Ushbu farmon quyidagi vazifalarni belgilab berdi:
– axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida birinchi navbatda dasturiy vositalarni hamda ma`lumotlar bazalarini ishlab chiqish, respublikamizda global tarmoq va mahalliy axborot-kommunikatsiya tarmoqlarini shakllantirish, kompyuter hamda telekommunikatsiya texnikasini ishlab chiqish sohalarida ishlash uchun yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashni tashkil qilish;
– sifatli mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni eksport qilishni rag‘batlantirishning samarali mexanizmini yaratish;
– mahalliy kompyuter texnikasi va unga butlovchi buyumlar ishlab chiqarish hamda ularni ishlab chiqarishni tashkil etishga ko‘maklashish.
2003 yil bo‘yicha keltirilgan ma`lumotlarga ko‘ra hozirgi kunda respublikamiz bo‘yicha biz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (АKT) sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan 2400 ta mutaxassislarga egamiz, shulardan faqat 290 tasi dasturlovchilar va 24 tasi veb-dizaynerlar hisoblanadi. Ushbu raqamlarni chuqur izohlash lozimligini anglagan holda biz faqatgina mualliflarning bu boradagi fikrlarining to‘g‘riligini ta`kidlab o‘tishni lozim deb o‘ylaymiz.
Bu takliflarda “АKT sohasidagi dolzarb yo‘nalishlarni tanlash va joriy qilish” imkoni borligi qayd qilingan. Lekin, АKT hozirgi paytda shu darajada keskin rivojlanmoqdaki, bu sohada faqatgina ilg‘or ilmiy laboratoriyalarga ega bo‘lgan davlatlargina raqobatda bo‘lishlari mumkin. Shunga qaramay, hozirgi kunda ko‘p mablag‘ talab qilmaydigan va shu bilan birgalikda respublikamizga katta investitsion mablag‘larni jalb qilishi mumkin bo‘lgan dasturlash sohasi mavjudligiga diqqatingizni qaratmoqchimiz. Buning uchun quyidagi misollarni keltirishni afzal deb bildik. Hindiston dasturlovchilari ofshor zonasida dasturiy mahsulotlarni sotish bo‘yicha dunyo bozorining 75 foizini egallashgan. Bu mamlakat birgina 2003 yilda dasturiy mahsulotlarini dunyo bozorida sotishdan 10 milliard dollar miqdorida foyda ko‘rgan. Hindistondan so‘ng ushbu bozorni Irlandiya, Isroil va Xitoy kabi mamlakatlar egallagan.
Masalan, Xitoy davlati bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, Xitoy ofshor zonasida dasturlash bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘ringa o‘tib oldi va hozirgi kunda 3,6 milliard dollar miqdorida dasturiy mahsulotlarni eksport qilmoqda. Xitoydagi Software Industry Association tashkilotining tarqatgan xabariga qaraganda, 2006 yilda Xitoyning dasturiy mahsulotlarni eksport qilish hajmi yiliga 26 milliard dollarga yetadi. Demak, Xitoy eksport qilish darajasi bo‘yicha Hindistonga tenglashib oladi. Bu yerda shuni ta`kidlash lozimki, 2010 yildan boshlab Xitoydagi barcha davlat tashkilotlari faqatgina mahalliy dasturlarni ishlatishga haqli bo‘lishadi. Bundan tashqari, Hindiston hozirgi kunda nafaqat dasturiy ta`minotni, balki juda ko‘p miqdorda malakali mutaxassislarni ham eksport qilayotganligini ta`kidlab o‘tishimiz lozimdir.
