Infocom.uz

“Fuqarolik jamiyati institutlari tizimida bosma ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini oshirish masalalari” mavzusida respublika konferensiyasi

smi_30_11_2010

Tadbirda deputatlar va senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, O‘zbekiston ekologik harakati a’zolari, respublikaning yetakchi bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklari rahbarlari qatnashdilar.

Konferensiyada OAV faoliyatining huquqiy asoslarini liberallashtirish va demokratlashtirish, ularning moliyaviy mustaqilligi va erkinligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarini amaliyotga tatbiq etish, Internet-jurnalistikani rivojlantirish, bosma OAVlar uchun malakali jurnalistlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, bosma nashrlarning elektron nusxalarining ko‘rinishi va kontentini yaxshilash hamda partiya matbuotini rivojlantirish va uning jamiyat siyosiy hamda elektoral madaniyatini oshirishdagi vazifalari kabi masalalar muhokama etildi.

smi_30_11_2010_1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” ma’ruzasida ta’kidlaganidek, “Demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtiroki haqida so‘z borganda, axborot vositalarini odamlar o‘z fikri va g‘oyalarini, sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabati va pozisiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirmasdan turib, bu maqsadlarga erishib bo‘lmasligini o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz. Ma’lumki, fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi insonning axborot olish, axborotni va o‘z shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim sharti, ta’bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblanadi”.

Aynan shuning uchun ham sohaga oid qonun hujjatlarini yaratish bilan bir qatorda, so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi, insonlarning shaxsiy fikrlarini bemalol bildirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratish, ushbu yo‘nalishdagi to‘siqlarini bartaraf etish, hozirgi kun talablariga umuman javob bermaydigan nomaqbul bo‘lgan eskirgan qarashlardan voz kechish O‘zbekistonda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab birlamchi vazifalardan hisoblanadi.

Darhaqiqat, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. So‘z erkinligini ta’minlash va ommaviy axborot vositalarining emin-erkin faoliyat olib borishi uchun zarur qonun hujjatlari qabul qilindi, senzuraga yo‘l qo‘ymaslik qonunlarimizda mustahkamlab qo‘yildi. Faqat sud aralashuvi bilangina tahririyatlar faoliyatini to‘xtatish tartibi o‘rnatildi. Axborot tizimida nodavlat, jamoat institutlari va tuzilmalarining tashkil bo‘lishi va rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratildi. Bosqisma-bosqich axborot sohasida bozor iqtisodiyoti mexanizmi joriy etilmoqda. Mamlakatda faoliyati nodavlat nashrlar. Televideniya, radio, bosma nashrlar hamda audiovizual vositalari qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan jamoat tashkilotlari rivojlanmoqda.

Bugun mamlakatimizda mingga yaqin bosma ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mustaqillik yillarida bosma OAV tizimi deyarli qaytadan tashkil etildi, siyosiy-ijtimoiy yo‘nalishdagi yangi gazetalar vujudga keldi. Jamiyatning turli qatlamlariga mo‘ljallangan qator gazeta va jurnallar paydo bo‘ldi. Hozirda mamlakatda 700ga yaqin gazeta, 240 jurnal, 4 axborot agentliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.

OAV sohasiga kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga oid Davlat dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu Dastur o‘quv jarayonlarini yaxshilashni, zamonaviy axborot talablari asosida jurnalistlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni, ularni sohaga yo‘naltirishni, jurnalistika fakulteti texnik bazasini mustahkamlashni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda axborot sohasiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar ommaviy axborot vositalari uchun yangi imkoniyatlar yaratish bilan birga, Internet jurnalistika rivojiga, milliy OAVning xalqaro media maydonda integrallashuviga xizmat qiladi. Bugungi kunda yangilik berib boruvchi milliy Internet portallar tizimi kengaymoqda, deyarli barcha bosma OAVlar o‘z veb-saytlariga egalar. 2010-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra milliy “UZ” domeni maydonidagi domenlar soni 10,3 mingtaga yetdi. Vazirlik va idoralar tomonidan veb-saytlar orqali aholiga interfaol xizmat ko‘rsatish 2,8 martaga ko‘paydi. Internet tizimiga ulanishga yordam beruvchi tashkilotlar soni 977ga yetdi. Internetdan foydalanuvchilar soni 6 milliondan oshdi.

