Infocom.uz

Axborot texnologiyalari haftaligi: strategiya va rivojlanish

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha milliy sammit – AKT-2010 “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi – INFOCOM-2010” doirasidagi muhim tadbirlardan biridir.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha sakkizinchi milliy sammit Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi “O‘zbekiston Respublikasi hukumatiga mamlakat rivojlanishi uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari siyosatini shakllantirish va joriy etishda ko‘maklashish” loyihasi (ICTP), O‘zbekistonda IT-kompaniyalar va tashkilotlar uyushmasi tomonidan tashkil etiladi.

Poytaxtimizda sakkizinchi marotaba o‘tkaziladigan AKT-sammitida har yili O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardan qariyib 400 nafar delegat ishtirok etadi. Ular forumda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi so‘nggi yutuq va ishlanmalarni muhokama qiladi.

XXI asrda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib bormagan sohani tasavvur qilish qiyin. Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2002-2010 yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi bunga yaqqol misoldir. Mazkur dasturning amaliyotga tadbiq etilishi O‘zbekistonda axborot makonini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Xalqaro ahamiyat kasb etgan mazkur sammit ham milliy ekspertlar, ham xorijiy mutaxassislar e’tiborini keng jalb etib kelmoqda. Dastlabki AKT-sammitlari o‘tkazilgan yillarida 200 delegat ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda qatnashchilar soni ikki barobar ko‘paydi. Ayni paytda, tadbirda ishtirok etadigan mamlakatlar geografiyasi ham kengaydi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Litva, Niderlandiya, Rossiya, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Yaponiya kabi mamlakatlar shular jumlasidandir.

AKT-sammiti davlat organlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislariga AKT bozorini tahlil qilish, sohadagi yutuqlar bilan tanishish, yangi barqaror va ishonchli sheriklar topish, O‘zbekiston Respublikasiga AKTni yanada keng joriy qilishda qo‘shimcha sarmoya resurslarini jalb qilish imkonini beradi. Sohani rivojlantirishda fikrlar, ilovalar, yangi g‘oya va istiqbollarni muhokama qilish uchun keng imkoniyatlar yaratadigan AKT-sammiti AKT haftaligining o‘ziga xos intellektual qismi hisoblanadi. Haftalikning amaliy qismida esa AKT-sammitidan keyin o‘tkaziladigan ICTExpo-2010 ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

AKT-sammiti 21 sentabr kuni Toshkentdagi Xalqaro biznes-markazida bo‘lib o‘tadi. Unda Hindiston, Ispaniya, Isroil, Janubiy Koreya, Rossiya, AQSH, Turkiya, Chexiya kabi mamlakatlar hamda axborot texnologiyalari bozorining muhim ishtirokchilaridan biri bo‘lgan O‘zbekistondan qariyb 350 delegat ishtirok etadi.

Sammit ishi strategiya va rivojlanish, texnologiyalar va infratuzilma, ilovalar va qarorlar bo‘yicha uch mavzuga oid yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi. Forum doirasida AKTni rivojlantirishda milliy dasturlarni joriy qilish yutuqlari va muammolari, jamiyatning ayrim sohalariga axborot texnologiyalarini joriy qilish tajribasi, elektron boshqaruv, elektron sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, media biznes va innovatsiya faoliyatni rivojlantirish sohalarida kadrlar tayyorlash va boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ellikka yaqin ma’ruza taqdim etiladi.

Sammit ishtirokchilari tomonidan muhokama va bahslar asosida tavsiyalar ishlab chiqilib, kelgusi faoliyat uchun o‘ziga xos dasturialamal vazifasini o‘taydigan rezolyutsiya qabul qilinadi. Shuningdek, sammit yakunlari bo‘yicha barcha ma’ruza va materiallarni o‘z ichiga olgan CD-disklar tayyorlanadi. Materiallar http://summit.ictp.uz manzilida elektron ko‘rinishda barcha foydalanuvchilarga taqdim etiladi. Ushbu saytda shuningdek, oldingi yillardagi forum materiallari bilan ham tanishish mumkin.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top