Infocom.uz

Istiqbol yuqori malakali kadrlarga bog’liq. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg’ona filiali

pic
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg’ona filiali O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-iyundagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 200-sonli va 2002-yil 7-noyabrdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyatini tashkil etish to’g’risida”gi 385-sonli hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi “Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to’g’risida”gi PQ-91- sonli Qarorlari asosida 2005-yilda tashkil etilgan.

Filialda bakalavriaturaning 5521900-Informatika va axborot texnologiyalari, 5522200-Telekommunikatsiya, 5140900-Kasb ta’limi (informatika va axborot texnologiyalari), 5811200-Servis (axborot servisi) yo’nalishlarida va magistraturaning 5A521904-Hisoblash mashinalari, komplekslari, tizimlari va tarmoqlarini matematik va dasturiy ta’minoti, 5A521911-Kasb-hunar fanlarini o’qitish metodikasi mutaxassisliklari bo’yicha respublika iqtisodi uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo’yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

Respublikada axborot texnologiyalari sohasi bo’yicha kadrlarga ehtiyoj oshib borayotganligi munosabati bilan filialda ushbu soha kadrlarini tayyorlash ko’rsatkichlari oshib bormoqda, masalan, 2006-yilda 93 nafar talaba bitirib chiqqan bo’lsa, 2007-yilda 103, 2008-yilda 154, 2009-yilda esa (reja) 191 nafar mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish bo’yicha kafedralar tomonidan salmoq-li ishlar amalga oshirilgan. Hozirgi kunda ma’ruza mashg’ulotlari uchun 70 tadan ortiq elektron ishlanmalar (taqdimot)lar, 55 ta fandan elektron darslik, 8 ta fandan avtomatlashtirilgan kompyuter orqali boshqariladigan laboratoriya ishlari, 13 ta virtual laboratoriya stendlari tayyorlangan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetidan keltirilgan 4500 dan ziyod o’quv-axborot resurslarini mavjud lokal tarmoq serveriga joylashtirish va tarmoq doirasida barcha kompyuterlar orqali ko’rish va o’rganish imkoniyatlari yaratilgan. Kafedralardagi kompyuter sinflari ham maxsus jihozlangan, har biri 50 dan ortiq talabani joylashtira oladigan interaktiv elektron doskalar bilan jihozlangan ma’ruza auditoriyalarida barcha mashg’ulotlar ilg’or axborot texnologiyalarini qo’llash asosida tashkil etilgan. Shunungdek, Pentium 4 rusumli kompyuterlar talabalar o’zlashtirishini ko’tarish, uning sifat ko’rsatkichlarini yaxshilashga dars mashg’ulotlarini zamonaviy axborot va yangi pedagogik texnologiyalari asosida o’qitish imkoniyatini yaratmoqda.

pic

Filialda barcha ta’lim yo’nalishlari bo’yicha o’qitilayotgan fanlarning darslik, o’quv qo’llanma va uslubiy adabiyotlar bilan to’la ta’minlanish darajasiga erishilgan bo’lsada, ta’lim yo’nalishlarini zamonaviy eng yangi o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishilayotganligini ta’kidlash lozim. Filial professor-o’qituvchilari tomonidan mashg’ulotlar o’tkazish bo’yicha 7 ta darslik, 21 ta o’quv qo’llanma, 116 ta uslubiy qo’llanma, 156 ta uslubiy ko’rsatma tayyorlanib, yetarli nusxada chop etildi. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlardan zamonaviy o’quv adabiyotlarini o’qish jarayoniga joriy etish ishlari yaxshi yo’lga qo’yilgan.

