Uchrashuvni institut rektori professor Aziz Oppoqovich To‘rayev kirish so‘zi bilan boshlab berdi. Shoir hayoti va ijodiy faoliyati to‘g‘risidagi o‘z fikrlarini bayon qildi.
Uchrashuv ishtirokchilarida Ibrohim G‘ofurovning shoir ijodi to‘g‘risidagi ma’ruzasi katta taassurot qoldirdi. Ibrohim G‘ofurov Erkin Vohidov asarlarining yozilish tarixi va bu asarlarning yoshlar tarbiyasiga ta’siri to‘g‘risida ma’ruza qildi.
O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov Erkin Vohidov g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlarni kuylab berdi.
Fanlar akademiyasining Asosiy kutubxonasi mudirasi Zuhra Berdiyeva «Erkin Vohidovning bibliografiyasi» mavzuida ma’ruza qildi. Shoirning 60 yil mobaynida e’lon qilingan asarlarini o‘z ichiga qamrab olgan bibliografik qo‘llanma taqdimoti ham o‘tkazildi.
«Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan 2000-2001-yillarda atoqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidovning «Ishq savdosi», «She’r dunyosi» va «Umrim daryosi» nomlari bilan uch jildlik «Saylanma»si chop etilgan. Mazkur asarlarni elektron resurs sifatida tarmoqda taqdim etish uchun «Erkin Vohidov asarlarining elekt-ron kutubxonasi» yaratildi.
Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida «Saylanma»ga kiritilgan har bir jild raqamlashtirildi. Raqamlashtirilgan har bir jild matniga maxsus dastur asosida ishlov berilib, u MSWord dasturi bilan ishlov beriladigan shaklga keltirildi. Har bir jildda joylashgan har bir alohida asar qirqib olinib alohida nom ostida .doc formatida saqlandi.
Elektron kutubxona Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutida ishlab chiqilgan «Korporativ axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi (KARMAT-U)» asosida yaratildi.
Elektron kutubxona foydalanuvchilarga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
1. Elektron kutubxonaning elektron katalogidan foydalanib masofadan turib Erkin Vohidov asarlari to‘g‘risida bibliografik ma’lumot olish mumkin.
2. Elektron kutubxonaning elektron resurslar fondidagi Erkin Vohidovning uch tomlik «Saylanma»siga kiritilgan barcha asarlar to‘liq matnini ko‘rish mumkin.
3. Elektron kutubxona Toshkent Davlat madaniyat instituti va Toshkent axborot texnologiyalari Universiteti saytiga qo‘yilgach, E. Vohidovning uch tomlik «Saylanma»siga kiritilgan asarlar dunyodagi barcha foydalanuvchilarga taqdim qilinadi.
4. Elektron kutubxonaning qidiruv apparati yordamida «Saylanma»ga kiritilgan har bir asarning sarlavhasi, nashr etilgan yili, nashriyot nomi, asar tili va boshqa bibliografik tavsif elementlari asosida qidirish bajariladi.
5. Elektron kutubxona KARMAT-U tizimi asosida yaratilganligi tufayli bugungi kunda tizim joriy qilingan barcha axborot kutubxona muassasalarida Erkin Vohidov asarlarining elektron katalogidan foydalanish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov asarlarining elektron katalogiga asoslangan elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish davom etmoqda, hozirgi kunda shoirning uch tomlik «Saylanma»si to‘liq raqamlashtirilib undagi har bir asar to‘g‘risidagi bibliografik axborot elektron katalogga kiritilgan.
Kelgusida Erkin Vohidov asarlari to‘g‘risidagi e’lon qilingan va Internet tarmog‘idagi E. Vohidov va uning asarlari to‘g‘risidagi materiallar hamda shoir tomonidan e’lon qilishga mo‘ljallangan fotosuratlarni elektron kutubxona fondiga kiritish mo‘ljallanmoqda.
Shunday qilib, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov asarlarining elektron katalogiga asoslangan elektron kutubxonasi yaratildi, elektron kutubxonaning elektron fondini shakllantirish davom etmoqda. 2011-yilda Alisher Navoiyning 20 tomlik asarlari Internet tarmog‘i orqali jahon axborot muhitiga chiqqan bo‘lsa, bugungi kunda O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning uch tomlik «Saylanmasi» shoirning dunyodagi barcha muxlislari mulki bo‘ldi.