Infocom.uz

“Elektron raqamli imzo va elektron hujjat aylanishining dolzarb muammolari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi

pic

Forumda davlat organlari, vazirliklar, idoralar, xalqaro tashkilotlar, mamlakatimiz va xorijdagi ilmiy markazlar, kompaniyalar, tijorat tuzilmalari, axborot texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi firmalar vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirni o’tkazishdan asosiy maqsad elektron raqamli imzodan foydalangan holda, elektron hujjat aylanishini keng joriy etish va qo’llash jarayonlarini faollashtirish, eng dolzarb muammolarni aniqlash hamda ko’rib chiqish, ilg’or tajribalar bilan tanishish va tajriba almashishdan iborat.

O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori o’rinbosari A.Xo’jayev mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 2010 yilgacha kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturiga muvofiq, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari belgilangan.

2003-2004 yillarda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan qator qonun hujjatlari qabul qilindi. “Elektron raqamli imzo to’g’risida”gi qonun shulardan biridir. Ushbu hujjatga binoan elektron raqamli imzo o’z qo’li bilan qo’yilgan imzoga tenglashtirilgan va u bilan bir xil yuridik kuchga ega. “Elektron hujjat aylanishi to’g’risida”gi qonun esa elektron raqamli imzo majburiy rekvizitlaridan biri hisoblangan elektron hujjatning yuridik kuchini, “Elektron tijorat to’g’risida”gi qonun elektron tijoratni huquqiy tartibga solish jihatlarini belgilaydi.

Bugungi kunda respublikamizda elektron raqamli imzoni samarali qo’llash uchun zarur huquqiy shart-sharoit yaratilgan, milliy infratuzilma shakllantirilib, zarur vositalar ishlab chiqilgan. Elektron raqamli imzoni barcha joylarda keng qo’llash maqsadida ushbu sohadagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, elektron raqamli imzoni ro’yxatga olish bo’yicha milliy markazlar faoliyatini yanada kengaytirish, ularni xalqaro talablarga muvofiq jihozlashni yaxshilash, mamlakatimizda elektron hujjat aylanishi infratuzilmasini rivojlantirish va elektron raqamli imzoni transchegaraviy qo’llash uchun sharoit yaratish darkor. Hozir O’zbekistonda elektron raqamli imzolar kalitlarini ro’yxatga olish bo’yicha ro’yxatdan o’tkazilgan to’rtta markaz faoliyat ko’rsatmoqda.

Davlat boshqaruvida elektron hujjat aylanishidan foydalanish hujjatlar bilan ishlash natijalarini, ishonchliligi va samaradorligini oshiradi, boshqaruv sifatini yaxshilaydi va hujjatlar ijrosini nazorat qilish ta’sirchanligini kengaytiradi. Bundan tashqari, boshqaruv faoliyatini hujjatlar orqali ta’minlash bilan bog’liq xarajatlarni kamaytiradi.

Davlat organlarining ruxsat beruvchi hujjatlarga ega bo’lish, soliq, moliya, statistika va boshqa hisobotlarni yig’ish bo’yicha turli xizmatlarni ko’rsatishda jismoniy hamda yuridik shaxslar bilan hamkorlik qilishida elektron hujjat aylanishini qo’llashga ehtiyoj tobora kuchaymoqda. Hozir statistika organlari tomonidan elektron shakldagi davlat statistika hisobdorligini qabul qilish borasida tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda, shuningdek, soliq inspeksiyasi organlarida ham shunday tizim yaratilgan.

Anjumanda elektron shakldagi davlat interfaol xizmatlarini ko’rsatishni tashkil etish, integratsiyalashgan davlat axborot tizimlarini yaratish, davlat axborot resurslarini hudud va makonda birlashtirish, barcha darajada elektron xizmatlarni taqdim etishni ta’minlaydigan elektron muhitni shakllantirish kabi dolzarb masalalar muhokama etilmoqda. Shu bilan birga, shaxsiy axborotni himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash, transchegaraviy elektron hujjat aylanishida uchinchi tomonga ishonilgan servislar va elektron raqamli imzoni qo’llashga katta ahamiyat berilmoqda.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo’mitasi raisi A.Mo’minov, BMT Rivojlanish dasturining O’zbekistondagi doimiy vakili Anita Nirodi, “InfoTeks”ochiq aksiyadorlik jamiyati tahlil bo’limi boshlig’i A.Lunin (Rossiya), Qirg’iziston axborot resurslari va texnologiyalari davlat agentligi direktori N.Valiyeva va boshqalar shu haqda gapirdi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top