Jumladan, “Amaliy informatika” kafedrasi katta o’qituvchisi T. Dadajonov “Simvolli dasturlash tili MATLAB” nomli qo’llanmani, “Axborot texnologiyalari” kafedrasi professor-o’qituvchilari F. Y. Polvonov, A. M. Rasulov muallifligida “Informatika” dasrligi va o’quv qo’llanmasi, kafedra professori D. e. Akbarovning “Axborot xavfsizligini ta’minlashning kriptografik usullari va ularning qo’llanishi” o’quv qo’llanmasi “O’zbekiston markasi” nashriyoti tomonidan chop etildi. “Telekommunikatsiya” kafedrasining professor-o’qituvchilari: O. Abduazizov, N. Jo’rayev, U. Iskandarov “Elektr aloqa nazariyasi”, “Telekommunikatsiya tizimlari va tarmoqlari” o’quv qo’llanmalari, kafedra katta o’qituvchisi N. Jo’rayev “Avtomatik kommutatsiya asoslari” 2 qismdan iborat o’quv qo’llanmasi nashrdan chiqarildi. “Ijtimoiy fanlar” kafedrasida “Saylov. Saylov tizimlari”, “Mustaqillik va milliy o’zlikni anglash”, “Jamiyatning ma’naviy madaniyati”, “Oila va nikoh sotsiologiyasi” nomli o’quv qo’llanmalar tayyorlandi, kafedra dotsenti N. U. Usmonov rahbarligida Prezident Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarini o’rganish bo’yicha elektron uslubiy qo’llanma yaratilgan hamda asardagi so’z, atama va iboralarning izohli lug’ati yaratildi.

O’qish jarayoniga yangi axborot texnologiyalarini olib kirish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Amaliy informatika” kafedrasi dotsenti M. Djalilov tomonidan “Kompyuter grafikasi” fani bo’yicha ishlanma tayyorlangan. Undagi har bir ma’ruza materiallarini talabalar tomonidan ijodiy o’zlashtirishlari uchun yo’naltiruvchi, o’ylashga, fikr yuritishga, faollikka chorlovchi muammoli savollar qo’yilishi uning sifatini yanada boyitishga olib kelgan. “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri F.Polvonov “Kompyuter tizimlari va tarmoqlari” fanidan murakkab texnologik jarayonlarning multimedia ishlanmasini yaratgan. Dotsentlar A. Rasulov va A. Xolmirzayev tomonidan “Axborot texnologiyalari”, “Chizma geometriya va muhandislik grafikasi” fanlaridan animatsiyali elektron darsliklar tayyorlanib, o’qish jarayoniga tatbiq etilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish” to’g’risidagi PQ-381-sonli qarori va unga muvofiq oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2006-yil 23-iyundagi 135-1 sonli buyrug’i ijrosini ta’minlash maqsadida filialda “Axborot-resurs markazi” (ARM) tashkil etilgan. O’tgan davr mobaynida ARM xodimlari tomonidan bir qator mas’uliyatli vazifalar amalga oshirildi. Bu avvalo xodimlarning xizmat vazifalariga yangicha yondashuv, axborot vositalari va texnologiyalarining yangi zamonaviy turlarini o’zlashtirish va shu sohada o’z malakalarini oshirish, ARM’ning kitob fondini boyitib borish, o’quv zallarining elektron bazasini yaratish va kengaytirish, kitobxonlarga xizmat ko’rsatish sifatini va samaradorligini yanada oshirish kabilardir. Axborot resurslarini shakllantirishda nafaqat oliy ta’lim muassasasi yo’nalishi, balki ARM va uning shahar bo’limi joylashgan hududdagi aholining ijtimoiy tarkibi, yoshlari hamda axborot resurslariga bo’lgan talab va ehtiyojlari ham inobatga olinmoqda.

Filial ARM fondida 5899 nusxa kitob va 56 nomdagi gazeta va jurnallar mavjud. 2009-yil may oyigacha 159 nusxada 50000 so’mlik kitoblar xarid qilingan. Bulardan 1694 donasi o’quv qo’llanma, 3165 donasi darslik, 900 donasi risola va uslubiy qo’llanmalar, 140 donasi badiiy adabiyotlardir. ARM da 22 ta kompyuter bo’lib, shundan 20 tasi ARMning kompyuter zalida joylashgan. Ularning barchasiga yangi referatlar, o’quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik va obunalar haqidagi ma’lumotlar bazasi kiritilgan.