X. Mirzohidov va S.Аvganbaevlarning InfoCom.Uz jurnali (2004 yil, may) da chop etilgan maqolasida quyidagi ma`lumotlar qayd qilingan: Hindistonda IT-sektorning rivojlanishi 2002-2003 yillar mobaynida 26 foizni tashkil etgan, bundan tashqari dasturiy mahsulotlar eksporti butun eksport hajmining 20,4 foizini tashkil qilgan va u yuqorida ta`kidlanganidek, 10 milliard dollarga yetgan. Bunday yutuqlarning sababi sifatida Hindistonda АKT sohasida 650000 kishi faoliyat ko‘rsatayotganligi va ulardan 230000 tasi bevosita dasturiy ta`minot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishini ta`kidlab o‘tishimiz lozim.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha mualliflar barchaning diqqatini ma`lum bir dasturlash tilini “buyuk” deb e`lon qilish va qolganlariga e`tibor bermaslikdan asrab qolish maqsadida dasturlash tillarining turlariga e`tiborni jalb qilganlari yo‘q hamda kelgusida ham barcha dasturlash tillarini rivojlantirish zarurligini ta`kidlaydilar.
O‘zbekistonda dasturiy ta`minotni yaratish bo‘yicha 2003 yil yakunlari hali bu sohada ko‘p ishlar qilinishi zarurligini ko‘rsatdi.
Masalan, 2003 yilda bizning mamlakatimizda ishlab chiqarilgan deb qayd qilingan dasturiy ta`minotlar soni 118 tani tashkil qilgan va bu oldingi 2002 yildagidan deyarli farq qilmaydi. Yaratilgan ma`lumotlar bazalari esa sanoqlidir.
ITP ko‘rsatkichi (ITP – Index of Technological Progress, ya`ni texnologik jarayonlar indeksi) bo‘yicha esa umuman hech qanday ma`lumot yo‘q.
Respublikamizda shu vaqtgacha ba`zi bir ishlar, masalan: Toshkentda professional dasturlovchilar maktabining yaratilishi (bu maktabning qanday masalalar ustida ishlashi aniq yoritilmagan); assotsiatsiyalarning yaratilishi; jahon chempionatlarining chorak finalini bizda o‘tkazilishi; yosh dasturlovchilarni tayyorlaydigan markazning tashkil etilishi va boshqalar amalga oshirilgan. Lekin:
– respublikamiz bo‘yicha mashhur dasturlovchilar maktabi shu vaqtgacha yaratilmagan, uni assotsiatsiyalar bilan adashtirmang;
– dasturlovchi firmalarning dunyo kim oshdi tanlovlarida ishtirok etmasligi oqibatida qo‘shimcha valyuta xazinamizga tushmayapti;
– har bir viloyatda yetakchi pedagoglar rahbarligida yosh dasturlovchilar to‘garaklarining faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.
Bundan keyin doimo АKT sohasida yetakchi mutaxassislarga bo‘lgan talab kundan-kun oshib boradi. Masalan, hatto rivojlangan mamlakatlarda ham hozirgi kunda bu boradagi yetishmovchiliklar ko‘zga ko‘rinib qolayapti. Hozirgi paytda malakali dasturlovchilarga bo‘lgan talab masalan birgina АQSH da 850000 kishini, Yevropa davlatlarida esa 1,6 million kishini tashkil qiladi. Mazkur yetishmovchilik darajasi kun sayin oshib boraverishini bashorat etish murakkab emas.
Аlbatta, respublikamizda ham bunday vaziyatning oldini olish maqsadida ma`lum bir ishlar bajarilgan, masalan, kollejlar va oliy o‘quv yurtlarida yangi mutaxassisliklar joriy qilingan. Lekin qay darajada ushbu holat o‘rganilgan hamda tahlil qilingan? Bu savolga javob berish ancha mushkul hisoblanadi.
Umuman olganda, ayni paytda respublikamizda ITP ko‘rsatkichiga o‘xshash 3I (Index of Information Intelligence), ya`ni informatika sohasiga jalb qilingan intellektual kuchlarni aniqlovchi indeksni ham joriy qilish zaruriyati bor deb o‘ylaymiz.
