Infocom.uz

Internetda hisob-kitob jarayoni

Boshqacha qilib aytganda, xaridor o’z kompyuteridan (o’z uyidan chiqmay) mahsulot yoki uning reklamasini, narxini ko’radi va Internet navigatsiya imkoniyatlaridan foydalanib o’zi uchun eng maqbul variantni tanlashi mumkin. So’ngra u yana navigatsiya imkoniyatlaridan foydalanib, mahsulotga buyurtma berishi hamda o’z smart-kartasi yordamida tranzaksiyani imzolab sotuvchiga yuborishi mumkin. Sotuvchi o’z serveridagi to’lovlarni qayta ishlash dasturi yordamida xaridorning imzosini tekshiradi, agar u to’g’ri bo’lsa, mahsulot xaridorga yuboriladi. Bunda agar mahsulot haqida biror ma’lumot bo’lsa u holda sotuvchi xaridorga Internet orqali bu ma’lumot bilan ishlash imkonini beradi. Mahsulot biror-bir moddiy narsa bo’lsa, u holda xaridorga biror boshqa yo’l bilan, misol uchun pochta orqali yuboriladi. Smart – texnologiya asosida internet orqali to’lovlarning soddalashtirilgan ko’rinishi quyida aks ettirilgan.

Internet orqali to’lovlarni amalga oshirishni ta’minlash uchun sotuvchining Web-serveri va xaridorning Web-navigatoriga HTTPS (HyperText Transport Protocol Secure) va SSL (Secure Sockets Layer) protokollarini ta’minlovchi maxsus dasturiy ta’minot o’rnatiladi.
1. Internet orqali taklif etilayotgan mahsulot va xizmatlar to’lovi sxemasi quyidagicha: xaridor o’z Web – navigatori yordamida sotuvchining Web – serveriga himoyalangan HTTPS protokol bilan ulanadi va autentifikatsiya uchun mikroprotsessor kartochkasida o’z ma’lumotlarini jo’natadi. Dasturlar sotuvchining Web – serveridagi dasturiy ta’minot ularni tekshiradi va agar kartochka mos to’lov tizimiga tegishli bo’lsa hamda stop – listga kiritilmagan bo’lsa, u holda sotuvchining Web – serveri mijoz kartasidan kerakli mablag’ni yechishga so’rovnoma yuboradi. Kartochkadagi mablag’ yetarli bo’lsa, so’ralgan miqdor yechilib bu haqda sotuvchi serveriga axborot keladi va operatsiya tugatiladi. To’lovlarni qayta ishlash dasturiy ta’minoti to’plagan ma’lumotlar biror-bir usul bilan (misol uchun, yopiq kanallar orqali yoki shifrlangan holda Internet orqali) to’lov tizimining tranzaksiyalarning qayta ishlash markaziga kelib tushadi, so’ngra kerak mablag’ sotuvchining hisob raqamiga tushadi.
2. Smart – kart asosida hisob-kitob qilish sxemasi Internet orqali hisob-kitob qilish texnologiyasini naqd pul bilan hisob-kitob qilishga maksimal yaqinlashtiradi, tizimning yuqori xavfsizligini ta’minlaydi va firibgarlik imkoniyatlarini juda qisqartiradi.
3. Internetda hisob-kitob qilish usullari va tizimlarini ularning ishlashini tashkillashtirishiga, bundan kelib chiqib xavfsizlik darajasiga qarab bir necha turkum va turlarga ajratish mumkin. Internet to’lov tizimlarining asosiy turlarini keltiramiz.

Ochiq matn bilan almashinish. Bu tizim emas, balki Internetda oddiy to’lov usuli – ya’ni kredit kart yordamida hech qanday xavfsizlik choralarisiz Internetdan barcha ma’lumotlar (karta raqami, egasining ismi va manzili) yuboriladi. Kamchiligi yaqqol ko’rinib turibdi: ma’lumot maxsus filtrlar yordamida osongina ushlab olinishi va karta egasi ziyoniga foydalanish mumkin.

Almashinuvda shifrlardan foydalanuvchi tizimlar
Oldingisiga nisbatan birmuncha himoyalangan variant – to’lov kredit kart yordamida amalga oshiriladi. Barcha ma’lumotlar esa Internetda xavfsiz va himoyalangan (shifrlangan) aloqa seansi protokollari asosida yuboriladi. Bunday ma’lumotni tranzaksiya vaqtida ushlab olish mumkin emas, ammo bunday ma’lumotlarni sotuvchi serveridan o’g’irlanishi mumkin. Sotuvchi yoki xaridor tomonidan identifikatorlarni soxtalashtirish yoki almashtirish imkoniyati bor. Xaridor kredit kart ma’lumotlari asosida mahsulotlarni olish, so’ngra to’lashdan bosh tortishi mumkin, chunki shartnomada imzosi yo’q.

Tasdiqlashdan foydalanuvchi tizimlar. Internetda kredit kartlardan foydalanishning yanada ishonchliroq varianti – bu ma’lumot almashinuvining sotuvchi va xaridorni shaxsini tasdiqlovchi, ya’ni shartnoma shartlarini bajarishdan (to’lashdan, mahsulot, ma’lumot taqdim etish yoki xizmat ko’rsatishdan) bo’yin tovlash yoki xaridor identifikatorini “almashtirib qo’yish”ni oldini oluvchi raqamli sertifikatlar va raqamli imzolardan foydalanuvchi maxsus himoyalangan protokollarini qo’llash.

