Infocom.uz

Deputatlar bo‘lajak ofitserlar huzurida

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakultetida Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va samaralariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa vazirligi vakillari, oliy harbiy bilim yurtlarining o‘qituvchi va kursantlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Jo‘rayev, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori H.Muhiddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy armiyamizni takomillashtirish va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi. Harbiylarimizning taktik va texnik tayyorgarligi yuksalib, muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimining takomillashgani, milliy armiyamiz saflari puxta bilim va yuqori mahoratga ega askar, serjant va ofitserlar bilan to‘ldirilayotgani buning dalilidir.

Bu jarayonda oliy harbiy bilim yurtlari moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi, harbiy ta’limning zamonaviy shakl va uslublari keng joriy etilmoqda. Buni zamonaviy aloqa vositalari bilan ta’minlangan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti misolida ham ko‘rish mumkin.

Bu yerda bo‘lajak ofitserlar ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zarur shart-sharoit mavjud. Ilmiy, harbiy va badiiy adabiyotlarga boy kutubxona kursantlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotir. Amaliy o‘quv maydoni, yopiq sport zali hamda qo‘shimcha yangi o‘quv korpusining foydalanishga topshirilishi bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirayotir.

Deputatlar harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bu boradagi qonunchilikni yanada mustahkamlash borasida bajarilayotgan ishlar yuzasidan so‘zlab berdilar va kursantlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardilar.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing: