Infocom.uz

Davlatda raqamli iqtisodiyot sektorining o‘sish darajasiga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish

So‘nggi yigirma yil ichida, raqamli texnologiyalar, jamiyatni ko‘rilmagan miqyosda o‘zgartirdi va bugungi kunda aynan raqamli texnologiyalar, keng ko‘lamli ijtimoiy o‘zgarishlar va iqtisodiy taraqqiyot uchun zarur bolgan salohiyatga egadir.

Shuning uchun, bu raqamli asrda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun hukumatlar raqamli texnologiyalarga asoslangan iqtisodiy tizimni tushunishlari juda muhim bo‘lib qoldi.

Jahon Bankining 2022-yil ma‘lumotlariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot, jahon yalpi ichki mahsulotining 15% dan ortig‘ini tashkil etadi va so‘nggi o‘n yil ichida jismoniy dunyo yalpi ichki mahsulotidan 2,5 baravar tezroq o‘sgan[1].

Raqamli transformatsiyaga yo‘naltirilgan investitsiyalar barcha sohalarda raqamli texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan mahsulotlar, xizmatlar va tajribalarni yaratishga yanada turtki beradi, bu esa iqtisodiy rivojlanishga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu jarayonni osonlashtirish uchun milliy hukumatlar o‘z sa’y-harakatlarini va investitsiyalarini raqamli iqtisodiyotning muhim omillariga qaratishlari kerak. Shuning uchun, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun to‘g‘ri va samarali siyosatlarni shakillantirish zarurdir. Jahon Iqtisodiy Forumi (WEF) tomonidan ishlab chiqilgan va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradigan oltita asosiy tavsiyalarga shular kiradi:

  • Inson kapitalini jalb qilish;
  • Mahalliy raqamli biznesni himoya qilish;
  • Milliy farovonlik jamg‘armasini tashkil etish;
  • Umumiy daromad siyosatini shakllantirish;
  • Raqamli aktivlar tizimini ishlab chiqish;
  • Davlat integratsiyasini rivojlantirish.

Ozbekistonda raqamli iqtisodiyotning rivojlanish darajasi

Markaziy bank ma‘lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlariga binoan O‘zbekiston banklariga tushgan pul tushumlarining umumiy soni 669 trln so‘mni tashkil etdi, bu esa 2022 yilga nisbatan 28% ga ko‘proqdir (522 trln). Shunday qilib, banklarga naqd pul tushumlari bir yil ichida 20% ga oshib, 414 trln so‘mni tashkil etdi. Ammo shunga qaramay, naqd pul ulushi 66% dan 62% gacha kamaydi (2021 yilda 69% edi). Terminallar orqali qabul qilingan pul tushumlariga kelsak, ular 44% ga — 255 trillion so‘mgacha, ularning ulushi esa 34% dan 38% gacha (2021 yilda — 31%) oshdi.

Rasm 1. Barcha pul tushumlarining tuzilishi va dinamikasi (trln. somda)

                            Markaziy bank ma’lumotlari asosida RITM tomonidan tuzilgan

2023 yilda bank kartalariga 789 trln so‘mlik mablag‘ tushdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichidan 1,4 baravar ko‘proqdir. Kartalarda saqlangan mablag‘larning naqdlashtirilishi esa kundan kunga kamayib bormoqda: 2019 yilda mablag‘larning 31,9%, 2020 yilda 34,4%, 2021 yilda 31,7%, 2022 yilda 26,9%, 2023 yilda esa 24% naqdlashtirildi.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra naqd pulning umumiy pul massasidagi ulushi (M2) 21,5% ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,8% ga kamaydi. Kelajakda naqd pulsiz to‘lovlar foizi faqat o‘sib boradi, chunki soliq ma‘muriyatini yaxshilash uchun Prezidentning elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

1 apreldan boshlab quyidagi tashkilotlarning elektron to‘lov tizimiga majburiy ulanish orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish taklif etiladi:

  • Aholiga xizmat ko‘rsatadigan byudjet tashkilotlari;  
  • Neft va gaz mahsulotlarining savdosi bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar;
  • Mol-mulkni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;
  • Jismoniy shaxslarga uy-joy savdosi bilan shug‘ullanadigan qurilish tashkilotlari. Xonadonlar uchun to‘lovlar naqd pulsiz shaklda elektron hisob-faktura bilan rasmiylashtirilishi rejalashtirilgan[1].

O‘zbekistondagi FinTech sektorining holatiga kelsak, u tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Shunday qilib, so‘nggi ikki yil ichida investitsiyalarning 61% ushbu sohaga yo‘naltirildi. Shu bilan birga, respublikada internetga ulanish darajasi 77%, smartfonlarning foydalanish soni darajasi 76% va elektron tijoratning kirish darajasi (chakana savdo ulushi) 2,2% ni tashkil etdi.

2024 yilga kelib respublikada 35 ta bank (ulardan 10 tasi davlat), 3 ta milliy to‘lov operatori (Uzcard, HUMO, Qulay Pul), 49 ta to‘lov tashkiloti, 3 ta raqamli bank, 10 ta kripto-do‘kon, 2 ta kripto-birja va 2 ta kripto-depozitariy faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mamlakat hududida muomalada 39,5 millionga yaqin plastik kartalar mavjud, ya’ni aholi jon boshiga deyarli 1,1 plastik karta to‘g‘ri kelmoqda.

Umuman olganda, respublikada banklarning raqamlashtirilish jarayoni kuzatilmoqda, bu esa raqamli hamyonlarning mashhurligini oshirmoqda. Shuningdek, FinTech-larning «Superapp» (raqamli ekotizim mahsulotlariga va xizmatlariga kirish imkonini beruvchi ko‘p funksiyali mobil ilova) bo‘lish istagi tobora ortib bormoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, aholining «Islom moliyasi» ga bo‘lgan talabining yuqoriligi, kelgusi yillarda ushbu sohaning jadal o‘sishiga olib keladi. Shuningdek, kichik va o‘rta bizneslarga e’tibor qaratgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatadigan neobanklar soni sezilarli darajada oshdi.

Elektron tijorat sektoriga kelsak esa, uning ishtirokchilari orasida BNPL (hozir sotib oling keyin to‘lang) tizimi butun bozor o‘sishining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda, Uzum Market mahsulotlarining deyarli 45% Uzum Nasiya orqali to‘lanmoqda, bu esa yetkazib beruvchilar biznesining o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

So‘nggi bir necha yil ichida, respublikaning hukumati tomonidan kriptovalyutaga nisbatan me’yoriy-huquqiy bazasini rivojlantirishga qaratilgan e’tibori ham ortdi. Aholi va biznes uchun muqobil investitsiya manbasi sifatida ishlatiladigan kriptovalyuta sektorining rivojlanishi ham kuzatilmoqda.


Manbalar: 1 2

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top