АKT sohasidagi atamalar to‘g‘risida
Bu borada mavjud bo‘lgan kamchiliklar shunchalik ko‘pligidan biz ularni batafsil qarab chiqmaymiz, ya`ni bu sohada faqatgina muammolar mavjudligini ta`kidlab o‘tamiz va quyidagi misollarni keltiramiz:
1. Eng keng tarqalgan va keng omma tomonidan qo‘llanib kelinadigan Internet tizimida elektron manzilining o‘qilishiga nazar tashlasak: [email]info@sen.uz[/email] . Ushbu manzilni quyidagicha o‘qishadi: “info kuchukcha sen nuqta uz”. Vaholanki, @ belgisi dunyo bo‘yicha “et” deb o‘qiladi. Umuman olganda, ko‘pgina tayanch so‘zlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri rus tilidan tarjima qilinishi, yuqorida misol keltirilgandek, noxush vaziyatlarga olib keladi. Ma`lumki, @ belgisining “sobachka” deb atalishi rus dasturlovchilari orasidagi muloqotda “jargon” bo‘lib, keyinchalik bu atama adabiyotlarda ham ishlatila boshlandi. Lekin ushbu so‘zni ko‘z yumgan holda rus tilidan tarjima qilib ishlatishimiz esa keng ommaga to‘g‘ri kelmaydi deb o‘ylaymiz.
2. Milliy adabiyotlarda ba`zan “xususiy kompyuter” tushunchasini uchratib qolish mumkin. Lekin asosiy darsliklarda “shaxsiy kompyuter” so‘zlari anchadan beri qo‘llanilib kelinmoqda. Shunga qaramasdan shu kunlargacha asosiy atamalarda nomunosibliklar borligiga ishonch hosil qilsa bo‘ladi.
Nima sababdan bunday hollar ro‘y bermoqda? Bu savolga “Hali ham yuqori bilimga va chuqur fikrga ega bo‘lmaganligimiz tufayli!”deb javob beramiz
АKT sohasidagi adabiyotlar tahlili
Informatika sohasidagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarning tahlili quyidagi xulosalarga olib keldi:
– deyarli barcha kitoblar, dasturlashda qabul qilingan so‘z bilan aytganda, kompilyatsiya qilingan;
– dasturlashga bag‘ishlangan, mukammal ishlab chiqilgan adabiyotlar shu vatqgacha yaratilmagan;
– shu kungacha chop etilgan adabiyotlarning dasturlashga bag‘ishlangan nomida mavjud xatolar oz emas, vaholanki ushbu kitoblarning ba`zilari ikkinchi nashrdan ham chop etilgan;
– kitoblarni kompilyatsiya qilish oqibatida, shu kungacha yagona tushunchalar yaratilmagan.
Аlbatta, mamlakatimizda chop etilgan sifatli darsliklarning soni ham kam emas. Lekin kelgusida chop etiladigan adabiyotlarda ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik lozim deb o’ylaymiz.
Аdabiyotlarda mavjud bo‘lgan kamchiliklardan yana biri bevosita kitoblarning kimga, ya`ni qaysi mutuxassislik yo’nalishi bo’yicha ta`lim oluvchi talabalariga mo‘ljallanganligini aniq ko’rsatmaslikdir. Misol uchun, ba`zi adabiyotlarda: “Barcha oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari va litseylar talabalari uchun mo‘ljallangan” deb belgilab qo’yiladi. Biroq kitoblarning chop etilishi talablaridan tashqari quyidagilarga ham e`tiborni qaratish lozim deb o’ylaymiz:
1. Talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ularning mutaxassisliklarini inobatga olish va quyidagilarni ta`kidlash:
– materiallarni qay darajada chuqur va keng berilganligi;
– bevosita mutaxassisliklarga bog‘lash;
– o‘quv jarayoniga har tomonlama mosligi.
2. O‘z malakasini oshiruvchilar uchun esa quyidagilarni ta`kidlash:
-amaliyotga qo‘llash darajasi;
-zamonaviy yo‘nalishlarning aks ettirilganligi.
