Infocom.uz

Chorak yakunlari muhokamasi

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2012 yil iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalarning kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralardagi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Joriy yil birinchi choragida Kompleks bo‘yicha jami 817,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, xizmatlar ko‘rsatildi. O‘sish sur’ati 2011 yilning shu davriga nisbatan 119,6 foizni tashkil etdi. Aholiga 439 milliard so‘mlik (120,9 foiz) pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 72,6 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi yoki rejaga nisbatan 277 foizga bajarildi, eksport prognozi ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi.

Kompleks yig‘ilishida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etishda mahalla va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini yanada kuchaytirish hamda maqomini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim-tarbiya muassasalari bilan oila institutining o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligi, oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, oilada tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligiga doir vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Majlisda qishloq joylarda yoshlarning internet tarmog‘ida ishlashi va aholini kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda “Yagona oyna” markazlari orqali aholiga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa kommunal xizmatlarni ko‘rsatish va to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan axborot va billing tizimlarini yaratish to‘g‘risidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil mart oyida qabul qilingan qarorlarga asosan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy qilish va rivojlantirishda axborot tizimlarini tatbiq etish bilan birgalikda, mavjud kompyuter texnikasi va texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi faoliyatini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali respublikada axborot-kutubxona xizmatlarini yangi bosqichga ko‘tarish choralari belgilab olindi.

Shuningdek, davlat va nodavlat arxivlarida fuqarolarga beriladigan ma’lumotlarning haqqoniyligini ta’minlash, arxiv hujjatlarining saqlanishini tartibga keltirish, arxiv xodimlari mas’uliyatini oshirish, aholini biometrik pasportlar bilan ta’minlash bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda 2012 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini so‘zsiz amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing: