Infocom.uz

IP-telefoniya orqali xalqaro telefon va Internet xizmatlari

Afsuski, ayrim hamyurtlarimiz, bunday ajoyib xizmatning qanday ijobiy xususiyatlari borligi haqida to‘la ma’lumotga ega emaslar. Rivojlangan davlatlarda, IP-telefoniya xizmatining shunday “sehrli” xususiyati ham mavjud ekanki, bunda uning besh dollarli kartochkasi orqali, dunyoning istalgan burchagi bilan bemalol bir soat gaplashish imkoniyatini yaratib berar ekan.

Shunday “sehrli” xizmatlarni bizda ham joriy etish onlari keldi. Respublikamizda IP-telefoniya xizmatini yetkazib beruvchi bir qator operatorlar faoliyat olib bormoqda. Jumladan, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “UzNet”, “TShTT” va “TTTS” filiallarida ushbu turdagi xizmat turi joriy etilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, IP-telefoniya xizmatini yetkazish bo‘yicha lisenziyaga ega. Chunki, IP-telefoniya xizmatini sifatli darajada yaratish uchun ilg‘or texnologiyani loyihalashtirish va uni joriy etish talab qiladi va ana shunday talablarni boshqa korxonalarda joriy etish oson kechmasligi muqarrardir. Shuning uchun ham “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi respublikamizda tashkil etilayotgan boshqa qo‘shma korxonalar bilan hamkorligida ushbu turdagi xizmatni rivojlantirish bo‘yicha o‘z hissasini qo‘shish yo‘li bilan tashkil qiladi. Lekin ushbu maqolamizda faqat Sizlar uchun, kompaniyaning filiallarida joriy etilgan IP-telefoniya xizmati va ularning universal oldindan to‘langan to‘lov kartochkalari xususida to‘xtalib o‘tishni ma’qul ko‘rdik.

Telefon va ma’lumotni uzatish tarmoqlari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bugungi kunda kommunikasiya imkoniyatlarining taraqqiyoti ustuvor hamda iqtisodiy jihatlaridan qulay bo‘lgani bois IP -telefoniya maxsus kartochkalariga bo‘lgan iste’molchilarning talablari tobora ortib borayotgani kuzatilmoqda.

IP-texnologiya haqida bilasizmi?

Kompyuterlar Internet orqali bir-birlariga ma’lumotni uzatishga qodir. E-pochta (E-mail) bularning eng sodda misolidir. Chunonchi, tovushni ham raqamli ma’lumotga aylantirish hamda uni xuddi boshqa ma’lumot turlari kabi kompyuterlarning bir-birlari orasida uzatilishi ham mumkin. IP-telefoniya – bu ma’lumotni uzatish tarmog‘i bo‘ylab tovushni uzatishdir. Bunday tovush uzatishning an’anaviy holatidagi analogli telefon bog‘lanishining asosiy farqli joyi shundaki, tovushni raqamli signallarga aylantirib, uni ma’lumot ko‘rinishida uzatish demakdir. IP-telefoniya (VoIP qisqartma ingliz so‘zidan olingan bo‘lib, “Voice over Internet Protocol”-ya’ni “Tovushni Internet bayonnomasi bo‘ylab uzatish” degan ma’noni bildiradi) -Internet bilan birgalikda hayot tarziga kirib borayotgan texnologik yangilik hisoblanadi. IP-telefoniyaning negizida telefon so‘zlashuvlarini an’anaviy telefon so‘zlashuvidan ko‘ra 2-3 martaga arzonlashtiruvchi texnologiyalardan hisoblanadi. Uning boisi shundaki, tovush signalining asosiy qismi Internet tarmog‘ida raqamli ko‘rinishda o‘tadi. Shuning uchun ham an’anaviy telefon liniyalarida sodir bo‘ladigan xizmatdan ko‘ra ozroq xarajat va sifatli aloqa xizmatlari imkoniyatini yaratib beradi.

Texnologiyasi. An’anaviy telefon so‘zlashuvi tushunchasi mazmunida – ikki abonentning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishi uchun imkoniyat yaratilishi ifodalanadi. An’anaviy telefon xizmatida turli mamlakatlardagi operatorlarning xalqaro kommutasiya markazlarida tashkil etilgan qattiq belgilangan marshrutning maxsus ajratilgan kanallari yordamida ma’lumot (yoki so‘zlashuv) o‘tadi.

