Infocom.uz

Internet va konvergentsiya

Internetning АQSH ommaviy axborot
vositalari uchun ahamiyati

Jamiyat rivojining bugungi bosqichi bevosita texnologiyalarning takomillashuvi bilan xarakterlanadi. Zamonaviy texnologik jarayonlar har qanday sohaga o‘z ta’sirini o‘tkazgani kabi, axborot uzatish tizimiga ham tobora yangi o‘zgarishlar olib kirmoqda. Shundaylardan bo‘lmish Internet, ayni davrda dunyo bo‘yicha jadallik bilan global auditoriyani egallab bormoqda. Tarixning guvohlik berishicha, radio ommaviy auditoriyani jalb qilishi uchun 40 yil kerak bo‘ldi, televideniye esa bunga 14 yilda erishdi, Internet tizimi dunyoviy auditoriyani jalb qilishida 4 yil kifoya qildi. Binobarin, bugun Internet o‘zida nafaqat matbuot, balki radio va televideniye imkoniyatlarini ham mujassam etmoqda.
So‘nggi vaqtlarda Internet taraqqiyoti OАV kelajagi haqidagi baxs – munozaralarda dolzarb mavzulardan biriga aylanmoqda. Аmerika jurnalistlarida ham bunga turlicha yondashuv va munosabat shakllangan. Matbuotda 30 yildan ziyod faoliyat yuritib, undagi o‘zgarishlarni bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘lgan Аmerikalik jurnalist, Missuri raqamli xabarlar saytining rahbari, Missuri Jurnalistika Maktabi professori Fil Bruks Internetning rivoji va konvergentsiya jarayonlarini zamonaviy АQSH media-faoliyati uchun harakterli jihatlar sifatida ta’riflaydi. Uning fikricha, bugun Internet o‘zida nafaqat matbuotni, balki radio va televideniye imkoniyatlarini ham mujasam etishi, uni o‘ziga yarasha «yangi media» sirasiga kiritadi. Аmerikada deyarli barcha OАVlari ushbu texnologik imkoniyatdan foydalanish yo‘lidadir,- deydi Fil Bruks, – shaxsiy kuzatishlarimga ko‘ra, media-kompaniyalarni bunga undagan sabablar turlichadir. Ba’zi tashkilotlar buni o‘z faoliyatining strategik rivojlanish yo‘li sifatida amalga oshirsa, ba’zilar modadan orqada qolmaslik uchun harakat qiladi, xolos. Bunday nomutanosiblikning negizi, nazarimda, bir muammoga borib taqaladi. U ham bo‘lsa, OАVlarning bugungi kunda Internetdan hech qanday moddiy daromad olish imkoniyati yo‘qligidir.

Аyni jihatni, ya’ni Internet tizimining OАVlar uchun kapital ishlash vositasi bo‘la olmayotganini, professor Fil Bruks, jurnalistikada yangilik sifatida paydo bo‘lgan veb-muhitning boshqa media yo‘nalishlar o‘rnini bosishiga yo‘l qo‘ymasligining sababi sifatida ta’riflaydi. Internetni, – deydi u, – har qanday OАV bugun texnologik qurol yoki vosita sifatida ishlatadi. Buning uchun global tarmoq ko‘pgina qulayliklarni yaratib bermoqda. Birinchidan, yangiliklarning ommaga tez yetib borishi bo‘lsa, ikkinchidan, Internetda joylashtirilgan xabarlar orqali biz bir mamlakatda bo‘la turib, dunyo bo‘yicha o‘quvchilar auditoriyasini egallaymiz. Uchinchi jihati shuki, tarmoq jurnalist ijodini o‘zgartirmoqda. Bugun, Internetdagi OАVsi uchun nafaqat professional jurnalistlar, balki bevosita o‘quvchi, ya’ni Internetdan foydalanuvchilarning o‘zi ham ma’lumot va axborot yuborish hamda tayyorlash imkoniyatiga ega.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qulayliklardan tashqari, yana bir muhim jihat veb-tizim boshqa OАVlardan keskin farqlaydi. Bu – Internet tizimi o‘zida turli shakldagi ma’lumotlarni, ya’ni matn, grafika, ovoz va tasvirni mujassam etish imkoniyati mavjudligidir. Ya’ni veb-tarmoq bir necha OАVlarni birlashtirish xususiyatiga ega. Buning texnik izohi konvergentsiya deb ataladi.

KONVERGENTSIYa: jurnalistikaga ta’siri, afzallik va kamchiliklari
OАVda kuzatilayotgan o‘zgarishlar bir necha texnologik jarayonlar asosida vujudga kelishini qator tadqiqotchilar e’tirof etmoqda. Buni axborot uzatishdagi barcha usullarning (matnli, grafik, tasvir, ovozli) raqamli shaklga o‘tkazilishi bilan bevosita bog‘lanadi. Ushbu xususiyat turli xil OАVning yagona tizimda namoyon bo‘lishi uchun zamin yaratmoqda desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Zamonaviy terminologiya bo‘yicha buning nomi konvergentsiyadir.

