Infocom.uz

Bunyodkorlik, yangilanish va mehr-muruvvat ayyomi

Bahor o‘zining harir libosiga ohista o‘rab, mayin epkinlarda allalab, biz intiq va intizor kutgan ardoqli bayramimiz Navro‘zni olib keldi.

Bu ayyom nafaqat olamga, balki ruhimizga ham yangilanish olib kiradi. Daraxt novdalariga tiriklik suvi yugurgani misol ko‘zlarimizga nur, qalblarimizga surur, bilaklarimizga kuch, yuraklarimizga muhabbat inadi. Aynan Navro‘z faslida tabiatning bir bo‘lagi ekanimizni yanada teran anglaymiz. Shu yurt farzandi ekanimizdan, xalqimizga xos qadriyat va an’analar nechog‘li boqiy va sermazmun, milliy madaniyatimiz naqadar boy ekanidan g‘urur va iftixorga to‘lamiz. Yurtimiz tinch. Osmonimiz musaffo. Farzandlarimiz sog‘-salomat. Oilamiz mustahkam. Bir dunyo orzular bilan ertani kutib, kelajakka ishonib, to‘yu-tomoshalar qilish, yangi uy-joylar solish, turmushini bekamu ko‘st etish, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish niyatida yashayotgan xalqimiz “Xush kelibsan o‘lkamizga, Navro‘zi olam, qadaming qutlug‘ bo‘lsin, yurtimizdagi tinchlik-omonlikka ko‘z tegmasin!” deb Navro‘zga peshvoz chiqmoqda…

22 mart. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bayramona bezatilgan.

Bu yerga hukumat a’zolari, deputatlar va senatorlar, fan, madaniyat, san’at, sport sohalari namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, o‘quvchi va talaba yoshlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan.

Soat 12.00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keladi.

Tadbir qatnashchilari davlatimiz rahbarini qarsaklar bilan kutib oladi.

Chorlov musiqasi yangraydi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.

Davlatimiz rahbari barchani yasharish va yangilanish ayyomi bilan qutlar ekan, o‘zining ma’no-mazmuni, ko‘rku tarovati, teran falsafasi bilan boshqa bayramlardan ajralib turadigan Navro‘z timsolida xalqimizning o‘ziga xos ma’naviyati, o‘tmishi, asriy qadriyatlari, milliy urf-odat va an’ana-udumlari tobora sayqallanib, rivoj topib borayotganini ta’kidladi.

…Yangi kun boshlandi. Saharxez bobolarning nuroniy chehrasidan, duogo‘y momolarning ezgu tilaklaridan, tongni beshik quchib qarshilagan onalar allasidan boshlanadi bu kun. Sarrin yellar qanotida, yurtimizni hech qachon tark etmaydigan laylaklar xayolotida kirib keladi u. Navro‘z navosi yangraydi. Xalqimizning eng ardoqli bayrami boshlanadi va qanot qoqib butun yurtimiz uzra parvoz aylaydi. Vatanimiz bo‘ylab esayotgan bu muattar nasim har bir xonadon, har bir oila, har bir qalbga kirib boradi.

Muazzam maydon uzra mayin kuy taraladi. Ko‘klam sog‘inchi, tabiatga oshuftalik, ona zaminga muhabbat, sevgi va sadoqat, ertangi yorug‘ kunlarga ishonch hissi bilan yo‘g‘rilgan bu nafis ohang uni tinglayotgan har bir qalbning tub-tubigacha yetib boradi. Ana shunday sehrli navo og‘ushida maydon tegrasidagi ulkan monitorlarda yurtimizning husn-malohatda tengsiz tabiati, betakror qadimiy obidalariyu zamonaviy me’morchilik an’analari asosida qad rostlagan go‘zal binolar, shahar va qishloqlarimizning bugungi ko‘rku tarovati, fidoyi vatandoshlarimiz, yigit va qizlarning shijoatli qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Erta tongdanoq orasta shahar va qishloqlarda, mahallalarda karnay-surnay, nog‘orayu doira sadolari yangraydi. Jarchilar elu yurtni Navro‘z sayliga chorlaydi. Ko‘chalarni to‘ldirib borayotgan odamlar qalbidagi shodumonlik ularning yuz-ko‘zlarida aks etadi. Nabirasini yetaklagan otaxonlar, kayvoni onaxonlar, atlaslarda yal-yal yonib kelayotgan qiz-juvonlar, sochlariga tolbargak taqqan qizaloqlar, nigohlari osmonlarda havolanayotgan varraklarga qadalgan bolakaylar, belida belbog‘i bor bo‘z yigitlar – barcha-barcha Navro‘z sayliga oshiqadi.

