Infocom.uz

Bojxonada AKT

Respublikamizda axborot texnologiyalarini davlat organlarida, xususan bojxona organlari faoliyatiga joriy etish va rivojlantirish, Davlat bojxona qo‘mitasining axborot resurslarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xo‘sh, bojxona tizimiga axborot texnologiyalarini jalb etish zarurati qaysi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi?

Bir tomondan respublikamizning tashqi iqtisodiy aloqalari kengayishi evaziga chegaralarimiz orqali harakatlanayotgan tovar va transport vositalari sonining ham oshib borishi bojxona organlari faoliyatini soddalashtirishni talab etsa, ikkinchi tomondan respublikamiz iqtisodiy havfsizligini ta’minlashda bojxona organlariga yuklatilgan vazifalar bojxona nazoratining yangi shakl va uslublarini tadbiq etish hisobiga, bojxona nazorati samaradorligini yanada oshirishni taqozo etadi.

Xalqaro andozalar nuqtai nazaridan qaraganda, bojxona organlari faoliyati samaradorligini aniqlashning asosiy me’yorlaridan biri bo‘lib, bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratiga ketgan vaqt hisoblanadi. Bu vaqtni qisqartirishdagi eng muhim omillardan biri esa bu bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturlarini joriy qilishdir.

Bojxona organlari faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – bu bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezlashtirish va ularda shaffoflikka erishish, tovarlarni to‘g‘ri deklaratsiyalash hamda bojxona to‘lovlarini davlat byudjetiga to‘liq undirilishini ta’minlashdir.Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini tadbiq etish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi.

1. Davlat bojxona qo‘mitasining yagona axborot uzatish tarmog‘ini yaratish;

2. Davlat bojxona qo‘mitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish;

3. Ma’lumotlar xavfsizligi va ularni muhofaza qilish tizimini yaratish;

4. Bojxona komplekslari va postlarini zamonaviy bojxona nazorati texnik vositalari bilan ta’minlash.

Davlat bojxona qo‘mitasining yagona axborot uzatish tarmog‘ini yaratish bo‘yichaO‘zbekiston Respublikasi Aloqa va axborotlashtirish agentligi, “UzNet” va “East Telecom” milliy provayderlari bilan hamkorlikda ko‘rilgan choralar natijasida Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati, uning 15 hududiy boshqarmalari hamda barcha bojxona komplekslari va postlari bugungi kunda yagona axborot uzatish tarmog‘iga birlashtirildi. Bunda 4 xil aloqa tizimlari, ya‘ni telefon tarmog‘i mavjud postlarda ADSL (mis sim) va GM (shisha tola) modemlardan, aloqa tarmog‘i mavjud bo‘lmagan postlarda radio va sputnik aloqa tarmog‘idan foydalanildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bojxona organlari faoliyatiga real vaqt rejimida ishlovchi zamonaviy dasturlarni tadbiq qilish imkoniyati yaratildi.

Keyingi bosqichda esa axborotlarni real vaqt miqyosida yig‘ish, nazorat va tahlil qilish, qayta ishlashga mo‘ljallangan bir qator avtomatlashtirilgan axborot tizimlari joriy qilindi. Ammo ularning alohida-alohida ishga tushirilishi me’yoriy-ma’lumotnomalarning yuritilishida takrorlanish, tizimlar orasida ma’lumot almashish noqulayliklari, tizimlarga kirishni tashkil etish, ma’lumotlar haqqoniyligini ta’minlash masalalarida kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Shu bois barcha dasturlar uchun yagona boshqaruv tizimi ishlab chiqilib, “Davlat bojxona qo‘mitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi”ga birlashtirildi.

E’tirof etish joizki,Davlat bojxona qo‘mitasi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini bir qator xorijiy davlatlar bojxon xizmatlarida axborot tizimlarini joriy qilish tajribasini o‘rganish va tahlil qilish asosida O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligidan kelib chiqqan holda amaliyotga joriy etilmoqda.Bojxona xodimlarining DBQ YaAATdan foydalanishda axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida elektron raqamli imzoga asoslangan USB-kalitlar amaliyotga kiritildi.