Internetning Kliring tizimlari
Internetning kliring tizimlarining asosiy g’oyasi bu mijoz har bir xaridda o’z shaxsiy va bank ma’lumotlarini sotuvchiga ochishi kerak emas. Buning o’rniga u do’konga (ushbu tizimda ishlovchi) o’z identifikatori yoki shu tizimdagi nomini ma’lum qilishi, do’kon esa tizimdan to’lovni amalga oshganligi haqida so’raydi va uning tasdiqlanganligini yoki tasdiqlanmaganligini oladi. Tizim do’konga to’lovni amalga oshganligini kafolatlaydi, xaridor esa o’z ma’lumotlarini tizimga bir marta yaxshi himoyalangan protokollar yordamida yoki Internetsiz (misol uchun, pochta orqali) yuboradi, u yerda barcha ma’lumotlar ishonchli himoyalanadi. Pullar tizimga mijoz tomonidan turli usullardan biri bilan kiritiladi. Agar kredit karta, mavjud bo’lsa, u holda mijoz ro’yxatdan o’tgan zahoti to’lovni amalga oshirishi mumkin, aks holda u (pul ko’chirish yoki chek orqali o’tkazgan) mablag’ini tizimga kelib tushishini kutishi lozim. Bundan tashqari tizim mijoz va sotuvchini identifikatorini (shaxsini) tasdiqlovchi raqamli sertifikatlarni emissiya qiladi, mijozning do’kon bilan almashinuv protokollari esa ushbu sertifikat va raqamli imzolardan foydalanadi.

Raqamli pullar (PC-varianti)
Raqamli pullar – bu kupyura va tanga rolini bajaruvchi juda katta son yoki fayllardir. Yuqorida keltirilgan barcha tizimlardan farqli o’laroq bu fayllar pul haqidagi yozuvlar emas, balki pullarning o’zidir. Bunga ishonish qiyin, lekin shunday. Kriptografiyaning zamonaviy metodlari, hamma yaqinda ishlab chiqilgan imzo algoritmlari ularning ishonchli ishlashini ta’minlaydi. Bunday tizimning faoliyat ko’rsatish xarajatlari boshqalaridan ancha kam. Hisob-kitob sxemalarida kredit kartlarning yo’qligi (natijada protsessing kompaniyalarining tranzaksiya xarajatlarining bo’lmasligi) ularni bir dollardan kam bo’lgan (bunday kichik to’lovlar mikroto’lov deb ataladi) operatsiyalarning eng kichik narx diapazonida foydalanish imkonini beradi. Barchaning fikriga ko’ra, asosan mikroto’lovlar Internetda ma’lumot sotuvining asosiy aylanmasini tashkil etadi. Bundan tashqari, raqamli pullar to’liq anonimlikni ta’minlashi mumkin, chunki uni ishlatgan mijoz haqida hech qanday ma’lumot yubormaydi. Raqamli pulning varianti bu raqamli chekdir.

pic

Raqamli pullar (smart-kart varianti). Smart-kart asosidagi naqd raqamli pullar nafaqat konfidentsiallik va anonimlikni yetarli darajada ta’minlash bilan bir qatorda to’lovni tasdiqlash uchun markaz bilan bog’lanishni talab etmaydi. Biror kimsa kredit kart yordamida saqich xarid qilganmi? Smart-kart yordamida esa mumkin. Misol tariqasida ecash Internet to’lov tizimini ishlash asoslarini ko’rib chiqamiz.

Ecash tizimining har bir foydalanuvchisi Internetdagi raqamli bankda ecash hisob raqmiga ega bo’ladi. Mijoz ushbu hisob raqamdan pul yechishi va qo’yishi mumkin. Ecash – bu monetar tizimdir, bu esa raqamli pullar aniq va o’zgarmas pul miqdori bo’lib, u raqamli imzo yordamida tayyorlanishini anglatadi. Bunday raqamli imzolarni biz moneta deb ataymiz.

ecash’da pul yechilayotganida foydalanuvchi kompyuteri so’ralgan miqdorga yetarli sonda raqamli monetalarni hisoblab chiqaradi. So’ngra moneta uchun tasodifiy seriya raqami aniqlanadi va ularga ko’r imzo qo’yiladi. Hosil bo’lgan hisob-kitoblar raqamli bankka yuboriladi.

Bank imzo bilan imzolangan sonlarni o’zining yopiq kaliti bilan shifrlaydi (imzolaydi) hamda shu vaqtning o’zida mijoz hisob raqamini mos miqdorga debetlaydi. Autentifikatsiyalangan monetalar foydalanuvchiga oldin qo’yilgan ko’r imzosini olish uchun qayta yuboriladi. Shundan so’ng seriya raqamlari raqamli imzosi bilan birgalikda raqamli pul (moneta) bo’ladi; ularning nominali bank tomonidan kafolatlanadi.

Monetalar foydalanuvchining kompyuterida saqlanishi mumkin. Endi, u to’lovni amalga oshirmoqchi bo’lganida, uning kompyuteri kerak miqdorni qoplovchi monetalarni tanlab oladi. Bu monetalar sotuvchiga yuboriladi, u esa o’z navbatida, ularni raqamli bankka yuboradi. Bank bu monetalarni haqiqiyligini va ular oldin sarflanmaganligini tekshiradi. Sotuvchi hisob raqami mos miqdorga kreditlanadi. Har bir moneta faqat bir martta foydalaniladi. Agar foydalanuvchiga yangi monetalar zarur bo’lsa u bankdan yangilarini olishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, Internet kun sayin hayotimizga yangi qulayliklarni olib kirmoqda. Shu jumladan hisob-kitob ishlari ham tezkor va sifatli tarzda amalga oshirilmoqda.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top