Infocom.uz

Internet reklamani yo‘lga qo‘yish bosqichlari

Internet marketing – Internet tarmog‘i muhitida marketingni shakllantirish nazariyasi va usullarini o‘z ichiga oladi. Eng muhimi shundaki, bu o‘rinda marketingning ajralmas qismi hisoblangan reklama iste’molchilarni jalb etish usuligina bo‘lib qolmay, balki bo‘lajak xaridorlar bilan bevosita aloqa o‘rnatish imkonini maksimal darajada osonlashtiradi. Aynan shuning uchun ham, reklamaning faqat bir turi – internet reklamalaridan foydalanishning o‘zi yetarli bo‘ladi.

Internet reklama an’anaviy reklama usullardan farqli ravishda quyidagi afzalliklarga ega:
– namoyishlar soni va vaqti chegaralanmagan;
– reklama bennerini ishlab chiqish yoki o‘zgartirish vaqti nisbatan qisqa;
– istalgan badiiy va audiovizual elementlardan foydalanish;
– tayyor bannerlarni joylashtirish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ talab etilmaydi;
– tanlangan iste’molchilar guruhiga murajaat qilish;
– reklama ta’sirini tez va aniq baholash;
– bir vaqtning o‘zida ichki va tashqi bozorga chiqish.

Internet reklamalarini yo‘lga qo‘yish nisbatan murakkab va ko‘p bosqichli jarayon. Buning uchun reklama beruvchi eng birinchi navbatda, o‘z veb-sahifasini ishga tushirishi, so‘ngra reklamani tayyorlash va qaysi veb-sahifalarga joylashtirishni belgilashda quyidagilarga ahamiyat berishi lozim:
1. Veb-sahifaning ommabopligi;
2. reklama bannerining o‘lchamlari va joylashgan o‘rni;
3. reklama bannerining dizayni;
4. narxlash modellari.

1. Veb-sahifaning ommabopligi. Reklama beruvchi mavjud mahalliy va horijiy veb-sahifalar, ularga murojaat etuvchilar soni, qaysi yosh va qiziqishdagi foydalanuvchilarga mo‘ljallanganligi haqidagi batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.

Hozirgi kunda dunyoda deyarli barcha turdagi firma va kompaniyalar o‘z veb-sahifalariga ega bo‘lishga intiladilar. Mahalliy korxona va tashkilotlar ham bu jarayondan chetda turmayaptilar. Masalan, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 2009-yil sentabr natijalariga ko‘ra, bugungi kunga kelib, .uz zonasida ro‘yhatga olingan domenlar soni 8,5 mingga yaqin. Barcha milliy saytlarga murojaatlar natijalarini www.uz va uzreyting.uz sahifalaridan olish mumkin. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra tashrif buyuruvchilarning soniga ko‘ra bu ro‘yhatda quyidagi veb-sahifalar yetakchilik qilmoqdalar.

int_2_12_2009

1-jadval www.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlar soni bo‘yicha veb-sahifalar reytingi. (2009-yil, oktabr).

Bunda xostlar – foydalanuvchi kompyuterlarining tarmoq manzillari, xitlar esa – veb-sahifaga murojaatlar sonini anglatadi.

Bu ma’lumotlar yordamida reklama beruvchi o‘zi uchun zarur bo‘lgan veb – sahifalarni ajratib olish imkoniga ega bo‘ladi.

2. Reklama bannerining o‘lchamlari va joylashgan o‘rni. Har bir veb-sahifa o‘ziga xos dizaynga ega. Shuning uchun ham ularning ba’zilaridagi reklama uchun ajratilgan o‘rinlar ikkinchisi bilan bir xil emas. Ammo barcha asosiy sahifalardagi reklama bannerlari maydonlarini shartli ravishda quyidagi umumiy shablon yordamida tasvirlash mumkin (1-rasm). Bunda 1-eng yuqori banner, o‘lchamlari 468X60rx (rx-piksel); 2-markaziy banner, uning o‘lchamlari turlicha; 3-pastki chap burchakdagi banner 120×600 yoki 160x600rx; 4-eng pastki banner 468x60rx; 5-o‘ng tarafdagi markaziy banner 200x200rx.

