Infocom.uz

Blog yangi ommaviy axborot vositasimi?

1999 yilga kelib esa Peter Merholz „weblog“ so’z qo’shilmasini ikkiga ajratgan holda „we blog“, ya’ni „blog qilamiz“ yoki „blog bilan shug‘ullanamiz“ degan iborani o’ylab topdi va uni o’zining [url=http://www.peterme.com/]www.peterme.com[/url] nomli veb-saytida alohida rukn sifatida e’lon qildi[1]. Shu tariqa blog internet olamiga yangi atama bo’lib kirib keldi.

pic

Umuman olganda, blog internetda axborotni muntazam ravishda tartiblash, qayta ishlash, uzatish bilan xarakterlanadi. Boshqa tomondan, global tarmoqda uzatish vositasi sifatida qo’llaniladigan har qanday kundalik ham blog bo’lishi mumkin.

Blog yaratilgan dastlabki yillarda unga mualliflarning ichki kechinmalari, his-tuyg’ulari, qiziqishlari yoritilgan shaxsiy jurnal yoki kundalik sifatida qaralgan va blogdan foydalanuvchilar kamchilikni tashkil etishgan. Bugungi kunga kelib esa blog nafaqat foydalanuvchilarning o’z fikrlarini ifodalash vositasi, balki, dunyoning muhim nuqtalaridan xabar beruvchi manba sifatida internet tarmog’ining muhim qismini tashkil etmoqda va ijtimoiy – siyosiy ahamiyatga ega bo’lmoqda. Ushbu janrning qisqa vaqt davomida ommaviylashib ketishi so’nggi yillarda internetda hatto yangi soha – „blogsphere“(blog sohasi)ning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Biroq yaratilayotgan bloglarning barchasini ham talab darajasida deyish qiyin, chunki bloggerlar orasida professionallari bir necha foizdan iborat. Blog egalarining ko’p qismini Internetdagi oddiy foydalanuvchilar tashkil etadi. Bunday bloggerlar shaxsiy kundaligidan daromad olishmaydi, hatto nechta o’quvchisi borligi ularni qiziqtirmaydi, ularning maqsadi o’z hayoti va qiziqishlarini kim bilandir bo’lishish xolos. Shunga qaramasdan bugungi Internetda ommaviy axborot vositalariga(keyingi o’rinlarda – OAV) tenglasha oladigan bloglar yaratilmoqda. Blog va bloggerlarga bo’lgan talabning kun sayin ortib borayotganligiga quyidagi fakt misol bo’la oladi. Jahonning yirik axborot agentliklaridan biri bo’lgan Reuters yaqinda BlogBurst ([url=http://www.blogburst.com]www.blogburst.com[/url]) nomli kompaniya bilan shartnoma tuzdi. E’tirof etish kerakki, ushbu kompaniya Amerika Qo’shma shtatlari va Buyuk Britaniyada mavjud yirik gazetalar uchun internet-kundaliklardan axborot va sharhlar uzatish bilan shug’ullanadi. Bundan ko’rinib turibdiki, blog ommaviylashgani sayin o’zining dastlabki xususiyatini o’zgartirmoqda yoki kengaytirmoqda. Shuning uchun ham hozirgi blogging faoliyatiga nisbatan faqatgina kundalik yoki jonli jurnal sifatida qarash noo’rin bo’ladi.

pic

Blog turlari
Xo’sh, blog sohasini bu qadar harakatga keltirayotgan kuch nimada? Bunga javob topish uchun blogga mazmuni, tarkibi va xarakteriga ko’ra turlicha nuqtai nazar bilan yondashishimiz kerak bo’ladi.

Shaxsiy blog – an’anaviy blog, ya’ni kundalik bo‘lib, odatda uni yurituvchi blogger o’z oilasi va do’stlari orasida doimiy aloqani o’rnatish maqsadida yangi post(xabar)lar bilan yangilab turadi. Bunday bloggerlar uchun blogging bilan shug’ullanishdan qoniqish hosil qilishning o’zi yetarli hisoblanadi. Ammo kam miqdorda bo’lsa-da, ommaviylashgan va juda ko’p foydalanuvchilarni jalb qila olgan shaxsiy bloglar ham mavjud.

