Infocom.uz

Axborot ta’minotining yangi imkoniyatlari

Unda yurtimizdagi turli vazirlik va idoralar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim dargohlari, o‘quv-ilmiy muassasalardagi kutubxonalar, axborot-resurs markazlari mutaxassislari bilan birga AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Estoniya, Turkiya, Niderlandiya kabi davlatlarning mazkur yo‘nalishdagi ma’rifiy maskanlari vakillari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Abdusalom Umarov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni chuqur bilim, teran tafakkur sohiblari etib voyaga yetkazish, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalashning izchil mexanizmi yaratilganini ta’kidladi. Bu boradagi ezgu yumushlarda yoshlarning keng bilim olishi uchun barcha zarur imkoniyatlarni yaratish, ularning intellektual ehtiyojini qondirish, madaniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlab qolishga yo‘naltirilgan yangi axborot-resurs markazlarini barpo etish, aholini keng va tizimli axborot bilan ta’minlash uchun sharoit yaratish alohida ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining 2006 yil 20 iyunda qabul qilingan «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimizda axborot-resurs markazlari tashkil etilishi barobarida aholi, ayniqsa, yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda mustaqil va muntazam ta’lim olishiga ko‘maklashish, yangi axborot texnologiyalari, ma’lumotlar bazalari, internet resurslari asosida aholiga sifatli va tezkor axborot xizmatlarini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

«Barkamol avlod yili» Davlat dasturida ta’lim jarayoniga ilg‘or axborot texnologiyalarini jadal joriy etish, axborot-kutubxona faoliyatini yanada takomillashtirish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Bu boradagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bir qator tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda ko‘plab ma’rifiy loyihalar, amaliy chora-tadbirlar, anjumanlar, seminarlar o‘tkazmoqda. Jumladan, kitobxonlar uchun axborot resurslarini yaratish, jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkonini beruvchi axborot-kutubxona xizmatini yo‘lga qo‘yish, universal axborot resurslari, milliy va xorijiy nashrlar, bosma, audiovizual, elektron va boshqa muqobil turdagi manbalar fondini shakllantirish, yig‘ma elektron kataloglar yordamida axborot resurslarini birlashtiruvchi elektron kutubxonalar va ma’lumotlar bazasini yaratishga oid keng ko‘lamli ishlar buning tasdig‘idir. Ayni paytda ushbu ma’rifat maskanida so‘nggi yillardagi bosma nashrlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlarga oid ma’lumot bazalari, nodir ilmiy, tarixiy, adabiy-badiiy kitoblarning raqamlashtirilgan elektron versiyalari yaratilgani talaba-yoshlarning bilimini boyitish, mustahkamlash barobarida kitobxonlar safining tobora kengayishida o‘ziga xos omil bo‘lmoqda.

– Men O‘zbekistondagi axborot-kutubxona ishlarini rivojlantirish, bu jarayonga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga oid ibratli va izchil chora-tadbirlardan yaxshi xabardorman, – deydi Rossiyaning Vladivostok davlat iqtisodiyot va servis universiteti kutubxonasi direktori Tatyana Grexova. – Axborot oqimi tobora kengayib borayotgan hozirgi davrda O‘zbekiston ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlari o‘quv maskanlarining Internet tarmog‘iga ulangani, ularda tashkil etilayotgan axborot-resurs markazlari yoshlarning zamonaviy ilmiy-ma’rifiy axborotlardan tezkor, to‘g‘ri va unumli foydalanishi uchun keng yo‘l ochayotir.

Bir hafta davom etadigan seminar-taqdimot ishtirokchilari Samarqand, Buxoro va poytaxtimizdagi ta’lim maskanlari axborot-resurs markazlari faoliyati bilan tanishadilar. Seminarning dastlabki kunida ishtirokchilarga Toshkent moliya institutining iqtisodiyot, tadbirkorlik, moliya va bank sohalaridagi ilmiy-ma’rifiy elektron resurslari va axborot-qidiruv texnologiyalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ayni paytda jahonning yetakchi ilmiy-ma’rifiy elektron resurs markazlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Raqamli Valyuta.

Raqamli Valyuta. To‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakatlarning Markaziy banki tomonidan chiqarilgan virtual valyuta