Navro‘z – mehr-oqibat, odamiylik, xayr-muruvvat ayyomi. Xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bunday ezgu fazilatlar barcha an’ana va udumlarimizda, maraka va marosimlarimizda, ayniqsa Navro‘z falsafasida yanada teran namoyon bo‘ladi. Mahalla-ko‘y, el-yurt hamjihatlikda hasharga otlanadi. Ariq-zovurlar tozalanadi. Hammayoq – ko‘cha va guzarlar, ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltiriladi. Ildizlari milliy ma’naviyatimizning ko‘hna sarchashmalariga tutash hashar kunida keng miqyosdagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish yumushlari bajariladi. Navro‘z kunlarida el-ulus bir bo‘lib ko‘makka muhtoj kishilarga beminnat yordam beradi. Bemorlardan hol-ahvol so‘raladi. Tabarruk keksalarning duosi olinadi. Gina-kuduratlar unutilib, birodarlik rishtalari mustahkamlanadi. Qo‘ni-qo‘shnilar bir-birlariga Navro‘zning tansiq taomlarini ilinadilar.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, kimki xalqimizning mehribonligi va bag‘rikengligining yorqin ifodasi bo‘lmish ana shunday noyob odatlarimizning namoyishini ko‘rsa, ularning chuqur insoniy ma’nosini anglasa, hayratda qolishi muqarrar.

Bu hayrat xalqimizning o‘zligidan, o‘tmishiyu bugunidan, buyuk kelajagidan, milliy qadriyatlarni necha-necha asrlar davomida bezavol asrab-avaylab, saqlab, qadrlab kelayotganidan, farzandlarini-da ana shu ruhda tarbiyalab voyaga yetkazayotganidan uyg‘onadi.

Bu hayrat istiqlolning uchinchi o‘n yilligiga qadam qo‘ygan xalqimizning betimsol bunyodkorlik salohiyatidan, mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishu yangilanishlardan, shahar va qishloqlarimizda qad rostlayotgan bir- biridan go‘zal binolarimizdan, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy sohalarda erishayotgan yutuqlarimizdan, yurtimizni turli baloyu ofatlardan, xalqimizni g‘amu kulfatdan eson-omon saqlab kelayotgan Yurtboshimizning ma’naviy jasorati va qat’iyatidan tug‘iladi.

…Moviy ko‘kda sho‘x qanot qoqayotgan qushlar chug‘uri sarrin epkinlarda ohista tebranayotgan orasta gullar, bosh ko‘tarayotgan jamiki jonzot va mavjudot, dimoqqa urilayotgan tuproq hidi bilan uyg‘unlashib ketganday go‘yo. Butun tabiatda bo‘lgani kabi muazzam maydonda ham ajib uyg‘onish pallasi boshlanadi. Maydon tegrasida hilpirayotgan turfa bayroqlar atrofdagi anvoyi ranglarga qo‘shilib ketadi. Ko‘kda tebranib turgan ulkan havo sharlari dillarga zavq bag‘ishlaydi. Sahna aylanasidagi rangin chechaklar oftob nurlarida sirli jilolanadi.

Yuraklarni sel-simob qilib mumtoz navolar yangraydi. “Novdalarni bezab g‘unchalar, tongda aytdi hayot otini…”

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan har bir yilga aniq nom berilib, shu asosda maxsus davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish yaxshi an’anaga aylandi. 2012 yil yurtimizda Mustahkam oila yili, deb e’lon qilindi.