Markazda “IRBIS” dasturi, TATU ARM xodimlari tomonidan SQL, JAVA asosida ishlab chiqilgan “TUIT elib” dasturi, filial olimlari va magistrantlari hamkorligida tayyorlangan TUIT FF elib elektron kutubxona ishlab turibdi. Hozirgi kunda mazkur elektron kutubxonada 4500 dan ortiq elektron darslik va qo’llanmalar mavjud. Kutubxonada 55 ta fandan elektron ma’ruza matnlari, shuningdek, mazkur fanlar bo’yicha elektron darsliklar va 37 fandan o’quv mashg’ulotlariga mo’ljallangan kliplar va elektron filmlar bor. Ulardan talabalar to’liq foydalanish imkoniyatiga egadirlar. ARM da 20 ta zamonaviy kompyuterlardan iborat sinf tashkil etilgan bo’lib, kompyuterlar Internet tarmog’iga ulangan.

ARM o’quv zalida professor-o’qituvchi va talabalar shug’ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ular o’zlari uchun kerakli bo’lgan ma’lumotlarni internet tarmog’idan olishlari uchun barcha sharoit mavjud. Filial sayti [url=http://www.tuitff.uz]www.tuitff.uz[/url] domeni 2005-yildan faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Saytni operativ ravishda yangilab turish, nazorat qilish, uni yangi sahifalar bilan doimiy ravishda boyitish ishlari tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2006-yil 23-yanvardagi “ZiyoNet” axborot tarmog’ini yanada rivojlantirish va uni axborot-ta’lim resurslari bilan boyitish to’g’risida”gi 12-sonli buyrug’ini bajarish maqsadida “ZiyoNet” axborot tarmog’ini “Informatika va axborot texnologiyalari” yo’nalishi, tabiiy fanlar sohasidagi axborot-ta’lim resurslarini yaratish bo’yicha filialning dasturi ishlab chiqilgan.

Filialda 2008-2015 yillarga mo’ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va ilmiy-pedagogik xodimlar tayyorlash rejasi ishlab chiqilgan. Mazkur reja asosida ilmiy izlanishlar davom ettirilmoqda. Filial professor-o’qituvchilari tomonidan 4 ta O’zbekiston Davlat patenti olindi, 3 ta ilmiy monografiya, 134 ilmiy maqolalar e’lon qilindi. Bularning ko’pchiligi xorijiy davlatlarning ilmiy nashrlarida chop etilgan. Filial kafedralarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo’yicha hozirgi davrning eng dolzarb muammolarini hal qi-lishga qaratilgan. Jumladan, “Axborot texnologiyalari” kafedrasi ilmiy-tadqiqot faoliyati – Hisoblash mashinalari, majmualari, tizimlar va tarmoqlarni matematik va dasturiy ta’minoti va Murakkab fizikaviy jarayonlarni modellashtirish ilmiy yo’nalishlari bo’yicha olib borilmoqda. Kafedra professor-o’qituvchilari tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining umumiy hajmi 20,5 mln. so’mni, shu jumladan, davlat dasturlari bo’yicha 18,5 mln. so’mni, xo’jalik shartnomalari asosida 2 mln. so’mni tashkil etmoqda. Kafedrada O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish” qo’mitasi tomonidan moliyalashtirilgan 2 ta davlat dasturlari bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda: fundamental davlat dasturi asosida “Yupqa monokristall va amorf yarim-o’tkazgichlarda ionlar implantatsiyasi hamda elektron va teshiklarning yorug’lik chiqaruvchi rekombinatsiyasi hodisalarini kompyuterda modellashtirish usuli bilan tadqiq etish” mavzusidagi (ilmiy rahbar fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Rasulov A. M., 2008-yilda – 4,16 mln so’m, 2009-yilda – 8,5 mln so’m) va amaliy davlat dasturi asosida 17-009 “Mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashda zamonaviy masofaviy ta’lim kurslarini yaratish uslubiyotining asosiy tamoyillari” mavzusi bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda (mas’ul ijrochi texnika fanlari nomzodi, dotsent Polvonov F. Yu., 2009-yilda – 10 mln so’m). Bundan tashqari, “O’zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi “O’zneftgazqazib chiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi “Andijonneft” ochiq hissadorlik jamiyati qoshidagi “Vodiyneftgazavtotrans” sho’ba korxonasi bilan 2 mln. so’mlik xo’jalik shartnomasi bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

