo‘lgan ehtiyojlariga muvofiqlashtirish maqsadida kitobxonlar talabi qondirilishi darajasini o‘rganadi. Barcha toifadagi foydalanuvchilarning o‘quv va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan ta’minlanganligini tahlil qiladi. Ilg‘or axborot-kutubxona va elektron axborot resurs texnologiyasini, tadqiqot ishlari natijalarini joriy etadi. Foydalanuvchilar qiziqishlarini o‘rganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazadi.
3.10. Fondlarni hisobga olish va joylashtirishni amalga oshiradi, ularning saqlanganligini, saqlash rejimini, hujjatlar nusxasini olishni va mikrofilmga hamda elektron formatga ko‘chirishni ta’minlaydi.
3.11. Hujjatlarni chiqarib tashlashning ta’lim muassasasi rahbariyati bilan kelishilgan tartibiga, amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq hujjatlarni ARM fondidan chiqaradi. Sohaga oid bo‘lmagan va ortiqcha, o‘xshash adabiyotlarni qayta taqsimlashni amalga oshiradi. Kitoblarni belgilangan tartibda aholiga sotishni tashkil qiladi.
3.12. Fondlarni ko‘p sohali bibliografik aks ettirish yordamida an’anaviy va elektron manbalarda kataloglar va kartotekalar tizimini yuritadi.
3.13. Foydalanuvchilarga avtomatlashtirilgan rejimda tezkorlik bilan turli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradigan respublika yig‘ma kataloglarini, shu jumladan, elektron kataloglarni tuzishda qatnashadi.
3.14. Boshqa ARMlar, kafedralar, ilmiy jamiyatlar, ta’lim muassasalarining jamoat tashkilotlari, respublika ARMlari bilan ijodiy va axborot aloqalarini rivojlantiradi.
3.15. Kutubxonalar, arxivlar, ma’lumotlarning axborot bazalariga ega bo‘lgan boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan amaldagi qonun hujjatlariga, davlat dasturlariga, shuningdek, muassasalar va tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq o‘zaro hamkorlik qiladi.

4. ARMlarning huquq va majburiyatlari
4.1. ARM quyidagi huquqlarga ega:
• Nizomda ko‘rsatilgan maqsadlar va vazifalarga muvofiq o‘z faoliyatining mazmun va shakllarini mustaqil ravishda belgilash;
• ARM tuzilmasini, shtat ro‘yxatini va undan foydalanish qoidalarini ishlab chiqish hamda ularni ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlash;
• markazga berilgan mablag‘larni tasarruf etish;
• yagona tarif setkasi asosida, mehnatga haq to‘lash fondi doirasida lavozim maoshlarini;
• lavozim maoshlariga ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlarni; xodimlarni mukofotlash tartibi va miqdorlarini belgilash;
• ARMdan foydalanish qoidalariga muvofiq, foydalanuvchilar tomonidan ARMga yetkazilgan zararni undirish turlari va miqdorlarini belgilash;
• yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar asosida ARM fondidan foydalanish shartlarini belgilash;
• ta’lim muassasasining ta’lim-kasb-hunar dasturlari, o‘quv rejalari, ilmiy-tadqiqot ishlari tematikasi bilan tanishish, uning tarkibiy bo‘linmalaridan ARM oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni olish;
• turli muassasalarda, tashkilotlarda ta’lim muassasasi nomidan vakillik qilish, kutubxona va axborot-bibliografik faoliyat masalalari bo‘yicha ilmiy konferensiyalar, yig‘ilishlar va seminarlar ishida bevosita qatnashish;
• boshqa ARMlar, kutubxonalar, tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalar olib borish;
• amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot-kutubxona birlashmalariga kirish;
• axborot-kutubxona ishini rivojlantirishning davlat va mintaqaviy dasturlarini amalga oshirishda tanlov yoki boshqa asosda qatnashish;
• xorijiy davlatlarning ARMlari, kutubxonalari hamda boshqa muassasa va tashkilotlari bilan belgilangan tartibda hamkorlikni amalga oshirish, shu jumladan, zaruriyatga ko‘ra xalqaro kitoblar ayirboshlashni yuritish, belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lib kirish, xalqaro kutubxonachilik va boshqa dasturlarni amalga oshirishda qatnashish.

4.2. ARM fondlarning saqlanishi uchun javob beradi.
4.3. Ta’lim muassasasi ARM o‘zining vakolatiga taalluqli funksiyalarning bajarilmagani uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4.4. Axborot fondlariga zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan ARM xodimlari amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javob beradilar.
4.5. ARM xodimlarining mehnat munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi. Avtomatlashtirilgan kutubxona tarkibi. Har qanday kutubxona muassasa sifatida aniq bo‘limlardan tashkil topadi. Har bir bo‘lim bajaradigan ishlar avvaldan belgilab qo‘yiladi. Bunda kutubxonaning bosh maqsadi kitobxonlarga kerakli adabiyotlarni berish va axborot xizmati ko‘rsatishdir. Agarda bu ishlardan biri bajarilmasa yoki chala bajarilsa, ish sifati pasayib ketadi, kutubxonachilarning faoliyat ko‘rsatishi qiyinlashadi, kitobxonlar esa kerakli axborotlarni tezda ololmaydilar. Zarur xizmat turlaridan ham foydalana olishmaydi. Demak, kutubxona faoliyatining samaradorligi uning tarkibidagi bo‘limlarda ishning to‘g‘ri taqsimlanishiga bog‘liq ekan.