Davlatimiz rahbari istiqlolning ilk yillaridanoq milliy ma’naviyatimizning mustahkam qo‘rg‘oni hisoblangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvatlashga, ijtimoiy himoya qilishga, farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Yurtboshimizning “Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”, degan so‘zlari zamirida milliy g‘oyamizning bosh maqsadlaridan biri – sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazish maqsadi mujassam.

Oilalar mustahkamligining asosiy omillaridan bo‘lmish ona va bola salomatligini mustahkamlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, ommaviy sportni, xususan bolalar va xotin-qizlar sportini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bu borada amalga oshirilgan barcha chora-tadbirlar, sa’y-harakatlar, sog‘lom oilani shakllantirish orqali sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalashga yo‘naltirilgani yaxshi ayon.

Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat demakdir. Shu bois mamlakatimizda turmush qurayotgan yoshlarni nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimi joriy etildi.

O‘tgan yillar mobaynida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” konsepsiyasi asosida ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda aholiga bepul, yuqori malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyat va tuman filiallari tashkil etildi. Bugun 3200 dan ziyod qishloq vrachlik punkti odamlar salomatligini samarali muhofaza qilmoqda. Ushbu muassasalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash va malakali kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Deyarli barcha viloyatlarda ona va bola perinatal hamda skrining markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Amalga oshirilayotgan bunday ishlar natijasida keyingi o‘n yilda ijtimoiy xavfi katta bo‘lgan kasalliklarga chalinish, jumladan, tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilish holatlari 32,4 foiz kamaydi.

2011 yilda 5,9 million nafar xotin-qiz tibbiy ko‘rikdan, qariyb 150 ming homilador ayol skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Qishloq joylarda istiqomat qilayotgan 243 mingdan ortiq homilador ayol polivitaminlar bilan bepul ta’minlandi. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash darajasi qariyb 100 foizni tashkil etdi.

Mamlakatimizning sog‘liqni saqlash sohasida erishayotgan yutuqlari jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, Toshkentda 2011 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” mavzuidagi xalqaro simpoziumda ishtirok etgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen xonimning “Prezident Islom Karimov tomonidan e’lon qilingan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyilining hayotga tatbiq etilishi bugungi va kelajakda barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib, har bir odamning va butun aholining salomatligini ta’minlashning kafolatidir. O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash modeli boshqa ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin”, degan so‘zlari ushbu fikrning tasdig‘idir.

…“Buyuk oiladir aslida Vatan, buyuk oilamiz mustahkam bo‘lsin!” Shoirning bu satrlari zamirida istiqlol tufayli o‘z taraqqiyot yo‘lini o‘zi tanlagan, hech kimdan kam bo‘lmagan xalqimizning yorug‘ kelajagiga – ezgu niyatlarimiz ijobatiga qat’iy ishonch mujassam. Buyuk oilamiz – Vatanimiz mustahkamligi, qudrati farzandlarimiz salomatligi, jismoniy va ma’naviy kamoloti bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu borada sportning alohida o‘rni bor.

Bugun shahar va qishloqlarimizda bolalar sportini izchil rivojlantirish maqsadida yuzlab zamonaviy sport majmualari va stadionlar bunyod etilmoqda. 2011 yilda 130 sport inshooti qurib bitkazildi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganidan buyon mamlakatimizda qariyb 1500 dan ziyod sport majmuasi foydalanishga topshirildi.

Bunday ezgu sa’y-harakatlar samarasida mamlakatimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanuvchilar 2008 yildagi 29,2 foizdan 2011 yilda 34,9 foizgacha, jumladan, qizlar o‘rtasida 24,1 foizdan 31,4 foizgacha oshdi.

Qizlarni sportga keng jalb etish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bolalar sportini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga izchil tatbiq etilayotgan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida ham qizlarni sportga jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Dasturga muvofiq 8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida yurtimizning barcha hududlarida minglab sportchi qizlarga Prezident sovg‘alari – sport kiyimlari topshirildi.

