Infocom.uz

Inqirozdan chiqish yo’llari

Universitet iqtisod va boshqaruv fakulteti dekani Mamlakat Mahkamovaning ma’ruzasi ‘Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari’ nomli kitobi sharhiga bag’ishlandi. Shundan so’ng mazkur fakultet assistent va magistrantlari jahonda, jumladan, AQSh va Yevropa mamlakatlari iqtisodiyotida ayni paytda yuzaga kelgan salbiy holatning sabablari va oqibatlari, ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruza qildilar.

Darhaqiqat, 2008-yilda boshlangan, ko’lami tobora kengayib va chuqurlashib borayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining sabab va oqibatlarini to’g’ri baholash hamda shu asosda unga qarshi samarali chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish masalasi bugun jahon miqyosida eng dolzarb masalaga aylandi. Biroq aksariyat xalqaro ekspert va mutaxassislar bu inqirozga baho berar ekan, uning sabablari hamda yanada avj olishi bilan bog’liq masalalarni sharhlashda javoblardan ko’ra ko’proq savollarga duch kelmoqdalar. e’tiborli jihati, yuqorida zikr etilgan masalalar bo’yicha har tomonlama asoslangan aniq qarashlar, amaliy xulosalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ‘Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari’ asarida ilgari suriladi.

Kitob ikki qismdan iborat bo’lib, birinchi qismi ‘Jahon moliyaviy inqirozining O’zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri hamda uning oqibatlarining oldini olish va yumshatishga asos bo’lgan omillar’ deb nomlangan. Unda jahon moliyaviy inqirozini keltirib chiqargan sabablar, uning hozirgi paytda jahon miqyosida qanday keskin ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tug’dirayotgani va kelgusida yuz berishi mumkin bo’lgan oqibatlari har tomonlama chuqur tahlil etilgan.

Kitobning ikkinchi qismi ‘Bank tizimini qo’llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik yangilash va diversifikatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish – O’zbekiston uchun inqirozni bartaraf etish va jahon bozorida yangi marralarga chiqishning ishonchli yo’lidir’ deb nomlangan. Unda qator dolzarb masalalar, shu jumladan, iqtisodiyotimizning jahon xo’jalik va moliyaviy-iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuv jarayoni tobora chuqurlashib borayotgani haqida fikr yuritiladi. Yuzaga kelgan barcha muammo va qiyinchiliklarga qaramay, 2008-yilda iqtisodiyotimizning nafaqat barqaror faoliyat ko’rsatishiga, balki uning yuqori o’sish sur’atlarini izchil ta’minlashga erishildi, yaqin istiqbolga belgilangan keng ko’lamli chora-tadbirlar kompleksi, avvalo inqirozga qarshi choralar dasturi va uni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi.

Universitetda, uning hududiy filiallarida va akademik litseylarda O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2009-yil 28-martdagi 90- raqamli va O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 2009-yil 6-apreldagi 111-raqamli buyruqlari asosida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ‘Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari’ kitobini o’rganish bo’yicha buyruqlar chiqarildi. Ushbu kitob bilan professor-o’qituvchilar, aspirantlar, magistrlar, talabalar, o’quvchilarni ta’minlash maqsadida 1075 dona kitob olindi.

Universitet uning hududiy filiallari, akademik litseylardagi axborot-resurs markazlari ma’ruza matnlari, slaydlari, plakatlar, statistik ko’rsatkichlar, maxsus kurs o’quv dasturi, pedagogik texnologiyalar, o’quv qo’llanmalarning elektron variantlari bilan ta’minlandi. TATU, hududiy filiallar, akademik litseylarda 32 nafar yuqori saviyali professor-o’qituvchilar malakasi oshirilib, maxsus dars jadvali asosida aprel-may oylariga mo’ljallangan mashg’ulotlar boshlab yuborildi. Iqtisod yo’nalishi bo’yicha 12 soatlik (8 soat ma’ruza va 4 soatlik amaliy mashg’ulotlar), noiqtisodiy yo’nalish bo’yicha 8 soatlik (6 soat ma’ruza va 2 soatlik amaliy mashg’ulotlar) darslar olib borilmoqda. Professor-o’qituvchilar kerakli tarqatma materiallar bilan ta’minlangan.

2009-yilda himoyaga taqdim etiladigan bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalarining mazmunlariga (18 ta bitiruv malakaviy ishlari, 4 ta magistrlik dissertatsiyasi) o’zgartirishlar kiritildi. Talabalar guruhlarida kitobni o’rganishga oid seminarlar, davra suhbatlari tuzilgan jadval asosida olib borilmoqda. Kitobni o’rganish bo’yicha o’tkazilgan anjuman joriy yilning 28-mart kuni ‘Davr’ teledasturida namoyish etilib, ‘Xabar’ va ‘Hayot’ gazetalarida maqolalar chop etildi.

Universitet professor-o’qituvchilari O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki ishtirokida 2-3 aprel kunlari ‘Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari’ mavzusida o’tkazilgan seminar-taqdimotda ishtirok etib, kerakli tarqatma materiallarni oldilar. Universitet, uning filiallari va akademik-litseylarda ‘Moliyaviy inqiroz sharoitida O’zbekistonda bank tizimini qo’llab-quvvatlash va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash’, ‘AQShda moliyaviy inqirozning kelib chiqish sabablari’ va ‘Yevropa mamlakatlariga moliyaviy inqirozning ta’siri’ mavzularida seminarlar o’tkazilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan o’zbek modelining beshta tamoyili bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Prezidentimiz ta’kidlab o’tganidek, ‘tobora chuqurlashib borayotgan jahon moliyaviy inqirozi mamlakatimizga ta’sir ko’rsatmaydi, bizni chetlab o’tadi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Masalani bunday tushunish o’ta soddalik, aytish mumkinki, kechirib bo’lmas xato bo’lur edi’.

Universitetni bugungi bitiruvchi bakalavr, magistr, aspirantlari ertaga moliyaviy inqiroz sharoitida korxonalarda ish yuritishlariga to’g’ri keladi. Shuning uchun ularga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ‘Jahon moliyaviy – iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari’ kitobidan kelib chiqadigan xulosalarni, qoidalarni chuqur o’rganish ham qarz, ham farzdir.

Prezidentimiz I. A. Karimov ta’kidlab o’tganlaridek, inqirozni faqat yengish emas, balki undan mag’rurona chiqib ketish uchun hamma asos mavjuddir.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top