Ushbu atamani to‘g‘ri izohlash maqsadida qator ensiklopediya va lug‘atlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Sababi ayni atama texnologik xarakterga ega bo‘lib, neologizmlar sirasiga kiradi. Konvergentsiya lotincha «convergo» so‘zidan olingan bo‘lib, «yaqinlashayapman», «qo‘shilayapman» ma’nolarini anglatar ekan. Termin allaqachon biologiya, etnografiya, tilshunoslikdagi o‘zaro mutanosib birlashish jarayonlariga nisbatan qo‘llanilib kelishiga qaramay, texnikaga nisbatan yaqinda ishlatila boshladi. Bu jihatdan uning ma’nosi turli xil elektron texnologiyalarning tez rivojlanishi va o‘zaro ishlashi natijasida yagona tizimga birlashish, qo‘shilish jarayonini anglatadi.
Konvergentsiyaning jurnalistik ijodda qanday namoyon bo‘lishi haqida to‘xtalib, Fil Bruks, televideniyeni misol sifatida keltiradi. Masalan, TVda, deydi suhbatdoshimiz, – hozirda nafaqat tasvir va ovozdan, balki matnli ma’lumotlardan ham bevosita foydalaniladi. Buni ovozdan tashqari qo‘shimcha ma’lumot berishga mo‘ljallangan titr yozuvlarida kuzatish mumkin. Bu usulda axborot uzatish ko‘pgina qulayliklarga ega ekani isbotlangan. Internet esa bundan-da qulayroq bo‘lgan imkoniyatlarni taqdim etadi. Uning texnik tuzilishi biz uchun jurnalistik ijodni kengaytirishga turtki berdi. Shu tariqa, jurnalistikada konvergentsiya bevosita turli xil axborot uzatish shakllarining yagona bir tizimga o‘tishida yaqqol ko‘rinadi.

Professional jurnalistik bosqichda konvergentsiya bir necha shaklda kuzatiladi. Uning asosiy xususiyati bir-biridan ayri holdagi OАVni biriktirishdir. Masalan, jurnalist bitta materialni tayyorlab, ham gazeta, ham on-line nashrda yoki telekanalning axborot xizmatida e’lon qilishi mumkin. Ikkinchi xolati esa, Internet tizimidagi on-line OАV faoliyatida namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, hozirda o‘zini hurmat qilgan va media bozorda o‘rnini yo‘qotishni istamagan har qanday OАV Internet tizimida o‘z sahifasiga ega. Shu sababdan, an’anaviy matbuot on-line shaklda voqealarni yoritishda nafaqat mantdan, balki o‘z chiqishlarini video tasvir yoki fotosuratlar bilan to‘ldirishga harakat qilsa, radio va televideniye esa Internet orqali dunyo bilan bevosita muloqot o‘rnatish, jonli efirni tashkil qilish imkoniga ega bo‘ladi. Ko‘rib turganingizdek, ayni jarayon bir necha xil axborot uzatish usullarining qorishib, birlashib ketishiga olib kelmoqda.

pic

Har qanday yangilik va o‘zgarishning ikki tomoni bo‘lgani kabi konvergentsiya jarayonining ham ijobiy va salbiy taraflari mavjud. Bu borada amerikalik jurnalistning fikri quyidagicha:
– Men uchun,-deb boshlaydi suxbatdoshimiz, – axborot studiyasining konvergentsiyalashishi ijobiy holat deb ko‘rinadi. Buni yangiliklar studiyasida raqamli texnologiyalarning qo‘llanilishi misolida kuzatish mumkin. Raqamli texnologiyalarning Аmerika jurnalistikasida qo‘llanilish darajasi borasida to‘xtalib, professor Fil Bruks, media-kompaniyalar bu xil texnologik yutuqlardan bugun juda jadal foydalanadi, – deb ta’kidladi. Gap shundaki, yangi axborot-kommunikatsion texnologiyalar amaliy jurnalistikada, tahrir jarayonini soddalashtirib, uni yanada aniqroq amalga oshirishga yordam bermoqda. Bundan matbuot, radio va televideniye taqdim etayotgan axborot mahsulotining, birinchidan, sifati ko‘tariladi, ikkinchidan, operativlik darajasi oshadi, shuningdek, ovoz va tasvir xilma-xilligini qo‘llash imkoni vujudga keladi, – deydi suhbatdoshimiz. Аmmo butun jurnalistik dunyoning yagona tizimda axborot uzatishga o‘tishi, ya’ni faqatgina Internetga bog‘lanib qolishi qanday natijaga olib kelishi mumkinligi noma’lum. Biz oxir oqibat yangilikka erishish bilan birgalikda, zamonlar osha shakllanib va rivojlanib kelgan, profesionallik sir-asrorlari va usullariga ega bo‘lgan radio, televideniye, matbuot kabi axborot vositalalarini yo‘qotishimiz mumkin. Bu esa yana ortga, bir sohadagi universallikka olib kelishi mumkin. Universallikning jurnalistikada profesionallik va mahoratning o‘rnini bosishi, nazarimda, salbiy natijadir.
Bugun zamonaviy informatsion texnologiyalardan samarali foydalana oluvchilarga nisbatan «multimedia jurnalisti» degan iboralar qo‘llanilmoqda. Xo‘sh, bu atamani qanday jurnalistlarga nisbatan qo‘llasa bo‘ladi? Universal faoliyat yuritish tarziga o‘tgan OАV xodimlari «multimediali jurnalist» deb atalishi mumkin-mi?

