Infocom.uz

Chorak yakunlariga bag‘ishlandi

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2009 yilning asosiy yakunlari va 2010 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi “Asosiy vazifamiz – Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdir” ma’ruzasida belgilangan vazifalarning Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda bajarilishi, tarmoqda investitsion loyihalar, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, modernizatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish va hajmlarini ko‘paytirish, innovatsion loyihalarning ijrosi, yangi texnologiyalarni yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Joriy yilning birinchi choragida Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan jami 616,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, xizmatlar ko‘rsatildi va bu boradagi o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 19,4 foizni tashkil etdi. Aholiga ko‘rsatilgan pullik xizmatlar 286,9 milliard so‘mni tashkil etdi. 48 million AQSH dollarilik xorij investitsiyasi jalb qilinib, investitsiya dasturi ortig‘i bilan bajarildi, eksport prognozi ko‘rsatkichlari 124,2 foizdan oshdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “Barkamol avlod yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, dastur doirasida oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan qurilish, rekonstruksiya ishlarining borishi, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish va ularning o‘z intellektual salohiyatini namoyish etishi uchun shart-sharoit yaratish, ularni turli yot g‘oya va ma’naviy tahdidlardan himoya qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Vazirlik va idoralarda, mahalliy hokimlik organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, yaratilayotgan axborot tizimlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish va elektron hujjat almashuvi joriy etilishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda hujjatlar bilan ishlashni takomillashtirish, ijro intizomini mustahkamlash, bu borada rahbarlar va mutaxassislarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi hamda qarorlar qabul qilindi. Manba: www.uza.uz

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top