Korporativ blog ko’p holatlarda biznesga yo’naltirilgan hamda marketing, brending va PR bilan shug’ullanish maqsadida odamlar orasida aloqalarni kuchaytirish yoki shu sohadagi professional yondashuv va tajribalarni o’zaro almashishga qaratilgan bo’ladi.

pic

Media blog axborotni uzatish turiga ko’ra quyidagilardan tashkil topgan bo’lishi mumkin:
– o’z ichiga turli videolarni olgan vlog(video log);
– turli voqealar bayonidan iborat sketchblog;
– o’zida fotosuratlarni jamlagan fotoblog;
– qisqa xabarlar va tahliliy materiallar jamlanmasidan iborat aralash yoki tartibsiz blog (tumbleblog)[2].

pic

Blog janr jihatidan siyosat, turizm, texnika, moda, proyekt, ta’lim, klassik musiqa va boshqa turlarga ham bo’linishi mumkin.
Uznetda ham turli janr va yo’nalishdagi bloglarni uchratish mumkin. Jumladan, [url=http://www.mymap.uz]www.mymap.uz[/url], [url=http://www.blog.afisha.uz]www.blog.afisha.uz[/url], [url=http://www.blog.shavkatov.com]www.blog.shavkatov.com[/url], [url=http://www.barbaris.uz]www.barbaris.uz[/url], [url=http://www.katie.uz]www.katie.uz[/url] kabilarni jamoatchilik orasida ommalashayotgan, hurmatga sazovor bo’layotgan va UZ domenidagi blog sohasini shakllantirishga xizmat qilayotgan bloglar sifatida talqin qilsh o’rinlidir.

Blog atrofidagi bahslar
Ma‘lumki, internet tarmog’idagi auditoriya soni kun sayin oshmoqda. Ayniqsa, bunday o‘sishni internet OAV sifatida e’tirof etilayotgan veb-saytlarda, shuningdek, bloglarda kuzatishimiz mumkin. Internetda axborot almashinuvining o’ziga xosligi jurnalistika yoki ommaviy axborot vositalarining xususiyati hamda informatsiyani uzatish va foydalanish tartiblariga o’zgartirish kiritishni taqozo etmoqda. Bu esa Internetda muhim qismni tashkil etayotgan blogni OAVga tenglashtirish kerakmi yoki yo’q, degan munozarali bahslarga sabab bo’lmoqda.

Masalan, Amerika Qo’shma Shtatlari sud amaliyotida bloggerlarni professional jurnalistlarga berilgan huquqlardan foydalana olishini taminlaydigan qaror qabul qilingan. Bundan tashqari, AQSh Federal saylov komissiyasi saylovlar jarayonida ishtirok etadigan bloglarni OAVga tenglashtirilishini e’lon qildi[3]. Bu esa blogga professional OAV sifatida yondashish mumkinligini yana bir bor ta’kidlaydi.

Germaniya qonunchiligiga ko’ra, blog media xizmati (OAVga tenglashtirilgan xizmatlar turi) sifatida tan olinadi. Shuning uchun blog OAV kabi bir qator huquq va majburiyatlarga ega.
Internet saytlarini OAV sifatida ro’yxatdan o’tkazish masalasi Rossiyada ham murakkab jarayon sifatida keng o’rganilmoqda. Rossiya Federatsiyasi Kengashi a’zosi Vladimir Slusker tashabbusiga ko’ra, bir kunda mingdan ortiq foydalanuvchilar tashrif buyuradigan saytlar OAV sifatida ro’yxatdan o’tishi lozim. Lekin bu talab adad bilan hisoblanadigan an’anaviy OAV – gazeta va jurnallarga nisbatan tadbiq etish uchun ko’proq to’g’ri keladi. Deputat Konstantin Rivkovning fikriga ko’ra, Internet tarmog’ini bu tariqa kuchli nazoratga olish informatsion texnologiyalar ta’sirida jadal ravishda rivojlanayotgan Rossiya iqtisodiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Biroq bloglar Vladimir Slusker ta’kidlariga asosan, OAV sifatida ro’yxatdan o’tishi shart emas[4].

Milliy tartib
O’zbekiston Respublikasining „Ommaviy axborot vositalari to’g‘risida“gi Qonuniga ko’ra, veb-saytlar OAV deb hisoblanishi mumkin. Bunday umumiy tushuncha, albatta, bloglarni ham qamrab oladi. Demak, blogga nisbatan „OAV to’g’risida“gi qonun tadbiq etiladi. Ammo blogning o’ziga xos xususiyatlarini hisobga oladigan bo’lsak, ularga ushbu qonunning ayrim moddalarini qo’llash bir qator noqulayliklar tug’diradi. Ba’zi moddalarni esa umuman qo’llab bo’lmaydi.

Qonunning 4-moddasiga ko’ra, OAV quyidagi asosiy xususiyatlarga ega bo’lishi lozim:
– ommaviylik;
– davriylik, ya’ni olti oyda kamida bir marta nashr etilishi yoki efirga uzatilishi;
– doimiy nomga ega bo’lishi.
Qonunning ushbu moddasini bloglarga tadbiq etishda jiddiy muammo kelib chiqmaydi. Chunki blog yuqoridagi barcha talabga ham javob bera olishi mumkin, ya’ni u ommaga qaratilgan va davriy bo’la olishi hamda o’zining doimiy nomiga ega bo’lishi mumkin.

Ammo muammo shunda-ki, Qonun „Internet – OAV“ning aniq ta‘rifini bermaydi. Bu esa “Qonun normalari barcha bloglarga, qolaversa, barcha veb-saytlarga qo’llanilishi majburiymi yoki yo’qmi?” degan savolni o’rtaga tashlaydi. Undan tashqari qonunning ayrim moddalari faqat ma’lum bir turdagi OAVga – televideniye, radio yoki bosma nashrlarga, nisbatan qo’llaniladi.

Qonunga ko’ra, OAV jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan ta‘sis etilishi mumkin va qonunda ta’sischiga bir qator majburiyatlar yuklatilgan. Masalan, ta’sischi qonunning 9- va 14-moddalariga asosan, tahririyatni shakllantirishi va uning nizomini tuzishi lozim. Blog jismoniy shaxs tomonidan tashkil etilib, yuritilganda ko’p hollarda tahririyatga ehtiyoj bo’lmaydi. Demak, blog OAV sifatida tan olingan taqdirda ham uning yaratuvchisi yoki asoschisi (hatto u aksariyat hollarda bo’lganidek) bitta jismoniy shaxsdan iborat bo’lishi mumkin.

Agar blogga nisbatan qonun normalari majburiy tartibda qo’llanilsa, unda qonun blog egasiga nisbatan qo’shimcha, uning holatida ahamiyatsiz bo’lgan vazifalarni yuklashi mumkin.

Bir tomondan, blogni OAV sifatida tan olish va tegishli tartibda ro’yxatdan o’tkazish qonunni tadbiq qilinishida bir qator muammolarni keltirib chiqarsa, ikkinchi tomondan, blog OAV sifatida bir qator huquq va majburiyatlarga ega bo’lishi mumkin.

Masalan, OAV sifatida tan olingan blog professional jurnalistik faoliyatga beriladigan quyidagi huquqlarga ega bo’ladi:
– axborot manbaini oshkor etmaslik (Qonunning 33-moddasi);
– raddiya berish va javob qaytarish huquqi (Qonunning 34-moddasi);
– rasmiy xabarlar va axborotni e’lon qilish (Qonunning 35-moddasi).
O’zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositasini davlat to’yxatidan o’tkazish Tartibiga muvofiq veb-saytlar, shu bilan birga bloglar ham ixtiyoriy tarzda OAV sifatida ro’yxatdan o’tishlari mumkin. Ammo bu yuqorida aytilgan noqulayliklarni bartaraf qilmaydi. Chunki qonunda yoki maxsus qaror bilan Internet – OAV tushunchasi aniq belgilab qo’yilmas ekan, OAV sohasidagi qonunlarni qo’llashda qiyinchiliklar tug’ilaveradi.

Yagona yondashuv
Bu kabi muammolar Internet – OAV masalasiga yagona yondashuvni belgilash va uni qonunchilikka va amaliyotga tadbiq qilish orqali samarali hal etilishi mumkin. Ushbu yondashuv OAVning vazifasidan va Internetning imkoniyatlari hamda jamiyatdagi rolidan kelib chiqishi lozim.

