Infocom.uz

Buyuk salohiyatimizga munosib ma’rifat maskani

Mustaqil taraqqiyotimizning o‘tgan yigirma yili davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarining salmog‘iyu ko‘lamini ta’riflashga so‘z ojiz. Bu davrda yurtimizda asrlarga tatigulik betimsol ishlar qilindi. Shaharu qishloqlarimiz qiyofasini, odamlarning yashash sharoitini bundan yigirma yil oldingi holat bilan qiyoslaganda bu yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Milliy me’morchilik va zamonaviy arxitektura an’analarini o‘zida mujassam etgan betakror bino va inshootlar, muhtasham koshonalar, ulkan saroylar, muazzam maydonlar, ravon yo‘llar, mahobatli ko‘priklar, ko‘rkam uy-joylar, ijtimoiy obyektlar yurtimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Bularning barchasi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillikning dastlabki yillarida oldimizga qo‘yilgan ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdek ulug‘vor maqsadlar izchillik bilan amalga oshayotganini ko‘rsatib turibdi.

Vatanimiz mustaqilligining yigirma yilligi keng nishonlangan joriy yilda ham yurtimizning barcha hududlarida mahobatli inshootlar, shinam uy-joylar bunyod etildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyasi asosida poytaxtimiz markazida bunyod etilgan “Ma’rifat markazi” xalqimiz uchun munosib tuhfa bo‘ldi. Ushbu zamonaviy muhtasham binodan Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi joy olgan.

Prezidentimiz Islom Karimov 16 noyabr kuni mazkur inshoot bilan tanishdi.

Ushbu ulkan koshona istiqlol yillarida poytaxtimiz markazida barpo etilgan Yoshlar ijod saroyi, Tasviriy san’at galereyasi, Poytaxt biznes markazi kabi betakror inshootlarga hamohang tarzda yaxlit kompozitsiyani tashkil qilgan. Vatanimizning bosh maydoni – Mustaqillik maydoniga tutash ushbu hudud betakror landshaft dizayni bilan g‘oyat go‘zal qiyofa kasb etgan.

Islom Karimov dastlab Simpoziumlar saroyi bilan tanishdi.

Yirik ilmiy anjumanlar, xalqaro simpoziumlar o‘tkaziladigan mahobatli saroy o‘zining ko‘rku salobati, betakror me’moriy yechimi, bezaklari bilan nafaqat mintaqamizda, balki jahonda ham noyob hisoblanadi.

Mazkur muhtasham saroy o‘zida milliy me’morchilik va zamonaviy arxitektura uslublarini mujassam etgan. Saroy devorlaridagi serjilo naqshlar, mahobatli marmar ustunlar, moviy gumbaz me’morchilik bobida ham jahon ahlini hayratda qoldirgan ajdodlarimizning asriy an’analari davom etayotganidan dalolatdir.

Ushbu majmua milliy me’morlik san’atimizning ajoyib namunasi bo‘lib, uning muhandislik yechimlari, har qaysi ustuni, ichki va tashqi bezaklari o‘z kuchimiz, mohir usta, quruvchi va mutaxassislarimizning mehnati bilan bunyod etilgani hammamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, deb ta’kidladi Islom Karimov.

Davlatimiz rahbari bunday betakror bino va inshootlarni barpo etishga erishayotganimiz O‘zbekistonning intellektual salohiyati, kuch va imkoniyatlari barcha sohalarda bo‘lgani kabi qurilish va bunyodkorlik borasida ham tobora yuksalib borayotganining yaqqol isboti ekanini alohida qayd etdi.

“Toshgiprogor” aksiyadorlik jamiyati loyihasi asosida “12-Trest” aksiyadorlik jamiyati bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan “Ma’rifat markazi” binosiga kirib borishning o‘zidayoq ko‘z oldingizda go‘zal manzara namoyon bo‘ladi – markaz atrofidagi o‘ziga xos landshaft dizayni asosida yaratilgan yam-yashil maysazorlar, markazning har ikki tomonida bunyod etilgan favvoralar tashqi umumiy manzarani boyitish barobarida hududda mikroiqlim hosil qiladi.