Avtomatlashtirilgan kutubxona (AK)-bu kutubxona ishini tashkil etishning ilg‘or shakli hisoblanadi. AK xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirib, kitobxonlarga tezkorlik bilan xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi. Xizmati har qanday tizim shunday qismlardan iboratki, ularsiz tizim faoliyat ko‘rsata olmaydi. Agarda tizim qismlaridan biri bo‘lmasa yoki qoniqarsiz ishlasa, u holda tizim o‘z oldiga qo‘yilgan bosh vazifani bajara olmaydi. Xo‘sh, AK tizimining qismlari yoki uni tashkil etuvchilari nimalardan iborat? Tizim faoliyatini ta’minlab turuvchi quyidagi qismlarni ajratib ko‘rsatish mumkin: Til ta’minoti -AK da ishlatiladigan til vositalari majmui. TT o‘z ichiga atamalar, tushunchalar, yuqori darajadagi tillarni, kodlashtirish tillarini va bibliografik axborot tavsifini oladi. Axborot ta’minoti – axborot massivlari majmui, bibliografik axborotlar tasnifi va kodlashtirish, bibliografik formatlar, ma’lumotlar bazasi. Axborot va til ta’minotini bir-biridan ajratish mumkin emas. Bu ikkalasini axborot til ta’minoti sifatida birlashtirish mumkin.

Texnik ta’minot – kutubxona jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirishga mo‘ljallangan texnik vositalar (shaxsiy kompyuterlar, orgtexnika, serverlar, printerlar va h.k.) majmui. Kutubxonaning texnik ta’minoti o‘z ichiga texnik vositalar kompleksi (EHM, tashqi qurilmalar, terminallar, abonent punktlari, aloqa vositalari)ni oladi. Bu vositalar yordamida kutubxonada axborotlar yig‘iladi, saqlanadi, qayta ishlanadi, qidiriladi va uzatiladi. Bulardan tashqari, adabiyotlarni jo‘natish va qabul qilishga mo‘ljallangan texnik qurilmalar ham texnik ta’minot tarkibiga kiradi. Tashkiliy ta’minot – AK ning tashkiliy tuzilishi va lavozimlar uchun yo‘riqnomalar majmuini o‘z ichiga olgan va kutubxonani bir maromda ishlashi uchun lozim bo‘lgan farmoyish va boshqa rasmiy hujjatlardir.

Kutubxona tashkiliy tuzilmasi undagi turli bo‘limlarning faoliyatini (bir-biri bilan aloqasini) tartibga soladi. Bu esa AK tashkiliy masalalarni samarali hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. Kutubxonada avtomatlashtirish vositalari paydo bo‘lishi bilan u yerda yangi (avtomatlashtirish, elektron kataloglashtirish, kompyuterlashtirilgan zallarda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish va h.k.) bo‘limlar tashkil etiladi. Demak, kutubxona tashkiliy tarkibi o‘zgaradi. Kutubxona eng zamonaviy texnika vositalariga ega bo‘lishi, ammo mehnat to‘g‘ri tashkil etilmasa, bu texnika vositalarining asosiy funksiyalari bajarilmasligi mumkin. Bunday holda texnika vositalarining unumdorligi kutilganidan past bo‘ladi.

Kadrlar ta’minoti – AK faoliyatini yurituvchi xodimlar majmui, kadrlar malakasini turli ta’minot ko‘rinishlari (texnikaviy, axborot va dasturiy ta’minotlar)ga mos ravishda saqlab turishga mo‘ljallangan tadbirlar. Kadrlar ta’minoti yana kutubxonachilar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, AK dan foydalanishning zamonaviy usullarini o‘qitishni ham o‘z ichiga oladi. Kadrlar ta’minoti tashkiliy ta’minotning muhim qismidir. Kutubxonalarni avtomatlashtirish kutubxonachilar xizmat vazifalari yo‘riqnomalariga jiddiy tuzatishlar kiritish va kadrlar malakasini yangi texnologiyalar asosida oshirishni talab qiladi. Kadrlar ta’minoti o‘z xodimlaridan AK talablari va ehtiyojlari asosida ta’lim olishni taqozo qiladi.

Uslubiy va huquqiy ta’minot – AK faoliyati uchun zarur uslubiy ko‘rsatmalar, huquqiy va me’yoriy hujjatlar majmuidir. AK ning bu ta’minoti faoliyatini huquqiy jihatdan belgilab beradi. Uslubiy va huquqiy ta’minot kutubxonalar va unga yaqin sohalar (axborot texnologiyalari, Internet, elektron resurslar, axborotga ega bo‘lish huquqi va boshqalar)ni rivojlantirishga mo‘ljallangan hukumat qarorlarini o‘z ichiga oladi. Bu qonunlar jumlasiga: “Kutubxonalar to‘g‘risida”gi yoki “Kutubxonachilik ishi to‘g‘risida”gi qonun, “Majburiy nusxa to‘g‘risida”gi qonun, “Elektron kutubxonalarni rivojlantirish dasturi”, “Ma’lumotlar bazasi va dasturlar bo‘yicha mualliflik huquqi himoyasi to‘g‘risida”gi qonun va boshqalar kiradi. Dasturiy ta’minot – kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan dasturiy vositalar majmui. Bunga AK tizimini tashkil qiluvchi dasturlar kiradi, ya’ni axborot qidiruv tizimi, shtrix kodlash tizimi. Iqtisodiy ta’minot – AKni moliyalashtiruvchi vositalar majmui. Bunga davlat tashkilotlaridan olinadigan mablag‘lar, davlat dasturlaridan ajratiladigan mablag‘lar va boshqalar kiradi. Iqtisodiy ta’minotga xalqaro va mahalliy fondlarning grantlarini ham qo‘shish mumkin.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top