Shuni yodda tutish lozimki, bu faqat asosiy, bosh sahifadagi reklama o‘rinlari, keyingi (ichki) sahifalardagi reklama o‘rinlari hamma sahifalarda turlicha bo‘lganligi sababli ularni umumiy shablonga keltirishning imkoni yo‘q.

3.Reklama bannerining dizayni. Har bir banner o‘ziga xos ijodiy yondashuvni talab etadi. Siz ekranning kichkinagina qismidan foydalanib, sanoqsiz iste’molchilarga murojaat qilasiz. Demak, reklama banneri kishi e’tiborini tez torta oladigan, takrorlanmas, undagi har bir so‘z va element mahsulot yoki xizmatning xususiyatlarini ochib berishga qaratilgan, foydalanilgan barcha ranglar bir-birini to‘ldirib, umumiy uyg‘unlikka ega bo‘lishi lozim. Bannerlar ikki xil statik va dinamik bo‘lishi mumkin. Odatda ularni tayyorlashda Adobe Photoshop yoki Adobe Flash dasturlaridan foydalaniladi. Adobe Flash dasturidan foydalanganda bannerda animatsiyalar bilan birga, tasvirga hamohang musiqalarni ham joylashtirish mumkin. Lekin foydalanilayotgan har bir vosita faylning hajmi ortishiga, keyinchalik esa sahifaning sekin ochilishiga sabab bo‘lishini yodda tutish lozim.

int_2_12_2009_1

1-Rasm. Asosiy sahifalardagi rеklama uchun ajratilgan o‘rinlarning umumiy shabloni

Reklama beruvchi bannerlarni o‘zi tayyorlashi yoki reklama agentliklariga buyurtma berishi ham mumkin. Hozirgi kunda ularning o‘rtacha narxlari quyidagicha:

int_2_12_2009_2

3-jadval. Internet sahifalari uchun reklama bannerlarini tayyorlash narxlari (Yevro hisobida).

Bu faqat reklama bannerini tayyorlash narxlari bo‘lib, brend va logotiplarni ishlab chiqish, shiorlarni tanlash unga kirmaydi.

4. Narxlash modellari -bannerlarni joylashtirish narxlari. Internet tarmog‘ida reklamalar joylashtirishni narxlashning bir qancha modellari mavjud.

a)Belgilangan oylik to‘lov asosida joylashtirish FFA (Flat Fee Advertising) – reklamalarni joylashtirishning eng keng tarqalgan narxlash usuli bo‘lib, bu modelda namoyishlarning soni va unga bo‘lgan murojaatlar hisobga olinmaydi. Ko‘pchilik veb-sahifalar reklama beruvchining bannerini o‘zlarining bir yoki bir nechta sahifalariga belgilangan oylik to‘lov asosida joylashtirishga intiladilar. Bu narx sahifaning ommabopligi, reklamaning joylashgan va egallagan o‘rni kabi bir qancha omillar asosida belgilanadi.

int_2_12_2009_3

2-jadval. Internet bannerlarining belgilangan oylik to‘lov asosida joylashtirish narxlari (Yevro hisobida, 1-rasmdagi reklama o‘rinlari qavsda ko‘rsatilgan).

