Infocom.uz

Ilmiy-innovatsion faoliyatni modellashtirish usullari

Hozirgi davrda respublikamizda 65 ta oliy ta’lim muassasasi, 10 ta oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston innovatsion rivojlanish turining hozirgi zamon modeliga o‘tish uchun barcha zarur sharoitlarga ega. Bu model vujudga keltirilgan ilmiy-texnikaviy salohiyatdan keng va samarali foydalanishga, fundamental va amaliy fanning yutuqlarini, chuqur ilm talab qiladigan texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etishga, yuqori malakali, iqtidorli ilmiy kadrlar sonini ko‘paytirishga asoslanadi” (Karimov I.A. Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir. – T.: O‘zbekiston, 2005 yil). Bunday vaziyatda oliy ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan ta’lim tizimi xizmatlarining hamda ilmiy-innovatsion faoliyatning joriy holatini o‘rganib borish, baholash va nazorat qilishning milliy tizimlarini sifat jihatidan yanada takomillashtirishga intilish tabiiydir.

Bu sohadagi dolzarb muammolar jumlasiga quyidagilarni kiritgan bo‘lardik: respublikamiz oliy ta’lim muassasalarini davlat attestatsiyasidan o‘tkazish tizimining ayni vaqtdagi holati va istiqbollarini aniqlash, oliy o‘quv yurtlarida amalga oshirilayotgan ilmiy-innovatsion faoliyatni monitoring qilish va sifatini nazorat qilib borish va hokazo.

Bizningcha, alohida e’tiborga molik asosiy muammo bu oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ilmiy-innovatsion faoliyatning sifatini oshirish hamda mazkur jarayonlarni nazorat qilib borishdan iboratdir. Bu muammoning yechimi topilsa, qolgan barcha muammolarni hal etish nisbatan yengil kechadi. Oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ilmiy-innovatsion faoliyatning sifatini baholamoq uchun eng avvalo, mazkur jarayonlarning aniq parametrlarini belgilab olish kerak bo‘ladi. Biron-bir jarayon yoki faoliyatning sifatini miqdor ko‘rsatkichlaridan foydalanmasdan turib ifodalab bo‘lmaydi. Qolaversa, sifatni baholash bilan bog‘liq har qanday iqtisodiy muammo o‘z mohiyat negiziga ko‘ra kuzatilayotgan obyektni miqdor ko‘rsatkichlari vositasida tavsiflashni taqozo etadi. O‘ylashimizcha, aynan shuning uchun biron-bir jarayon yoki faoliyatning sifatini baholash iqtisodiyot fanining eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolgan.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchimizki, hozirgi paytlarda juda keng ko‘lamlarda kvalimetriyadan foydalanilishiga qaramasdan, biron-bir jarayon yoki faoliyat sifatini baholashning mukammal nazariy ta’limoti yaratilmagan. Kvalimetriya nazariyasini hali maromiga yetkazish, uni har tomonlama rivojlantirish va takomillashtirish zarur.

Masalaning mohiyat negiziga nazar soladigan bo‘lsak, e’tirof etishimizga to‘g‘ri keladiki, kvalimetriya kuzatilayotgan obyekt, predmet yoki hodisaning mazmun-mohiyatini to‘liq ochib bermasdan, faqatgina uning asosiy sifat jihatlarini ta’riflab beradi, xolos. Kvalimetriya bizga kuzatilayotgan obyekt, predmet yoki hodisaning mazmun-mohiyatini matematik yoki statistik nuqtai nazardan fahmlab olishga imkon berolmaydi. Kvalimetriya hech qanday metrik o‘lchov va matematik hisoblash apparatlariga ega emas. Shuning uchun ham uning yordamida kuzatilayotgan obyekt, predmet yoki hodisaning turli xil sifat belgilarini o‘rganish asosida predmetning mazmun-mohiyatini anglab yetolmaymiz.

Nima bo‘lganida ham kuzatilayotgan obyekt, predmet yoki hodisaning turli xil sifat belgilarini baholash prinsiplari va bu masalaga nisbatan yondashuvlar qanday bo‘lishi lozim, degan masala ustida barcha tadqiqotchi – olimlarimiz bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi.

Ilmiy jihatdan belgilab berilgan ushbu muammoning muhim jihatlaridan biri bu kuzatilayotgan obyekt, predmet yoki hodisaning sifat darajasini matematik yoki statistik nuqtai nazardan qanday baholash mumkinligini aniqlashda, deb hisoblaymiz.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top