Infocom.uz

ENG YAXSHI XABARCHI” KO‘RIK-TANLOVI HAQIDA

Dastlab “O‘zbekiston pochtasi” OAJ filiallarining shahar, tuman pochta aloqa tarmoqlarida ko‘rik-tanlovlar bo‘lib o‘tdi. So‘ngra viloyat bosqichi o‘tkazilib, uning g‘oliblari respublika tanlovida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.

2005 yilning 5-6 may kunlari “O‘zbekiston pochtasi” OAJ katta majlislar zalida tanlovning so‘nggi – Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zbekiston pochtasi” OAJ Bosh direktori Rustam Qosimov, O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi markaziy kengashi raisi Tohir Nazarjonov, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining pochta texnologiyalari va xizmatlari bo‘limi boshlig‘i Tamara Bajanovalar so‘zga chiqib, tanlov ishtirokchilariga omad tiladilar. Ko‘rik-tanlov nizomiga muvofiq tanlov ishtirokchilari to‘rt shart bo‘yicha bellashdilar va har bir shart o‘n ballik baholash tizimi asosida olib borildi.

Tanlovning birinchi kuni Toshkent Aloqa kasb-hunar kolleji sport zalida 14 nafar ishtirokchi sportning basketbol va yengil atletika estafetasi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Pochtachi doimo odamlar orasida bo‘ladi. Shuning uchun ham u o‘z kasbining ustasi, intelektual salohiyatli bo‘lishi zarur. Tanlovning ikkinchi shartiga ko‘ra pochtachilarning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, o‘z kasblari va haq-huquqlarini qay darajada bilishlari sinovdan o‘tkazildi.

Uchinchi shartga muvofiq har bir ishtirokchidan pochta jo‘natmalari va davriy nashrlarni manzillari bo‘yicha saralash, taxlash, ish varaqasini tayyorlash, qayd etish talab qilindi. Aytish mumkinki, bunda ular o‘z kasbiy mahoratlarini namoyish qila olishdi.
To‘rtinchi shartga ko‘ra ashula, she’r aytish va boshqa erkin mavzular bo‘yicha ham ishtirokchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi. Vanihoyat, hakamlar hay’ati tomonidan tanlov g‘oliblarini e’lon qilindi: birinchi o‘rin – Toshkent viloyati vakili, Angren shahar pochta aloqa tarmog‘i 17-aloqa bo‘limi xabarchisi Lyubov Davletova, ikkinchi o‘rin – Toshkent shahri vakili, “Toshkent pochtamti” filialining 77-aloqa bo‘limi xabarchisi Tatyana Glushkova, uchinchi o‘rin – Samarqand viloyati vakili, Samarqand shahar pochta aloqa tarmog‘ining 60-aloqa bo‘limi xabarchisi Alijon Shaymanovga nasib etdi.

pic

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari Asadjon Xadjaev, “O‘zbekiston pochtasi” OAJ Bosh direktori Rustam Qosimovlar birinchi o‘rin sohibasiga diplom va rangli televizor, ikkinchi hamda uchinchi o‘rin egalariga diplom va video magnitofonlarni topshirishdi. Shuningdek, tanlovning har bir ishtirokchisiga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ko‘rik-tanlov nafaqat g‘oliblarni aniqlaydi, balki pochta aloqasi sohasi xodimlari orasida sog‘lom hayotga bo‘lgan intilishni kuchaytirishga, millatlararo do‘stlik yanada mustahkamlashga hamda xodimlarning malakasini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini yuksaltirish, ilg‘or ish uslublarini ommalashtirishga katta yordam beradi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top