O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan BMT Taraqqiyot Dasturining “O’zbekistonni rivojlantirish uchun AKT siyosatini shakllantirish va joriy etishda O’zbekiston Respublikasi G’ukumatiga ko’maklashish” (ICTP) qo’shma loyihasi trening tashkilotchisidir.
Treningdan ko’zlangan maqsad – o’sib kelayotgan yosh avlodning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi bilimlari darajasini oshirish, yoshlarning axborot texnologiyalariga qiziqishini kuchaytirish, shuningdek mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ularning o’qishida va keyinchalik ishida ham axborot texnologiyalaridan foydalana olishlarida ko’maklashishdan iborat.
Trening ICTP loyihasining AKT-volontyorlari tomonidan o’tkazilmoqda. Bu dasturga asosan, mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari Windows operatsion tizimida, Word, Excel, PowerPoint dasturlarida ishlash asoslarini o’zlashtirishadi, Internet tarmog’idan samarali foydalanish ko’nikmalarini hosil qilishadi.
Treningda 21-mehribonlik uyining 8 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan tarbiyalanuvchilari qatnashmoqdilar. Mashg’ulotlar mehribonlik uyining yangi jihozlangan, barcha zarur texnik vositalarga ega kompyuter xonasida, haftasiga 3 marotaba o’tkazilayapti.
Kelgusida 21-mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari uchun 3 guruhda bazaviy kompyuter ko’nikmalari bo’yicha trening o’tkazish rejalashtirilmoqda. Shuni ta’kidlab o’tmoqchimizki, testlar va suhbatlar natijalariga ko’ra uch guruhdan 12-15 kishi saralab olinib, ular AKT sohasidagi yanada mukammalroq (Photoshop, CorelDRAW dasturlari bilan ishlash, dasturlash asoslari va boshqa) treninglarda qatnashishlari ko’zda tutilgan.
Ushbu trening barkamol avlodni tarbiyalashda, yoshlar o’z ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishlarida muhim bosqich bo’ladi.