Davlatimiz rahbari saroyning vestibuli, dizayni, zamonaviy me’moriy yechimlarga uyg‘un milliy an’ana va uslublarni, yoritish tizimini, devorda noyob toshlardan ishlangan ulkan pannolarni, bu yerga keluvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Simpoziumlar saroyining 1000 o‘rinli katta zali o‘z salobati va mahobati bilan har qanday kishini hayratga soladi. Me’moriy yechimiga ko‘ra dunyo tajribasida hali uchramagan gumbaz atrofi bo‘ylab joylashtirilgan 36 deraza zalda kun davomida tabiiy yorug‘likni ta’minlaydi.

Zal asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mebellar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Barcha kompyuterlar internetga simsiz ulangan.

Prezidentimiz “Ma’rifat markazi”da joylashgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan tanishdi.

Yurtimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo‘shgan, dunyo ilmiy jamoatchiligining diqqat-markazida bo‘lgan. Ma’naviyat va ma’rifat, ilm-fan va madaniyat yuksak qadrlangan.

Mustaqillik yillarida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan ko‘plab ma’rifat maskanlari barpo etilmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ana shunday zamonaviy koshonaga joylashtirilgani ham mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik va e’tiborning yana bir namoyishi bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mamlakatimizda milliy va jahon madaniyatini, fan va ta’limni rivojlantirish yo‘lida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasasi hisoblanadi. Milliy kutubxonamizning boy va nodir axborot-kutubxona fondi ma’naviy merosimiz va milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir.

Kutubxonaning yangi binosidan kitoblar muzeyi, o‘quv zallari, kitoblar do‘koni, kinomarkaz, internet va mediamarkaz, bolalar xonasi, dam olish xonalari o‘rin olgan. Yangi bino zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, avtomatlashtirilgan yaxlit axborot-kutubxona tizimiga ega. Axborot-kutubxona fondini belgilangan me’yorlar asosida saqlashning avtomatlashtirilgan tizimi mavjud.

Kutubxonaning o‘quv zallariga elektron katalog, internet va elektron ma’lumotlar bazasiga ulangan kompyuterlar o‘rnatilgan. Ilmiy xodimlar, nota-musiqa nashrlari, tadqiqotchilar uchun alohida qulayliklar yaratilgan.

Mamlakatimiz rahbari har qaysi davlat, har qaysi millat avvalo yuksak madaniyati, ma’rifat va ma’naviyati, barkamol yoshlari bilan kuchli ekanligini ta’kidladi. Shu ma’noda, ushbu ziyo maskani avvalambor yoshlarimizni yuksak intellektual bilim va salohiyatga ega, erkin fikrlovchi insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi lozim.

Prezidentimiz kutubxona faoliyati bilan tanishar ekan, uning ishini mazmun jihatdan yanada mukammallashtirish, mavjud tuzilmani zamon talablari nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish, bunda eng taraqqiy etgan davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish lozimligini ta’kidladi. Kutubxona fondidan foydalanish tizimini takomillashtirish, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda aholi turli yosh qatlamlarining talab va ehtiyojlari, qiziqishlarini e’tiborga olish, ko‘rsatilayotgan qo‘shimcha xizmatlar turlarini yanada kengaytirish va sifatini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Azim poytaxtimiz chiroyiga chiroy qo‘shgan “Ma’rifat markazi” o‘zbek milliy shaharsozlik maktabining yana bir yorqin namunasi bo‘lib qoladi. U buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan boqiy obidalar singari Vatanimiz shuhratini olamga yoyishga, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarimiz hech kimdan kam bo‘lmagan shart-sharoitlarda o‘qib-izlanishi va kamolga yetishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top