Infocom.uz

Internetdan foydalanish takomillashmoqda

Ushbu tadbir O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, “Unicon.uz” ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasi va O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnik jamiyati tomonidan tashkil etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida ham keng miqyosli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2005 yil 8 iyulda qabul qilingan “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida AKT sohasidagi strategik vazifalarni bajarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, mamlakatimizda zamonaviy axborot jamiyatini shakllantirish yo‘lida salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Ikki bosqichda o‘tadigan mazkur anjumanda O‘zbekiston hamda boshqa MDH davlatlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari, jumladan, yirik telekommunikatsiya uskunalari yetkazib beruvchilar va telekommunikatsiyalar operatorlari ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda internetdan keng polosali foydalanish texnologiyalari zamonaviy iqtisodiyot infratuzilmasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga yordam beradigan asosi hisoblanadi. Masalan, ular AKT yangi ilova va xizmatlari, jumladan, elektron hukumat ilova va xizmatlarini qo‘llab-quvvatlashda, sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim sohalari va hayotimizning boshqa turli jabhalarida muhim o‘rin egallamoqda.

Internetdan keng polosali foydalanish texnologiyalarining dunyo bo‘yicha keng tarqalishi ushbu sohaga kiritiladigan investitsiyalar hajmining o‘sishiga zamin yaratdi. Bu holat O‘zbekistonga ham taalluqli bo‘lib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda ushbu tarmoqlar xizmatiga talab oshganligi kuzatilmoqda. Bu masalalar anjumanning asosiy mavzuini tashkil etdi.

uni_4_11_2010_1

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining bosh direktori o‘rinbosari A.Xo‘jayev qayd etganidek, mazkur anjuman o‘z oldiga bir necha maqsadni qo‘ymoqda. Internetdan keng polosali foydalanish texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etishga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash, konferensiya ishtirokchilarini sohadagi yangi yutuqlar bilan tanishtirish, internetdan keng polosali foydalanish texnologiyalarini rivojlantirishning muhim jihatlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish shular jumlasidandir.

Hozirgi kunda mamlakatimizda internetdan keng polosali foydalanish texnologiyalarini rivojlantirish yo‘llari va chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Ular transport infratuzilmasi, internetdan simli va simsiz keng polosali foydalanish infratuzilmasini kengaytirish hamda unga yurtimizdagi o‘quv muassasalarining ulanishini ta’minlash, chekka va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarini barqaror elektr energiya manbalari bilan ta’minlash, mahalliy web-kontent, ilova va xizmatlarni rivojlantirish kabi ko‘plab jihatlarni o‘z ichiga oladi.

Ta’kidlash joizki, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkaziladigan anjumanning ikkinchi bosqichida mazkur oliy o‘quv yurti talabalari va yetakchi mutaxassislarining O‘zbekistonda keng polosali aloqa tizimlarini rivojlantirish istiqbollari, internetdan simsiz foydalanish tarmoqlari kategoriyalari, mobil televideniye va telekommunikatsiyalar sohasining boshqa masalalariga bag‘ishlangan taqdimotlari va ma’ruzalari ishtirokchilar e’tiboriga havola etiladi.

Manba: www.uza.uz

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top