…Maydonga o‘zbekning baxtli bolalari, gulg‘uncha lolalari, ona yurtning bahori – toshqin shalolalari kirib keladi. Yuzlarida samimiyat va beg‘uborlik balqigan o‘g‘il-qizlarning shodon kulgusi, jarangdor kuy-qo‘shiqlari barchani bolalikning sirli olamiga yetaklaydi. Ularning sho‘x-shodon kulgularidan dilimiz yayrar ekan, tabiat uyg‘onishining yoshlik fasli bilan naqadar uzviy va chambarchas bog‘liqligini yanada teranroq his etamiz. Xalqimiz bejiz yoshlikni umr bahoriga mengzamaydi.

Davlatimiz rahbari aytganidek, barcha ezgu niyatlarimizning markazida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassam.

Barkamol avlod orzusi – eng oliy orzu. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir ish, joriy etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida mana shu olijanob orzu mujassam. O‘zbekiston yoshlarining shijoati, aqlu zakovati, jismoniy va ma’naviy kamoloti, harakat va intilishlari ezgu maqsadlarimizga erishishning bosh omilidir.

Barkamol avlod kamolotida ta’lim alohida o‘rin tutadi. Poytaxtimizda shu yil bo‘lib o‘tgan “Yuksak bilimli va intelektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kuroda ta’lim sohasida amalga oshirayotgan ishlarimizga yuksak baho berar ekan, jumladan shunday dedi: “Ishonchim komilki, ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan katta hajmdagi investitsiyalar O‘zbekistonning eng ilg‘or mamlakatlar qatoridan joy olishiga zamin yaratadi. O‘zbekistonning ta’lim modeli eng zamonaviy talablarga javob beradigan ta’lim muassasalari barpo etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu model, avvalambor, sifatga, ya’ni o‘qituvchilar, o‘quvchilar, talabalar, o‘quv dasturlari va pirovard natijada bilimlar sifatini oshirishga asoslangan. Bundan tashqari, globallashuv bilan bog‘liq ehtiyojlar ham hisobga olingan holda ishlab chiqilgan mazkur ta’lim modeli O‘zbekistonning Osiyoda, umuman, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlash vositasi bo‘lib xizmat qiladi”.

Navro‘z nainki mehr-oqibat va saxovat, bag‘rikenglik ifodasi, balki o‘tgan kunlarga shukronalik, ertangi yorug‘ kelajakka ishonch, asriy an’analarga sodoqat timsoli hamdir.

Shu nuqtai nazardan bugun mamlakatimizda buyuk bobolarimiz asrlar davomida yaratgan boy ma’naviy va ma’rifiy merosni, milliy qadriyatlarimizni yanada boyitish va ularni umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un holda rivojlantirish, xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni ana shu ruhda tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hamon davom etayotgan global muammolar oqibatida jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan mavhum bir sharoitda ilg‘or axborot-kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan, yoshlarimizga milliy va xorijiy axborot-kutubxona fondlaridan keng foydalanish imkonini beradigan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – zamonaviy axborot-resurs markazi va Simpoziumlar saroyini o‘ziga qamrab olgan Ma’rifat markazining qurib bitkazilishi milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishga qaratilgan yuksak etiborning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

…Folklor-etnografik ansambllarning chiqishlarida, turfa raqslarda, xalq o‘yinlarida ko‘p ming yillik tarixga ega, go‘zal va betakror bayramimizning noyob qirralari o‘z aksini topadi. Bu qutlug‘ ayyomning kishilarni birlashtiruvchi, dillarni dillarga bog‘lovchi hayotbaxsh kuchi yanada yorqin namoyon bo‘ladi…

Biz yuksak texnologiyalar, global axborot asrida yashayapmiz. Har kuni bir yangilik, bir yangilanish guvohi bo‘lamiz. Mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Katta inshootlar, ravon yo‘llar va ko‘priklar, go‘zal xiyobonlar, zamonaviy ta’lim muassasalari, bog‘ va bog‘chalar, yangi qishloqlar bunyod etilmoqda. Yurtimizning turli go‘shalarida amalga oshirilayotgan bunday olamshumul o‘zgarishlarda taraqqiyot, farovonlik sari dadil odimlayotgan xalqimizning metin irodasini, qalb qo‘rini, bunyodkorlik salohiyatini ko‘ramiz.