Yuqorida keltirilgan barcha dasturiy ta’minotlar milliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan bo‘lib, ularning 11 tasiga O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida davlat axborot tizimlari sifatida guvohnomalar olingan. Joriy qilingan avtomatlashtirilgan axborot tizimlari bojxona xodimlarining ish faoliyatida muhim va asosiy vositaga aylangan bo‘lib, bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish, tashqi savdo ishtirokchilari va bojxona xodimlari uchun qulayliklar yaratish, bojxona qoidalari buzilish holatlarini aniqlash va kontrabandaga qarshi kurashish, davlat byudjetini to‘ldirish va bojxona to‘lovlari yig‘iluvchanligini oshirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Umumlashtirib olganda 2011 yil mobaynida dastur tomonidan jami 742 ta holatda salkam 4,3 mln. AQSh dollariga teng bojxona qiymatini pasaytirishga urinish holatlari oldi olinib, jami 1,3 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirilishi ta’minladi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 10 avgustdagi PQ-1195-son qarori asosida “Elektron deklaratsiyalash”, “Yagona oyna”, “Xorijiy davlatlar bojxona organlari axborot tizimlari bilan ma’lumot almashish”, “Halqaro avtomobilda tashuvchilar ittifoqi bilan axborot almashish” kabi axborot tizimlarini joriy qilish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, bojxona organlariga axborot texnologiyalarini joriy etishda bevosita bojxona nazoratida texnik vositalardan foydalanishni kengaytirish ham eng muhim yo‘nalishlar sirasiga kiradi. Giyohvandlik va psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi zaharli va zaharlovchi, radioaktiv, portlovchi moddalar, qurol-yarog‘, o‘q-dori va portlatuvchi qurilmalarni fosh etishda zamonaviy rentgen apparatlari, giyohvand moddalarni identifikatsiyalash va radiatsion nazorat qilish vositalari, avtomobil tarozilari, murakkab ko‘rikdan o‘tkazish optikalaridan foydalanish tobora keng yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining chegara bojxona postlarini katta xajmdagi yuk va avtotransport vositalarini skaner qiluvchi qurilmalar bilan ta’minlash maqsadida chet-el investitsiyalari va grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan qator ishlar olib borilmoqda. Natijada, 2011 yilda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Oybek” va Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” bojxona postlariga skaner qurilmalari yetkazib berildi. Joriy yilda esa xuddi shunday skaner Surxondaryodagi “G‘alaba” bajxona postiga ham yetkazib berish ko‘zda tutilmoqda.

Bojxona tizimida axborot texnologiyalaridan foydalanishda samaradorlikka erishish o‘z o‘rnida bojxona xodimlarining axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishni talab etadi. Bu borada, qo‘mitaning tarkibiy tuzilmalarida axborot kommunikatsion texnologiyalaridan hamda yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi dasturidan foydalanish bo‘yicha tasdiqlangan rejalar asosida doimiy ravishda o‘quv mashg‘ulotlari va xodimlarning bilim-ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan turli sinovlar o‘tkazib borilmoqda.

Shuningdek, Oliy harbiy bojxona instituti bazasida tashkil etilgan bojxona xodimlarining malakasini oshirish fakultetida alohida o‘quv rejalari va ilmiy materilallar asosida axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Bunda institutdagi 5 ta kompyuter o‘quv-amaliyot auditoriyalari tinglovchilar xizmatidadir.

To‘la ishonch bilan aytish mumkin-ki, Davlat bojxona qo‘mitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi, shuningdek sohaga joriy qilinayotgan axborot texnologiyalari mamlakatimizda bojxona nazoratini tashkil etishning asosiy mexanizmiga aylanib, mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish jarayonida bojxona tizimining tobora ortib borayotgan vazifalarini amalga oshirishning sifat jihatdan yangi bosqichini boshlab bermoqda.

Tadbir davomida jurnalistlar nafaqat mavzu yuzasidan, balki bojxona sohasiga doir boshqa masalalar bo‘yicha ham o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

Manba: www.customs.uz

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top