pic

IP-telefoniya holatida esa Sizning telefon so‘zlashuvingiz, ya’ni tovush signali filiallardagi kommutatorning VoIP-shlyuzi (serveri)ga uzatiladi, boshqacha qilib aytganda operatorgacha mahalliy qo‘ng‘iroq vujudga keladi. Shunday tartibdagi aloqani siz filiallarimiz tomonidan chiqarilgan universal oldindan to‘langan kartochkalar yordamida tashkil qilasiz. So‘ngra signal raqamli ko‘rinishga keltirilib, Internet tarmog‘i orqali istalgan mamlakatdagi kommutator kanaliga uzatiladi. Ana shundan so‘ng, ushbu kommutator raqamli tovush signalini oddiy signalga aylantirib sizga tegishli chaqirilayotgan abonentga uzatiladi. Bu jarayon albatta juda ham tez soniyalarda vujudga kelib, aloqa kanalidagi sizning internet tarmog‘ida jo‘natilayotgan paketlardagi so‘zlashuvingiz qismlari turli kanallardan o‘tadi, bu esa kechikish holatini vujudga keltirishi mumkin. IP-telefoniyadagi aloqa sifati, ko‘pincha operatorning xalqaro kanalining sig‘imiga bog‘liq bo‘ladi. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida a’lo darajada optik tolali kanallar orqali yetarli sig‘imdagi xalqaro kanallariga ega. Shuning uchun ham ishonib tasdiqlash lozimki: an’anaviy aloqa xizmati texnologik jihatidan ko‘ra doim yaxshi bo‘lgan (“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi mijozlari uchun uni taklif etishdan rad etishni nazarda tutmaydi).
IP-telefoniya kartochkalari haqida Respublikamizda internet xizmatini yetkazish bo‘yicha faoliyat olib boradigan internet provayderlarining soni tobora oshib bormoqda va biz bugungi kunda, har bir provayderlar tomonidan chiqarilgan internet kartochkalarining xususiyati haqida tushunchaga egamiz. Undan tashqari ayrim operator yoki korxonalar tomonidan telefon kartochkalari ham chiqarilgan. Internet yoki telefon kartochkalari – bu oldindan to‘langan to‘lov kartochka bo‘lib, mijozga internet yoki telefon xizmatini belgilangan nominal (vaqtni so‘m bo‘yicha) foydalanish xizmatini yetkazuvchi vosita hisoblanadi.

pic

So‘nggi paytlarda, yangi maxsus, ya’ni universal oldindan to‘langan to‘lov ham internet va ham telefon kartochkalari joriy etildi. Ushbu universal kartochkalarni boshqacha qilib, IP-telefoniya kartochkalari deyilsa ham bo‘ladi. Aynan shunday kartochkalarni, hozirgi kunda, “UzNet”, “TShTT” va “TTTS” filiallari tomonidan chiqarilmoqda. Ushbu universal oldindan to‘langan to‘lov (IP-telefoniya) kartochkalari quyidagi afzalliklarga ega:

• Ham xalqaro telefon so‘zlashuvlari hamda internetdan foydalanish xizmati (ikki xizmat bir vaqtda);
• Kartochkaning egasi mijoz hisoblanadi (sizga provayderning abonentlar bo‘limi orqali to‘lov o‘tkazish talab qilinmaydi);
• Qo‘ng‘iroqlar O‘zbekiston Respublikasining istalgan punktidan turib amalga oshiriladi;
• Nojug‘rofiy 805 kirish kodi (istalgan punktdan telefon qilgan mijoz zona ichidagi to‘lovlar bepul);
• Tonal rejimda ishlovchi istalgan telefon apparati yordamida foydalanish mumkin, qolaversa mobil apparatlarida ham amalga oshiriladi;
• Juda arzon narxlarda (an’anaviy yoki boshqa shunga o‘xshash operatorlarining xizmatidan ko‘ra arzonroq).

Universal kartochkalardan foydalanish tartibi

“UzNet”, “TShTT” yoki “TTTS” filiallari tomonidan chiqarilgan universal kartochkalaridan foydalanish juda ham sodda. Kartochkaning egasi nimaga e’tibor qilishi lozim? Birinchidan, kartochka bilan birga eslatma-varag‘ini usti yopilgan holatda olishingiz kerak. Ikkinchidan, sotib olingan kartochkaning foydalanish yoki amal qilish muhlatiga e’tibor qilishingiz lozim. Uchinchidan, pin kodini sir saqlashingiz kerak. IP-telefoniya yoki telefon kartochkalarini olgan paytingizda pin kod maxsus plyonka bilan yopilgan bo‘lib, siz ushbu pin kodni ohista o‘chirishingiz kerak.

