Infocom.uz

O’yin industriyasiga nazar

Video o‘yin elektron o‘yin hisoblanib, shaxsiy kompyuter, geym konsol va mobil telefonda o‘ynalishi mumkin. Yaqin-yaqingacha ular ikki guruhga ajratilar edi. Ijtimoiy tarmoq, smart telefon va planshetlar kirib kelishi bilan mobil va ijtimoiy o‘yinlar xam amalga tadbiq etildi. Geymerlarning soni dunyo bo‘ylab 3.2 milliarddan oshadi. Ulardan 1.48 milliardi Osiyo hisobiga to‘g‘ri keladi. Video o‘yinlar industriyasi video o‘yinlarni rivojlantirish, marketing va monetizatsiyasini o‘ziga qamrab oladi. O‘nlab ish sohalari va dunyo bo‘ylab minglab xodimlar uni amalga oshirish jarayonida qatnashadi.
2020 yilda kompyuter o‘yinlari bozori $37 milliard, mobil o‘yinlar bozori esa $77 milliard miqdorida foydaga ega bo‘lgan. 2021 yilda esa ular keltirgan umumiy foyda $178.73 milliard, yani, 14.4%ga ko‘proqni tashkil etdi. 2025 yilgacha esa $268 milliardga yetishi kutilmoqda.
O‘z navbatida o’yin industriyasi texnologiyasiga qaralsa, ularda so‘ngi paytda ulkan o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Geym konsol raqamli o‘yinlar orasida birinchi paydo bo‘lgan va eng ko‘p tarqalgani hisoblanadi. Uning yaralishi tarixi 20 asr 70 yillarida Yaponiyaning Nintendo va Sega kompaniyalari taqdim etgan o‘yinlardan boshlanadi. Bugungi kunga kelib geym konsol bozorida Xbox va Playstation kompaniyalari yetakchilik qiladi.


PC geyming, yani shaxsiy kompyuter o‘yinlaridan 1.2 milliard odam foydalanmoqda. Ularni o‘ynash uchun kompyuterlar maxsus operativ xotira, video karta va sovutish tizimlari bilan jihozlanadi. Bunday kompyuterlar yuqori pikselli grafikaga ega o‘yinlarni onlayn tizimida to‘xtalishsiz o‘ynash imkonini beradi. Kvantum kompyuterlar kelajakda o‘yin industriyasini o‘zgartirishi taxmin qilinmoqda. Sababi kvantum kompyuterlar ulkan quvvat va axborot xotirasiga ega bo‘lib, eng murakkab grafik elementlarni xam ko‘rsatish imkonini beradi.
Bulutli o‘ynash eng so‘ngi video o‘yin turi bo‘lib, barcha turdagi (kompyuter, konsol va mobil) o‘yinlarni u orqali o‘ynash mumkin. Foydalanuvchi buning uchun hech qanday disk yoki uskunaga ega bo‘lishi va biror programmani yuklab olishi shart emas. An’anaviy konsol o‘yin ishlab chiqaruvchilari endilikda bir-biri bilan emas, balki, ultra tezkor bulutli platformalar ishlab chiqayotgan Google va Amazon kompaniyalari bilan raqobat qilishadi.


Virtual reallik – VR (Virtual reality) va augment reallik – AR (Augmented reality) geyming platformalari foydalanuvchiga bevosita harakatning o‘rtasida paydo bo‘lish imkonini beradi. VR geymerlarga o‘yinning qismidek tasavvur beradi. Unda maxsus uskuna orqali qatnashilib, turli joylarda jang qilish kabi harakatlarni virtual reallikda amalga oshirish mumkin. AR esa real hayotga raqamli texnologiya ta’sirini qo‘shadi. Masalan, maxsus linza orqali geymerlar ko‘z oldida o‘yin qahramonini uchratishi mumkin yoki mobil telefon orqali real hayotda o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Mobil o‘yinlar o‘yin industriyasi bozorining 45% ulushiga egalik qiladi. Foydalanish osonligi va qulayligi, istagan joyda o‘ynash imkoniyati uning ommabopligiga sabab bo‘lmoqda va bu sohada kiritilgan investitsiyalar o‘sishi mobil startaplar o‘rtasida raqobat va soha rivojlanishini taminlamoqda.
Ushbu sohadagi mutaxassislarga global miqyosda katta talab mavjud. Keyingi 6 yillikda video o‘yin dizaynerlari uchun mehnat bozori 10%ga, video o‘yin programmisti uchun 21%ga, video o‘yin animatorlari uchun 4%ga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, sohada yangi faoliyat turlari paydo bo‘lmoqda. Video o‘yinni sinovdan o‘tkazish va sifatini nazorat qilish bo‘yicha onlayn sinovchilar shular jumlasidandir.
Ta’kidlash joizki, konsol va kompyuter o‘yinlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar endilikda o‘z o‘yinlarining mobil shaklini ham ishlab chiqarmoqda. Bunga mobil geyming bozorining jadal suratlar bilan o‘sishi sabab bo‘lmoqda. 5G texnologiyasi mobil aloqa operatorlari tomonidan keng taminlanadigan bo‘lsa, AR va VR mobil o‘yinlariga talab yanada oshadi. Bundan tashqari, Klaud geyming xizmati rivojlanishi ulkan axborot bazasini talab etuvchi konsol va kompyuter o‘yinlarini leptop, planshet va mobil telefonlarda o‘ynash imkoniyatini beradi. Bu esa mobil o‘yinlarni geym industriyasining katta qismini egallashiga olib keladi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top