Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi hamda BMTning Rivojlanish dasturi tomonidan tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida, jumladan, AKT sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi. Yurtimizda qulay sarmoyaviy muhit yaratilgani xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish, barcha sohalarda tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.
“ICTExpo – 2009” ko‘rgazmasi bir vaqtning o‘zida Toshkent va Nukus shaharlarida o‘tkazilmoqda. Shu kunlari tashkil etiladigan video-ko‘prik xizmati ziyoratchilarga bir vaqtning o‘zida har ikkala ko‘rgazma eksponatlari bilan tanishish imkonini beradi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Avstriya, Germaniya, Koreya, Vengriya kabi mamlakatlardan korxona, firma va kompaniya o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda simli va simsiz telekommunikatsiya texnologiyalari, telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish va ishga tushirish, ko‘chma radioaloqa, kompyuter texnikasi, dasturiy ta’minot, axborotni himoya qilish tizimlari, yo‘ldoshli va kabelli televideniye, teleradioeshittirish, dasturiy ta’minot hamda texnik xizmat ko‘rsatishga oid ko‘plab bo‘limlar bor.
Ko‘rgazma doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bag‘ishlangan ilmiy-texnik konferensiyalar, davra suhbatlari o‘tkazish, taqdim etiladigan dasturlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish, maktab o‘quvchilari uchun ilmiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori A.Aripov so‘zga chiqdi.