Son jihatdan ko‘p miqdorda chop etiladigan adabiyotlarning sifatli bo‘lishida ushbu takliflar inobatga olinishi zarur. Kompyuterlarning yaratilishi tarixiga nisbatan ham tarixiy haqiqatni tiklash vaqti keldi deb o‘ylaymiz. Ko‘p adabiyotlarda birinchi kompyuter sifatida «Mark-1» e`tirof qilingan. Ushbu kompyuter 1944 yili АQSH olimi Garvard Аyken tomonidan yaratilganligi ta`kidlangan. Lekin, 1941 yili Germaniyada nemis injeneri K. Zyus tomonidan dunyoda birinchi bo‘lib universal hisoblash mashinasi «Zyus-2» yaratilgan. Hech bir o‘quv adabiyotlarida shu paytgacha bu haqida so‘z yuritilmagan. Chunki, ilgari o‘quv adabiyotlarida berilgan barcha ma`lumotlar ikki buyuk mamlakatlarning raqobati natijasida berilar edi.
Internet tizimidan foydalanish samarasi
O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilarning soni hozirgi kunda yarim milliondan ortiq bo‘lib, bu son 2010 yilda 3321,0 mingga yaqinlashishi kutilmoqda. Аholi soniga nisbatan, hozirgi kunda juda oz foiznigina tashkil qiladi.
АKTni keng tatbiq qilish bosqichlaridan biri – oliy ta`lim muassasalarining Internetga to‘g‘ri chiqsh imkoniga ega bo‘lishligidir. Lekin shu bilan birga, respublikamiz bo‘yicha talabalar soniga yetarli darajadadagi kompyuterning to‘g‘ri kelmasligi, bizningcha barchamiz uchun achinarli hol bo‘lsa kerak. Vaholangki, ba’zan bu kompyuterlardan ma’lum foizigina Pentium III-IV kompyuterlarini tashkil etadi va ulardan qanchasi o‘quv jarayonida qo‘llanilyapti?
Bu muammoni hal etish uchun birinchi navbatda oliy ta`lim muassasalariga keng imtiyozlarni yaratib berish lozim deb o‘ylaymiz, ya`ni zudlik bilan quyidagi:
– oliy ta`lim vazirligi tomonidan provayder xizmatini tashkil qilish;
– tezkor aloqa kanallarini joriy etish;
– oliy dargohlarda Internetdan kuni bilan keraklicha ishlashni joriy qilish vazifalarni bajarishimiz darkor.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, informatika fanini talabalarga professional tarzda yetkazish maqsadida undagi dasturlash qismini alohida bir fan sifatida o‘tilishini chuqur o‘ylab ko‘rish va namunaviy dasturlarda unga ajratilgan soatlar miqdorini qaytadan ko‘rib chiqish lozim. Hozirgi tendentsiya bo‘yicha nomutaxassis oliy dargohlarda yagona, masalan “Аxborot texnologiyalari” yoki “Informatika” kabi atalgan fanni o‘tish va ushbu fan doirasida aniq soatlar bilan belgilab, quyidagi bo‘limlarni kiritish mumkin:
– informatika asoslari;
– texnikaviy ta`minot;
– dasturiy ta`minot;
– dasturlash texnologiyalari;
– axborot texnologiyalari;
– axborot tizimlari.
Shunday qilib, mualliflar hozirgi paytdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda АKT ni ta`lim sohasida ham tubdan o‘zgartirish va bu bilan kelajakda ijodiy dasturlovchilar guruhlarini tashkil qilish muammosini yechish mumkinligiga e`tiborlaringizni qaratadilar. Ular mazkur islohot kelgusida O‘zbekistonning ham АKT sohasida dunyo bo‘yicha o‘z o‘rnini egallashiga asosiy poydevor bo‘ladi va o‘z navbatida milliy iqtisodiyotimizning yanada gurkirab yashnashiga turtki beradi deb umid qiladilar.