Masalan, blogger tomonidan blog OAV sifatida ro’yxatdan o’tkazilishiga da’vo qilinishi mumkin, agarda:
– blog taqdim etadigan ma’lumotlar sifat nuqtai nazaridan jurnalistik-kasbiy materiallar darajasiga ega bo’lsa;
– blog xizmati xarakteri jihatdan keng jamoatchilikka yo’naltirilgan bo’lsa;
– blog taqdim etadigan ma’lumotlar kasbiy-tahririy xarakterga ega bo’lsa.

Shuni e’tiborga olish lozimki, blogning qaysi domen zonasida joylashganligi ahamiyatga ega emas, muhimi blogning qaysi auditoriyaga yo’naltirilganligidir. Shuning uchun UZ domenidan tashqaridagi domenlarda joylashgan va aytaylik, o’zbek auditoriyasiga mo’ljallangan bloglarga ham OAV sifatida ro’yxatdan o’tish imkoniyati berilishi lozim. Bunda blog egasi O’zbekistonda doimiy yashab turgan bo’lishi ro’yxatdan o’tishning majburiy talabi qilib belgilanishi ham mumkin.

Blogni OAV sifatida ro’xatdan o’tkazish har qanday holatda ham ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi lozim. Chunki majburiy ro’yxatdan o’tkazish, birinchidan, Internetdagi axborot almashinuvini cheklashi va shu orqali Internet xizmatlarining ommaviylashuvini chegaralashga olib kelishi mumkin. Ikkinchidan nafaqat barcha veb-saytlar, balki faqatgina bloglarnigina majburiy ro’yxatdan o’tkazishning o’zi texnik va hajm jihatidan bajarilishi qiyin bo’lgan vazifadir. Qolaversa, majburiy ro’yxatdan o’tkazish yetarlicha maqsadli asosga ega bo’lmaydi. Bu esa fuqarolarning axborot olishga va o’z fikrlarini ifodalashga bo’lgan huquqlarini cheklanishiga olib keladi.

Blogni OAV sifatida majburiy ro’yxatdan o’tkazishni talab etish yana bir holatda maqsadga muvofiq bo’lishi mumkin. Ya’ni blog axborot taqdim etishdan moliyaviy foyda olishni ko’zlasa, OAV sifatida ro’yxatdan o’tkazish majburiyati yuklanishi mumkin. Chunki axborot tarqatishdan moliyaviy daromad olish professional faoliyatga da’vogarlikni anglatadi, professional faoliyat esa ma’lum majburiyatlarni o’z zimmasiga olishni taqozo etadi. OAV aynan shunday majburiyatlarning bajarilishini taminlaydigan professional faoliyat turidir.

Ushbu yondashuvdan kelib chiqqan holda qonun va qonunosti hujjatlari tegishli ravishda takomillashtirilishi maqsadga muvofiqdir. Holbuki OAVni qonun bilan tartibga solishdan asosiy maqsad, axborot tarqatishni nazorat qilish emas, balki jamiyatga yetkazilayotgan ma’lumotlarning to’g’ri va ishonchliligini, obyektiv va tezkorligini hamda sifatliligini ta’minlanishini kafolatlashdir.

[1] Blog, [url=http://www.wikipedia.org]www.wikipedia.org[/url]
[2] Blog, [url=http://www.wikipedia.org]www.wikipedia.org[/url]
[3] Blogs sind Massenmedien gleichgestellt, [url=http://www.spiegel.de/netzwelt/web/0,1518,504067,00.html]http://www.spiegel.de/netzwelt/web/0,1518,504067,00.html[/url]
[4] Дума защищает Интернет, [url=http://news.mail.ru/politics/1606541/]http://news.mail.ru/politics/1606541/[/url]

Muallif: Qalandarova Binafsha Ergashevna. O’zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi matbuot kotibi, mustaqil jurnalist.

Танловга тақдим этиладиган материалларга талаблар [url=http://uz.infocom.uz/more.php?id=231_0_1_20_M]http://uz.infocom.uz/more.php?id=231_0_1_20_M[/url]

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top