b) Mingta namoyishlari uchun to‘lov asosida joylashtirish CPM (cost per thousand, M-rim ming raqami) – yana bir keng tarqalgan narxlash modellaridan biri bo‘lib, bu reklamaning mingta namoyishlari uchun to‘lovdir. Bu modelda to‘lov maxsus hisoblagich programma hisoblab boradigan namoyishlar soniga qarab amalga oshiriladi. Foydalanuvchining brauzeri bannerni yuklagan, ammo foydalanuvchining o‘zi uni ko‘rmagan hollarda ham sistema namoyish amalga oshirildi deb hisoblaydi. Bu kabi hollar banner sahifaning quyi qismida joylashganda foydalanuvchi sahifani ochib, ammo oxirigacha pastga tushmaganda yoki sahifa yuqorisidagi banner sekin ochilib foydalanuvchi uni kutib o‘tirmasdan pastdagi ma’lumotlarga e’tibor berganda, yoki brauzerdan bannerlarni ko‘rinmaydigan qilib o‘rnatib qo‘ygan holatlarda ro‘y berishi mumkin bo‘lib, ularni inobatga olish lozim.

Ko‘pgina veb-sahifalarda “Рeклама на сайтe” tugmasi mavjud bo‘lib, uning yordamida narxlar va bannerlarga qo‘yilgan talablar haqidagi ma’lumotni olish mumkin. Quyida eng ommabop deb hisoblangan ba’zi veb-sahifalarga bannerlarni 100 000 namoyishlar soni bilan joylashtirish narxlari keltirilgan.

int_2_12_2009_4

3-jadval. Internet bannerlarining 100 000 ta namoyishlar soni uchun joylashtirish narxlari (Yevro hisobida).

Ba’zi sahifalarga reklama bannerlarini faqat 33 000 ta namoyishlar soni bilan joylashtirish mumkin. Bunda uchta banner navbat bilan almashinib turadi.

Bu bosqichlarni amalga oshirgandan so‘ng reklama beruvchi o‘z e’lonlarini bir vaqtning o‘zida bir yoki bir nechta veb-sahifalarga joylashtirishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, internet reklamalarining yana bir qancha turlari mavjud. Misol tariqasida bayriklar (o‘z-o‘zidan chiquvchi reklama oynachasi), elektron pochta jo‘natmalari, kontekstli reklamalarni keltirish mumkin. Albatta reklama beruvchi ularning hammasidan kompleks tarzda foydalanishi ham mumkin, ammo bu bir tarafdan reklama byudjetining ortishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi.

Boshqa davlatlar bilan solishtirganda mamlakatimizda Internet reklamalarni ishlab chiqish, yo‘lga qo‘yish borasida hali bir qancha muammo va kamchiliklar mavjud. Ularning eng asosiylari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1. reklama beruvchilarning internet reklamalari to‘g‘risida yetarli ma’lumotlarga ega emasligi;
2. Internet reklama bozorining yaqindagina vujudga kelgani va hozirgi rivojlanish darajasi past ekanligi;
3. Internet foydalanuvchilar soni nisbatan kamligi, shahardan tashqari foydalanuvchilar Internetga ulanishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelishi;
4. mamlakatimizda internet marketing va elektron tijorat rivojlanishi nisbatan past darajada ekanligi;
5. Bevosita reklama faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, maxsus bilim va ko‘nikmalarni egallagan mutaxassislarning yetishmasligi.

Yuqorida internet reklamaning eng keng tarqalgan turi – reklama bannerlari haqida so‘z yuritildi. Uning boshqa turlari ham asta-sekin rivojlanib, ommalashib bormoqda. Reklama allaqachon hayotimizga kirib kelishga ulgurgan va o‘zining badiiy-estetik jihatlari bilan kundalik turmushimizning ajralmas qismiga aylanib qolgan. Endigi vazifa esa zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib, uning samaradorligini yanada oshirish, ichki va tashqi bozorga tezroq chiqish vositasi sifatida to‘g‘ri foydalanishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Uspenskiy U.V. Internet marketing.
2. Tyurikov A. G., Shlyapin D.E. Internet reklama.
3. Аксeнова К.А. Рeклама и рeкламная дeятeльность.
4. www.undp.uz
5. www.uz
6. uzreyting.uz
7. torg.uz

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top