Infocom.uz

Davlat boshqaruvi organlarida himoyalangan elektron pochta va hujjat aylanishi tizimidan foydalaniladi

dsc08924

Seminarda 200dan ortiq turli vazirlik va idoralar vakillari, хususan devonxona va nazorat xizmati xodimlari, AKT yo‘nalishi mutaxassislari ishtirok etishdi. Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti vakili, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbariyati so‘zga chiqib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni, sohaga qaratilayotgan e’tibor, davlat boshqaruvida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng qo‘llanilishi hamda rivojlantirilishida, xususan, o‘zaro axborot almashinuvi jarayonida himoyalangan korporativ elektron pochta va elektron hujjat aylanishi tizimidan foydalanishning samara va qulayliklari haqida so‘z yuritdilar.

Boshqaruv tizimini takomillashtirish, idoralararo vazifalarni tezkor hal etish, shuningdek qog‘oz sarfini qisqartirish maqsadida kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shu jumladan, elektron raqamli imzo kalitlaridan foydalangan holda elektron hujjat aylanishi, axborot tizimlarini izchil sur’atlarda joriy etish, davlat va idoraviy interaktiv xizmatlar sonini va ularni ko‘rsatish darajasini oshirish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylangan.

Joriy yilning 4 mayida Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida yagona himoyalangan elektron pochtani va elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish hamda ulardan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 126-son qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida yagona himoyalangan elektron pochta va elektron hujjatlarning tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish va foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

U hukumat va davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati idoralari o‘rtasida aloqalarning samaradorligini oshirishga, hujjatlarni ishlash, saqlash va foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, axborotlarning qog‘oz va elektron manbalardagi oqimini maqbullashtirish, hamda hujjatlarni saqlash, tahlil qilish, qayta ishlash, kiritish uchun yagona axborot makonini yaratishga imkon beradi. Shuningdek, axborot almashinuvining himoyalanishini ta’minlab, davlat organlari faoliyatida qog‘ozdan foydalanishni qisqartirishga xizmat qiladi.

Qarorga asosan Vazirlar Mahkamasi hamda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati idoralari o‘rtasidagi elektron axborot almashishi faqat «E-XAT» himoyalangan yagona elektron pochtasi va «E-Hujjat» elektron hujjat aylanishi tizimi orqali amalga oshirishni ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda mazkur axborot tizimlari 30dan ziyod tashkilotlarda va Agentlik tizimidagi korxonalarda foydalanilib kelinmoqda.

Seminarda qaror yuzasidan shu kungacha amalga oshirilgan ishlar, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’ul shaxslari hamda foydalanuvchilarining yagona himoyalangan elektron pochtadan foydalanishi, elektron hujjat aylanishi tizimida ishlash tartiblari to‘g‘risida ma’ruzalar qilindi. Shuningdek, joylarda ish samaradorligini oshirishda qo‘llash hamda mazkur tizimlardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida har bir ishtirokchiga ma’lumotlar jamlangan multimedia disklari tarqatildi.

Qatnashchilarning mavzu yuzasidan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top