Infocom.uz

Axborot texnologiyalari – tejamkorlik omili

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 22 iyulda qabul qilingan “Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘layotir. Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasida ham mazkur qaror ijrosini ta’minlash yo‘lida muayayn ishlar amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy kompyuter texnologiyalari, barcha sohalarda bo‘lgani singari, xo‘jalik subyektlari faoliyatiga ham jadal kirib bormoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi va “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi qonunlari muhim huquqiy asos bo‘layotir.

– Elektron hujjat aylanishi hujjatlar bilan ishlash samaradorligi va ishonchliligini oshiradi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Abduvali Teshaboyev. – Bu esa, o‘z navbatida, boshqaruv sifatini yaxshilash va hujjatlar ijrosini nazorat qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu bilan birga qog‘ozni tejash, axborot almashishda ham elektron shakldan foydalanish muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda davlat soliq boshqarmasining barcha shahar va tuman inspeksiyalarida elektron tizimni kengroq qo‘llashga harakat qilmoqdamiz.

Shu kunlarda boshqarmada “E-Hujjat” elektron hujjat almashish tizimini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tizimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida rahbar va xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha seminar va o‘quvlar tashkil etilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yaratilgan “Soliq to‘lovchilarning soliq va moliyaviy hisobotlarini elektron shaklda qabul qilish”, “Hujjatlar bajarilishini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi – ASKID”, “Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining yagona hisobotini olib borish” kabi dasturlardan shahar va tuman soliq inspeksiyalarida ham keng foydalanilmoqda.

Soliq to‘lovchilarga interaktiv xizmat ko‘rsatish ko‘lami ham tobora kengaymoqda. Bu jarayonda soliq siri to‘la ta’minlanadi. Soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar internet orqali amalga oshiriladi. Bu esa soliq to‘lovchilar uchun juda qulay bo‘lib, ortiqcha vaqt, ovoragarchilik va sarf-xarajatlarning oldini oladi, tezkorlikni ta’minlaydi. Soliqqa oid hisobotlarni elektron tarzda qabul qilish va qayta ishlash interaktiv xizmati ham vaqt hamda qog‘ozni tejash imkonini beradi. Ayni vaqtda bu barcha hisobotlarning to‘g‘ri topshirilishini nazorat qilishda qator qulayliklarni yaratadi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida elektron tizim orqali 232 967 hujjat almashilgan. Natijada soliq boshqarmasi va inspeksiyalarida qog‘oz sarfi birmuncha kamaygan. Misol uchun, boshqarmada 2010 yilning fevral oyida 248 kilogramm, martda 251 kilogramm qog‘oz ishlatilgan bo‘lsa, elektron hujjat almashishning yo‘lga qo‘yilishi natijasida avgust oyida bu ko‘rsatkich 118, sentabrda esa 100 kilogrammni tashkil qilgan.

Shuningdek, viloyat davlat soliq boshqarmasi “ECTACO. UZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Jet Book” elektron kitoblarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Endilikda soha xodimlari, idora va tashkilotlar soliqqa oid qonun va me’riy hujjatlar bilan elektron kitoblar orqali tanishadilar. Bu ham qog‘oz sarfini kamaytirib, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tezkorlik bilan yangilab borish imkonini beradi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top