Infocom.uz

BItlar va baytlarni izlab

Yozilgan vaqti ko’rsatilgan bu xabarida Bradford ayni paytda blin yeyayotganligi haqida yozgan (http://de.news.yahoo.com/2/20091112/twl-facebook-eintrag-rettet-us-verdaecht-4bdc673.html).

Axborot texnologiyalarining dastlabki rivojlanish bosqichlarida huquqiy amaliyotda vujudga kelgan dolzarb muamolardan biri – bu isbotlash masalasi edi. Axborot xizmatlari va Internet bilan bog’liq huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni oldini olishdagi asosiy qiyinchilik dallilar yig’ish va ularni saqlash, hujjatlashtirish edi. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan ma’lumotlarning nostabillik xususiyati va modifikatsiyaga moyilligi “bunday ma’lumotlardan ishonchli dalil sifatida foydalanib bo’lmaydi” degan xulosani keltirib chiqardi. Shunga qaramasdan huquqshunoslar amaliyotda kompyuter xotirasidagi ma’lumotdan dalil sifatida foydalanishga urinib kelishdi. Bu kabi urinishlar 80-yillardayoq boshlangan edi. Texnika taraqqiyoti shuni ko’rsatdi-ki, virtual dunyo bizga qanchalik amorf bo’lib ko’rinmasin, biz baribir undagi harakatlarimizdan ma’lum bir iz qoldiramiz.

Web 1.0 davrida dalillar
Axborotning bir tomonlama almashinuvida ma’lumotlar asosan veb-sahifalar orqali foydalanuvchilarga yetkazilgan. Shuning uchun ham huquqbuzarliklar shu veb-saytlar orqali amalga oshirilgan. Bunda huquqbuzarlik “content” o’g’irlash, yoki audio-visual asarlarni yoki ruxsat etilmagan va sirli ma’lumotlarni veb-sayt orqali tarqatish ko’rinishida bo’lishi mumkin. Isbotlashning asosiy vazifalaridan biri ma’lum bir veb-saytda ma’lum bir ma’lumotning borligini (yoki yo’qligini) tasdiqlashdir. Bu ish odatda veb-saytdagi noqonuniy ma’lumotni, fotosurat, audio va video mahsulotni kompyuter xotirasiga yoki boshqa yozuv qurilmasiga saqlab qo’yishdan iborat bo’ladi. Buning uchun bir nechta usullardan foydalanish mumkin.

Huquqbuzarga qarshi harakat boshlaganingizda, u bilan aloqaga kirishishdan oldin huquqbuzarlikni isbotlovchi barcha ma’lumotlarning yo’qolmasligini oldini olish lozim. Agar huquqbuzar Sizning harakatlaringizdan xabar topsa, veb-saytidagi noqonuniy ma’lumotlarni olib tashlashi mumkin. Shuning uchun ham oldin ayrib choralarni ko’rish lozim bo’ladi.

Dastlab qonun buzilishini isbotlovchi veb-saytni turli shakllarda yozib olish zarur. Veb-sayni brauzer yordamida bir nechta sahifalarini qo’shib birvarakayiga yoki veb-saytning ekrandagi tasvirini yozib olish mumkin. Veb-sahifalardagi ma’lumotlarni “copy & paste” usuli bilan Word formatiga yozib olish ham yaramaydi, bunda dalillarning ishonchlilik darajasi pasayadi. Yaxshisi ma’lumotni onlayn rejimda qog’ozga bosib chiqargan ma’qul.

Agar huquqbuzarlik oqibatida moddiy zarar yetgan bo’lsa uni ham hisoblash lozim. Masalan, qimmatli axborot butun Internetga tarqalib ketgan bo’lsa izlanish olib borib boshqa manbaalardagi malumotlarni topish va axborot tarqalishini to’xtatishga to’g’ri keladi. Ayrim ma’lumotlarni vaqti vaqti bilan izlab turish uchun Googlening maxsus xizmatidan foydalanish mumkin. U vaqti vaqti bilan aytilgan ma’lumotni izlab emailingizga yuborib turadi.

Dalillarni mustahkamlashda veb-saytlarni arxivlashtiradigan Archive.org xizmatidan ham foydalanish mumkin. Chunki unda Internetdagi veb-saytlar avtomatik tarzda yozib boriladi. Ammo buning kamchiliklaridan biri shunda-ki veb-saytlarning barcha sahifalari ham arxivlanmaydi. Agar dalil bo’ladigan ma’lumot veb-saytning chuqurroq sahifasida joylashgan bo’lsa uni Archive.orgdan topishni imkoni bo’lmaydi. Bundan tashqari ma’lumotlar 6 oy o’tgandan keyingina Archive.org kutubxonasiga boib tushadi.

Imkon qadar dalillarni to’plagandan so’ng huquqbuzar bilan aloqaga kirishish mumkin va u bilan bo’ladigan muloqotni ham albatta hujjatlashtirib borish lozim.