Mustaqil bosma nashrlar tashkiliy-huquqiy sharoitlarini hamda ularning erkin rivojlanishi va shakllanishining huquqiy va iqtisodiy kafolatini takomillashtirish, jamiyatni liberallashtirish va demokratik o‘zgarishlarda ularning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan e’lon qilingan Konsepsiyada axborot sohasida bir qator yangi qonunlarni ishlab chiqish va amaldagi qonunlarga qator o‘zgarishlar kiritish taklif qilinmoqda.

Yangi qonun hujjatlarining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi, shuningdek, axborot sohasiga oid amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi quyidagi imkoniyatlarni yaratib beradi:

Birinchidan, fuqarolarning axborot olishdagi konstitusiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish, davlat organlarining qaror qabul qilishdagi mas’uliyatini kuchaytirish, aholining o‘z huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlariga doir qabul qilinayotgan qarorlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratish, ijro hokimiyati organlari faoliyatining, davlatning ichki va tashqi siyosatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash;

Ikkinchidan, axborot bozori ishtirokchilari faoliyati samaradorligini kuchaytirish, ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va ularninng faoliyatini jonlantirish, ularga qo‘shimcha iqtisodiy imtiyozlar yaratish, milliy axborot maydonini izchil rivojlanishiga doir boshqa tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Uchinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqani o‘rnatish, davlat va jamoat birlashmalari matbuot xizmatlari, media tuzilmalar ishini faollashtirish, OAVlarining axborot olish sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun yuridik va mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligini kuchaytirish va boshqa chora-tadbirlarni ta’minlashga doir samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish va boshqalar.

smi_30_11_2010_2

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusidagi nutqi nafaqat mamlakat jamoatchiligi o‘rtasida, balki chet el diplomatik vakolatxonalari vakillari va xorijiy ekspertlarda ham katta qiziqish uyg‘otib, nufuzli davralarda muhokama etilmoqda. Bu esa o‘z navbatida. Mamlakatni modernizasiya qilish va demokratik yangilanish jarayonida O‘zbekistonda bosma nashrlar tashkiliy-huquqiy sharoitlarini takomillashtirish hamda ularning erkin rivojlanishi va shakllanishining huquqiy va iqtisodiy kafolatini ta’minlash, jamiyatni liberallashtirish va demokratik islohotlarda ularning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilayotganini yana bir bor tasdiqlamoqda.

O‘zbekiston o‘z oldiga rivojlangan demokratik mamlakatlar standartlariga mos tarzda axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirish masalalarini hal etishni maqsad qilib olgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar tizimli va bosqichma-bosqich asosda olib borilmoqda. Tadbirda Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan “Bosma OAVlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning respublika yetakchi tahririyatlari malaka oshirish” loyihasining yakuniy bosqichi ham o‘tkazildi.

Ushbu loyihaning maqsadi jurnalistlarning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarga doir mavzularni yoritishda malakalarini oshirish, mustaqil bosma OAVlarda chop etilayotgan materiallar saviyasini ko‘tarish, tahririyatlar faoliyatiga media-biznes va menejment asoslarini tatbiq etishdan iborat.

O‘tgan davr davomida loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlaridan 130 dan ortiq jurnalistlar ishtirok etdilar. Loyiha doirasida jurnalistlar respublikaning markaziy nashrlari va axborot agentliklarida (“Xalq so‘zi” – “Народное слово”, “Qishloq hayoti”, “O‘zbekiston ovozi” – “Голос Узбекистана”, “Hurriyat”, “Turkiston” – “Молодежь Узбекистана”, “Mohiyat”, “Jamiyat”, “Ma’rifat” – “Учитель Узбекистана”, “Oila va jamiyat”, “Birja”, “Turkiston press”, “UzA” axborot agentliklari va “UzReport.com” Internet portali tahririyati) malaka oshirdirlar.

Konferensiyada infoCOM.UZ jurnali tahrir hayatining raisi Aleksandr Suchkov “Internet jurnalistika: bugungi holat va rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi, jurnal bosh muharriri Marufa Azizova “Bosma nashrlarning elektron nusxalari: axborot resurslari shakli va kontentini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Shu bilan bir qatorda ular Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti, O‘zbekiston ekologik harakati hamda respublikaning yetakchi ilmiy-amaliy markazlarida tashkil etilgan seminarlarda ishtirok etdilar.

Konferensiyaga loyiha doirasida faol ishtirok etgan viloyat, tuman, shahar bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ham taklif etilib (40 kishi), ularga O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan ta’sis etilgan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top