pic

“Amaliy informatika” kafedrasida professor R.D.Teshaboyev rahbarligida va mas’ul ijrochi dotsent M.L.Djalilovlar tomonidan “Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi” bilan tuzilgan ikki yil muddatli “Bino va inshootlarni tayanch konstruksiyalarini ishga yaroqliligini kompyuter diagnostikasi yordamida tadqiq qilish” mavzusida 2009-2010 yillar uchun tuzilgan xo’jalik shartnomasi asosida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu ishga mo’ljallangan 27 mln. so’m mablag’dan hozirda joriy yil uchun 13,3 mln. so’m mablag’i o’zlashtirildi. “Kapital rekonstruksiyalanuvchi va ta’mir-lanadigan bino va inshootlarni seysmik-texnik holatinining kompyuter diagnostikasi dasturini ishlab chiqish” mavzusida kafedrada professor R.D.Teshaboyev rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ilmiy tadqiqot ishiga ajratilgan mablag’ (grant) miqdori 10 mln so’mni tashkil etadi. Kafedra dotsenti S. Tursunov tomonidan “Bino va inshootlarning texnik holatini aniqlash” mavzusi bo’yicha 3 ta mualliflik guvohnomasi olingan.

Filialda ma’naviy-ma’rifiy ishlar 2008-2009 o’quv yiliga mo’ljallangan reja asosida olib borilmoqda. O’quv muassasida professor-o’qituvchilar uchun zamonaviy psixologiya va pedagogikaning dolzarb muammolari bo’yicha maxsus o’quv kursi tashkil etilgan. O’quv kursining mulimligi shundaki, professor-o’qituvchilarning ko’pchilik qismi texnika yo’nalishida tahsil olgan bo’lib, ularning pedagogik faoliyatini takomillashtirishda olingan bilimlar alohida ahamiyat kasb etadi.

pic

Talabalarning erkin fikrlashi va tafakkur yuritish qobiliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O’quv yurtida “Yosh qalamkashlar” (rahbar dotsent N. Soliyev), “Yosh sotsiologlar” (rahbar dotsent N. Usmonov), “Pedagogik mahorat” (rahbar – D. Yo’ldashaliyev) va “Masofaviy ta’lim texnologiyalari” (rahbar – J. Karimov) nomli to’garak, “Quvnoqlar va zukkolar jamoasi” (rahbar G. Sodiqova) va boshqalar samarali faoliyat yuritmoqda. Filialning “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi vodiy oliy o’quv yurtlari o’rtasida tanilgan jamoa hisoblanadi. Filialda 2005-yildan buyon muntazam ravishda iqtidorli talabalar va magistrantlar hamda professor-o’qituvchilarning ilmiy-texnik anjumanlari o’tkazib kelinadi. Filialda bayramlar, ulug’ allomalarning tavallud kunlari va boshqa sanalarni keng nishonlash amaliyotga kiritilgan.