Web 2.0 davrida dalillar
Shaxsiy veb-saylar va bloglar modadan qolib Internetda tarmoqlashgan veb-saytlar, foydalanuvchilarning o’zaro bog’langan jamiyatlar avj olmoqda. Bularga Facebook, MySpace va YouTubelar misol bo’ladi. Bunday veb-saytlarda brogan sari ko’p ma’lumot to’planib bormoqda. Shuning uchun ham bugungi kunda forumlar, chatlar va ijtimoiy tarmoqlar ko’pgina huquqbuzarliklarni oldini olishda asosiy manbaalardan biriga aylanib bormoqda. Masalan, kecha qayerda bo’lganingizu, nimalar qilganingiz to’g’risida Twitterdagi sahifangizdan bilib olish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarning xavfli tomoni shundaki o’zimiz anglamagan holda o’zimiz haqimizdagi nozik ma’lumotlarni tarqatib yuborishimiz mumkin. Birgina Facebookdagi profilingizdan ismu sharifingizdan tortib turar joyingizu telefon raqamlaringizgacha bilib olish mumkin. Ayrim hollarda shaxsiy va oilaviy ma’lumotlarni ham bemalol qo’lga kiritish mumkin bo’ladi. Linkedin.com yoki Odnoklassniki.ru kabi tarmoqlardan shaxsning kasbi va ta’limi to’g’risidagi ishonchli ma’lumotlarni qo’lga kiritish mumkin. Yuqoridagilarni hisobga olib aytish mumkinki, bizning uForum ham juda yaxshi dallillar manbai bo’lib xizmat qiladi.

Bunday ijtimoiy tarmoqlarning o’ziga xos xususiyati yana shunda-ki, bir marta kiritilgan ma’lumot aniq bo’lmagan uzoq muddatga saqlanadi, xatto o’z registratsiyangizni o’chirib yuborganingizdan keyin ham (masalan Facebookda). Ayrim tashkilotar yangi xodimni ishga olayotganda ijtimoiy tarmoq orqali yangi xodimlarini o’rganishadi. O’z navbatida yangi xodim ham ish beruvchisi haqida qo’shimcha ma’lumotlarni uning Facebookdagi xodimlari yoki fan-klublari orqali qo’lga kiritishi mumkin.

Shuning uchun ham biror bir kompaniya Web 2.0 texnologiyasidan foydalanmoqchi bo’lsa undagi faoliyatni hujjatlashtirib boradigan samarali metodlarni va qoidalarni ishlab chiqishi lozim. Bundan tashqari maxsus xodimni Web 2.0 texnologiyalar bilan bog’liq huquqiy masalalarni analiz qila olishga o’rgatish kerak bo’ladi.

Web 2.0 ning ahamiyati ortib borishi barobarida huquq tartibot organlari va sudlar ham unga qayta qayta murojaat qilishmoqda, undagi ma’lumotlarni dalil sifatida tan olishmoqda. Chet el huquq amaliyotida sudyalarning o’z faoliyatlarida biror ish yuzasidan qaror qabul qilishda Google xizmatidan foydalanganliklarini ham ko’rish mumkin. Masalan javobgarning, mulk egasining turar joyini yoki merosxo’rlarni aniqlashda qidirish xizmatlaridan foydalanganliklari ma’lum.

Dalillarga qurilgan bizness
Dalillar yig’ish va ularni saqlash bugungi kunda shunchalik dolzarb-ki bunga yo’naltirilgan biznes reja yaxshigina daromad ham keltirishi mumkin. Masalan Guidance Software (www.guidancesoftware.com) kompaniyasi electron dalillar yig’ishga va qayta ishlashga qaratilgan “EnCase Portable” dasturiy ta’minotini ihlab chiqaradi (Litsenziya narxi $999). D.C. Estrada of Grand Rapids kompaniyasi esa elektron axborotni baholash, elektron dalillarni boshqarish va sud jarayonlarida elektron ma’lumotlar bilan ishlash sohalarida faoliyat yuritadi. Yaqin kelajakda bu kabi mahsulot va xizmatlarga ehtiyoj yanada ortadi.

O’z vakolatlari doirasida notariuslar ham elektron axborotni tasdiqlashi va shu bilan unga ihonchli dalil kuchini berishi mumkin. Ammo bugunga qadar O’zbekistonda bunday amaliyot mavjudligi haqida ma’lumotga ega emasman. Shunisi ma’lumki haligacha elektron dalillarni tan olish, yig’ish va ulardan foydalanish masalalari qonunchilik darajasida tartibga solinmagan. Shunday bir holatda yuqorida aytib o’tilgan dalil to’plashning turli usullari samarali bo’lmaydi. Shuning uchun ham elektron axborotni dalil sifatida tan olish masalasi qonun darajasida hal qilinishi lozim.

Xulosada shaxsan meni uzoq vaqtdan beri ilhomlantirib kelayotgan bir narsa – bu milliy veb-arxiv g’oyasi haqida ikki og’iz aytib o’tmoqchiman. Archive.org ishlash prinsipi asosida faoliyat yurituvchi va butun UZ domeni zonasidagi veb-saytlarni qamrab oluvchi milliy veb-arxivni yaratish Internetni tartibga solish masalalarida jiddiy ijobiy burilish yasashi mumkin. Milliy veb-arxivning asosiy maqsadi Uznetdagi barcha veb-saytlarni mutazam (masalan haftada bir marta) ravishda arxivlab borish va manfaatdor shaxslarga ishonchli dalillar yetkazib berish bo’ladi. Bu mavzu alohida muhokamaga loyiq bo’lgani uchun buni chuqurroq yoritishdan cheklanaman.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top