“UzNet” filialining universal kartochkalari haqida. “UzNet” filiali Respublikamizdagi eng yirik internet provayder hamda operatori hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasining 2004 yilning 26 maydagi, 39-sonli bayonnomasiga asosan, “UzNet” va “Intal Telekom” filiallari birlashtirildi va unga “UzNet” filiali deb nom qo‘yildi. Ushbu filial bir qator zamonaviy telekommunikasiya texnologiyalari asosida yuqori tezlikdagi internetga chiqish kanallari mavjud. Filial tomonidan uch xil: 5, 10, 20 nominallarda kartochkalarni sotuvga chiqarmoqda. Ushbu universal kartochkalar orqali xalqaro va shaharlararo hamda internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratib beradi.

Universal IP-telefoniya kartochkalaridagi internet xizmatidan foydalanishingiz uchun, kompyuteringizni modem bilan sozlangan holda quyidagicha tartibda amalga oshirishingiz lozim.

Birinchi, provayderning modem telefonlarini aniqlashingiz kerak.

pic

Ikkinchidan, kompyuterdagi masofaviy ulanish tarmog‘i orqali sizning shahringizga tegishli modem telefon raqamlari, login va parolni sozlashingiz kerak. Siz uchun ushbu provayder loginiga: uznet; paroliga: uznet ni kiritishingiz kerak. Uchinchidan, ro‘yxatdan o‘tishingiz uchun hamda hisobingizni to‘ldirishingiz uchun, [url=http://www.cabinet.uznet.net]http://www.cabinet.uznet.net[/url] internet sahifasiga kirishingiz kerak, so‘ngra pin kodi, shaxsiy login va parolni tegishli talab qilingan qismlariga kiritishingiz kerak.

Shu bilan siz, “UzNet” filialining IP-telefoniya kartochkasi orqali internetdan foydalanuvchi iste’molchi yoki mijozi hisoblanasiz. Sizning e’tiboringizga “UzNet” filialining IP-telefoniya kartochkalaridagi internet tariflari quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan.

pic
pic

“UzNet” filialining internetdan foydalanish tariflari

Xalqaro va shaharlararo telefon so‘zlashuvlari haqida.
Umuman, IP-telefoniyada intelektual servis xizmati joriy etilgan bo‘lib, ushbu texnologiya sizning kartochkangizdagi hisob hamda telefon yo‘nalishlari, undagi jarayonlar haqida ma’lumot yetkazuvchi tizim hisoblanadi. Shuning uchun ham universal kartochkadan foydalanishdan oldin sizga operatorning viloyatlar yoki shahardagi IP-telefoniya xizmatining bog‘lanish modemlariga qo‘ng‘iroq qilib tushushingiz lozim.

IP-telefoniya telefon raqamlari

Yuqoridagi telefon raqamlaridan sizga tegishli tuman yoki shahar ulanish telefon raqamlaridan birini tanlashingiz lozim. Telefon apparatingizni “*” tugmachasi orqali tonal rejimga o‘tkazing, taklif so‘zlaridan so‘ng Pin kodini tering va “#” tugmachasini bosing, O‘zbekiston hududidagi shaharlararo aloqa xizmati uchun 8 + shahar kodi + abonent raqami + “#” ni tering yoki xalqaro aloqa xizmatlari uchun 8 + 10 + davlat kodi + shahar kodi + abonent raqami + “#” tugmachasi bosib chaqiruvni kuting. Siz xalqaro telefon aloqa xizmatini mobil telefon apparatlari yordamida ham xuddi yuqoridagi amallarga e’tibor qilingan holda vujudga keltirishingiz mumkin. Eslatib o‘tamiz, pin kodni terayotgan paytingizda Ok/Yes tugmasini bosish qat’iyan man’ etiladi.

pic

“UzNet” filialining kartochkalari haqida yanada ko‘proq ma’lumot kerak bo‘lsa, [url=http://www.uznet.net]www.uznet.net[/url] internet manziliga yoki texnik yordam bo‘limi (371) 144-72-37, 144-78-22 hamda mijozlar bo‘limi (371) 139-23-08 telefon raqami orqali olishingiz mumkin.
“UzNet” fililali tomonidan chiqarilgan universal kartochkalarni qayerdan sotib olishingiz mumkin?

“UzNet” filiali tomonidan yaqinda chiqarilgan IP-telefoniya kartochkalari Toshkent shahridagi “Buyuk ipak yo‘li”, “Amir Temur”, “Habib Abdullaev”, “Beruniy”, “Chilonzor” va “Paxtakor” metro bekatlarida hamda har bir viloyatlardagi “UzNet”ning bo‘limlarida sotuvi joriy etilgan va u yerdan siz albatta xarid qilishingiz mumkin.
Qisqasi 100 marta eshitgandan ko‘ra, bir marta foydalanganingiz ma’qul, o‘shanda hammasini yaxshi bilib olasiz degan umiddamiz.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top