Bu yil “Navro’z” bayrami yuqori saviyada o’tkazildi. 16-20 mart kunlari talabalar o’rtasida sportning futbol, voleybol, basketbol, arqon tortish, tosh ko’tarish, shaxmat va shashka turlari bo’yicha musobaqalar tashkil etildi. 20-mart kuni talabalar uchun bayram oshi va sumalak tayyorlandi. Shu kuni filial hududi bayramona bezatildi. Tashkil etilgan konsertda viloyatning taniqli san’atkorlari va so’z ustalari N. Asqarov, V. Qodirov, A. Akbarovlar ishtirok etdilar.

pic

Prezident Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarini o’rganish bo’yicha o’quv jadvaliga kiritilgan fakultativ kurs nihoyasiga yetkazildi.

Filialda “O’zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg’armasi tomonidan o’tkazilgan “Kelajak ovozi” ko’rik-tanlovining “Dasturiy ta’minot” yo’nalishi bo’yicha 2008-yil Respublika final bosqichida filial dotsenti A.M. Rasulov ilmiy rahbarligida ishtirok etgan “Informatika va axborot texnologiyalari” yo’nalishi talabasi A.Abdu-qodirov g’olib bo’lib, maxsus sovrin va diplom bilan taqdirlandi. Ushbu ko’rik-tanlovning 2009-yilgi viloyat bosqichida “Veb – ishlanmalar” va “Dasturiy ta’minot” yo’nalishlari bo’yicha filialning “Informatika va axborot texnologiyalari” bakalavriat ta’lim yo’nalishi talabalaridan 21 nafari o’zlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo’yicha ishlanmalari bilan ishtirok etdilar. Ulardan A. Abdullayev va I. Qodirovlar bu yo’nalishlar bo’yicha (ilmiy rahbarlar dotsent A. Abduqodirov va do-tsent F. Polvonov)1-o’rinni egalladilar.

2008-yil 29-noyabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo’lib o’tgan dasturlash bo’yicha Markaziy Osiyo respublikalari oliy ta’lim muassasalarining talabalar o’rtasidagi komandalararo jahon chempionatining yarim final musobaqalarida filial talabasi E. Tursunov, L. Sobirov va X. Soliyevlar faol ishtirok etdilar.

Talaba B.Abduqodirov O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining iqtidorli talabalar uchun beriladigan maxsus stipendiyasiga sazovor bo’ldi.

Toshkent shahrida o’tkazilgan Universiada o’yinlarida O. Porubay suzish bo’yicha 50 metrli masofada kumush, 200 metrli masofada bronza medallarini olishga muyassar bo’ldi. Bundan tashqari, jamoaviy estafetali suzish bo’yicha ham 2 ta bronza medallari sohibasi bo’ldi. Aloqachilarning kasb bayrami 7-may munosabati bilan O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori buyrug’iga binoan TATU Farg’ona filiali o’quv ishlari va ilmiy tadqiqot ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari Akbarali Maxamatovich Rasulov faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

TATU’da 12-14 may kunlari o’tkazilgan Milliy dasturchilar forumi va “Best Soft Uzbekistan 2009” dasturiy mahsulotlar milliy ko’rgazmasida filial professor-o’qituvchilaridan dotsent A. Rasulov Message Passing Interface (MPI) asosida hisoblash kompyuter dasturi va dotsent F. Y. Polvonov PHP i MYSQL asosida dasturlar bilan faol ishtirok etdilar. “Unitel” kompaniyasi (“Bilayn” savdo markasi)ning “Uchinchi avlod” nomli yosh mutaxassislar stajirovka loyihasi bo’yicha filialning 3-kurs talabalaridan 28 nafari 3-bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo’lga kiritdilar.

Xulosa qilib aytganda, filialda barcha ishlar ta’lim sifatini yanada ko’tarish va yetuk kadrlar tayyorlash masalasiga yo’naltirilgan. Axir bugungi kundayoq kelajagi buyuk mamlakatimiz istiqboli yuqori malakali kadrlarga bog’liq ekanligini hayot tasdiqlab turibdi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top