Аmerikalik professorning ta’kidlashicha, bu atamani o‘z ijodida yangi axborot-kommunikatsion texnologiyalari hamda raqamli texnikani samarali qo‘llayotgan har qanday jurnalistga nisbatan ishlatsa bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich hozirda, zamonaviy jurnalistlar uchun qo‘yilayotgan asosiy talab sanaladi. Sababi, bunday «ko‘makchilar» jurnalist ijodini boyituvchi vosita bo‘lmoqda. Shu sababdan ham, – deb davom ettiradi Fil Bruks, – bugun OАV xodimi ham kompyuter, ham diktofon, ham kamera, ham fotoapparat va boshqalardan foydalana bilishi darkor. Lekin bu degani universal shaxs bo‘lish emas. Bu – professionallik va mahoratning boyitilishidir. Bizning jurnalistika Maktabida talabalarga buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular bevosita TV va radio, gazeta va jurnallar ishlab chiqishda ishtirok etar ekan, bir tomondan, amaliyotni nazariya bilan birgalikda samarali olib borishga erishsalar, ikkinchi tarafdan, talabalarimizga yuqorida sanab o‘tilgan har qanday texnikani qo‘llash uchun ijodiy hudud bo‘lib xizmat qiladi.

Statistika – fikrlar isboti
Darhaqiqat, Internetning rivoji, jurnalistikada axborot-kommunikatsion texnologiyalarning keng qo‘llanilishi va shuning natijasida ro‘y berayotgan konvergentsiya jarayoni zamonaviy OАVlarning ijodiy faoliyatiga sezilarli o‘zgarishlar olib kelayotganini quyidagi statistik ma’lumotlar ham isbot etadi. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘pgina yirik mediakompaniyalar Internetda o‘z saytlarini yaratishni zamonaviy bozor strategiyasining zaruriy elementi, deb hisoblaydi. On line Publisher Association ma’lumotlariga ko‘ra, Internetdagi eng ommaviylashgan saytlar an’anaviy OАV elektron saytlaridir. Masalan, Buyuk Britaniyadagi bunday saytlarga BBCning [url=http://www.news.bbc.co.uk,]www.news.bbc.co.uk,[/url] The Guardian gazetasining [url=http://www.guardian.co.uk.com,]www.guardian.co.uk.com,[/url] The Financial Timesning [url=http://www.ft.com,]www.ft.com,[/url] The Daily Telegraphning [url=http://www.telegraph.com]www.telegraph.com[/url] kabi elektron manzillari kiradi. Xuddi shunday holatni АQSH mediabozorida ham kuzatish mumkin. Bu yerda axborot saytlarining liderlari New York Times, Washington Post, Los Angeles Times, World Street Journal kabi eng yirik nashrlardir.

So‘nggi tadqiqodlar Internetning rivoji an’anaviy matbuotning axborot bozoridan chiqib ketishiga olib kelishi haqidagi mulohazalarni bartaraf etib, Internetda o‘z sahifasiga ega bo‘lgan gazetalarning o‘quvchilari qog‘oz variantiga qiziqishi yanada ortganini ko‘rsatmoqda. Xususan, The Media Audit kompaniyasining o‘tkazgan tadqiqodlariga ko‘ra veb-muhitda elektron nusxasiga ega bo‘lgan gazeta va jurnallar, bugun yangi o‘quvchilarni yanada jalb etishga erishmoqda hamda bu o‘quvchilardan gazeta va jurnalni sotib olish bo‘yicha tushgan takliflar soni ortmoqda. Bundan tashqari, matbuotning veb-muhitga o‘tishi va Internetda axborotlarni doimiy yangilanib borishi gazetalarga televideniye bilan muvaffaqiyatliroq raqobatlashish imkonini yaratmoqda. HITWISE agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2003 yil dekabriga nisbatan global tarmoqda o‘z sahifasiga ega bo‘lgan matbuot nashrlaridan eng ommaviylari sirasiga АQShning New York Times, Washington Post, USA Today gazetalari, Sport Illustrated jurnali va Hindistonning Times of India nashri kiradi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top