Toshkent va Samarqand orasidagi 344 kilometr masofani atigi 2 soatda bosib o‘tadigan, yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” yo‘lovchi elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilishi Vatanimiz taraqqiyotidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

…Bayram tantanasi yanada qiziydi: hofizu xonanda, o‘lanchiyu laparchi, dorbozu masxarabozlar – hamma o‘z san’atini namoyish etmoqda. Moviy osmonga tutashib ketgan bepoyon kengliklarda sayllar, uloq-ko‘pkari, poygalar boshlanadi. Qir-adrlarda kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, merganlik bahslari qizigandan qiziydi. Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak va halim hidi dimoqni qitiqlaydi. Qaysi ko‘chaga kirmang, ko‘k somsayu turfa xil shirinliklar iforidan ishtahangiz ochiladi.

Yurtimizda yangi ish joylari tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ular uchun daromad manbalarini yaratish orqali turmush farovonligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2011 yilda mamlakatimizda yaratilgan bir millionga yaqin ish o‘rinlarining 68 foizdan ko‘prog‘i qishloq joylarida tashkil etildi. Ish haqi 20,2 foiz, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalar miqdori esa 26,5 foiz o‘sdi. Aholining real daromadlari yil mobaynida 23,1 foiz ortdi.

Navro‘z tomoshalari ko‘tarinki ruhda davom etadi. San’at ustalari, estrada yulduzlari, yosh ijrochilarning ona Vatanni, istiqlolni, Navro‘zni, bahor va muhabbatni madh etgan kuy, qo‘shiq va raqslari qalblarni junbushga keltiradi. Kuylar qo‘shiqlarga, qo‘shiqlar jozibali raqslarga ulanadi…

Ajdodlarimiz yangi mehnat yilini ayni Navro‘zdan boshlaganlar. Dehqonlarimiz aynu shu pallada el-yurt dasturxoni to‘kin bo‘lsin, degan yaxshi niyatda yerga baraka urug‘ini sochganlar.

Dehqon borki, ziroatchilikda qulay kelgan yilni eslolmaydi. Goh qurg‘oqchilik, goh jala, ba’zan bevaqt tushgan sovug‘u kutilmagan jazirama uni jiddiy sinovlarga duch qiladi. Murakkab ob-havo va iqlim sharoiti tufayli vujudga kelgan muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, mirishkorlarimizning fidokorona mehnati tufayli 2011 yili qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish shartnoma majburiyatlari ortig‘i bilan uddalandi: 6 million 800 ming tonna g‘alla, 3 million 500 ming tonnaga yaqin paxta, 8 million 200 ming tonnadan ortiq sabzavot va poliz, qariyb 3 million tonna bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirildi.

…Qishning qorli-qirovli kunlari, uzundan-uzoq tunlaridan zerikkan, quyosh taftini sog‘inib, iliqlik istagan qalblar dalalarga intiladi. Qorlar erib, ko‘klam libosiga burkangan qir-adirlarda bahor elchilari – boychechaklar bodraydi, chuchmomalar bosh ko‘taradi, qo‘zigullar ko‘zni quvontiradi. Ariq lablaridagi xas-xashaklar orasida yam-yashil yalpizlar bo‘y ko‘rsatadi. Osmonda arqon solib turnalar uchadi.

Dilbar kuy-qo‘shiq va raqslar samoga sochilgan rangin mushakbozlikka ulanib ketadi…

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z nashidasi kezmoqda. Shahar va qishloqlarimizda, bepoyon dashtu dalalarda Navro‘z sayli, bayram shodiyonalari davom etmoqda.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top