Infocom.uz

Maqsad – kriptigrafiya sohasini rivojlantirish

Ko’pgina rivojlangan davlatlar axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarida maxfiy axborotlarni xavfsiz uzatish va elektron raqamli imzo yaratishda o’z milliy standartlaridan foydalanmoqdalar. Bunday standartlar AQSh, Rossiya, Koreya, Germaniya va bir qancha davlatlarda ishlab chiqilgan. Alohida ta’kidlash lozimki, xorijga eksport qilinadigan dasturiy mahsulotlarda milliy standartlar qo’llanilmaydi, yetarli darajada bardoshlilikka ega bo’lmagan kriptografik vositalar qatnashadi. Ana shu sabablar O’zbekiston Respublikasida ham milliy kriptografik algoritmlarni yaratish va ularni takomillashtirish muammolarini dolzarb qilib qo’ydi. Bu muammoni hal etish uchun axborot xavfsizligini ta’minlashning ilmiy asosi bo’lgan kriptologiyani rivojlantirish zaruriyati paydo bo’ldi.

Aloqa kanallari orqali axborot xavfsizligini ta’minlab saqlash va uzatish tizimlarini yaratish hamda tahlil qilish bilan kriptologiya fani shug’ullanadi. Kriptologiya grekchada kryptos – “sirli” va logos -“xabar” (axborot) degan ma’noni anglatadi. O’zbekiston Respublikasida kriptografiya sohasida ilmiy tadqiqotlar boshlanganiga hali ko’p (10 yil ham) bo’lgani yo’q. Respublikada O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi olimlari birinchilardan bo’lib, kriptografiya yo’nalishi bo’yicha ilmiy tadqiqotlarni boshlab yubordilar.

1974-yilda o’zbek olimi O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi, professor Xasanov Po’lat Fattoxovich tomonidan taklif etilgan diamatritsalar algebrasini markazimiz direktor o’rinbosari Xasanov Xislat Po’latovich tomonidan kriptografiya masalalarini yechish uchun takomillashtirilib topilgan parametrli algebra ishlab chiqildi. Buning natijasida Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazining bosh ilmiy xodimi Xasanov P. F. rahbarligida 2002-yilda kriptografiya bo’yicha birinchi patentga talabnoma berildi. Bu patent 2006-yilda O’zbekiston Respublikasi davlat patent idorasi tomonidan ro’yxatga olindi va “Raqamli imzoni shakllantirish va autentifikatsiya usuli” ixtirosi uchun 03070-sonli patent berildi.

03070-sonli “Raqamli imzoni shakllantirish va autentifikatsiya usuli” patenti g’oyalari Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan O’zbekiston Respublikasining kriptografiya sohasidagi dastlabki davlat standartlariga asos bo’ldi. O’z DSt 1092:2005 “Axborot texnologiyasi. Axborotning kriptografik muhofazasi, Elektron raqamli imzoni shakllantirish va tekshirish jarayonlari”, DSt 1105:2006 “Axborot texnologiyasi. Axborotning kriptografik muhofazasi. Ma’lumotlarni shifrlash algoritmi”, DSt 1106:2006 “Axborot texnologiyasi. Axborotning kriptografik muhofazasi. Xeshlash funksiyasi” shular jumlasidandir. Kriptografiya yo’nalishini rivojlantirishga davlatimiz tomonidan ham katta ahamiyat berilmoqda. Bunga keyingi yillarda qabul qilingan bir nechta qonun va me’yoriy hujjatlar, jumladan, “Elektron raqamli imzo”, “Elektron hujjat aylanishi” to’g’risidagi qonunlar, Prezidentimizning 2007-yil 3-aprelda qabul qilgan “O’zbekiston Respublikasida axborotning kriptografik himoyasini tashkil etish chora-tadbirlari” to’g’risida”gi qarori misol bo’lishi mumkin.

03070-sonli “Raqamli imzoni shakllantirish va autentifikatsiya usuli” patenti g’oyalari O’zbekiston Respublikasining qonun va qarorlarini amalga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. So’nggi yillarda milliy standartlarga asoslanib e-HUJJAT – elektron hujjat almashish tizimi, e-XAT elektron xat almashish tizimi, himoyalangan fayl “Himfayl” tizimi va masofaviy soliq hisoboti topshirish tizimi uchun kriptoprovayderlar ishlab chiqildi. Hozirgi kunda ko’pgina korxonalarda, jumladan – O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Davlat soliq qo’mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat aloqa inspeksiyasi, Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi, O’zimpeksaloqa korxonasi, O’zbektelekom AK va boshqalarda milliy tizimlardan foydalanilmoqda.

Kriptografiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari nafaqat respublikamizda, xorijda jumladan, Sankt-Peterburgda o’tkazilgan xalqaro ilmiy-anjumanlarda muhokamadan o’tib, ularga hamkorlarning qiziqishi tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda “Raqamli imzoni shakllantirish va autentifikatsiya usuli” patenti g’oyalari yanada takomillashtirilmoqda. Maqsadimiz kriptografiya sohasidagi ilmiy izlanishlarni davom ettirib, mustaqil O’zbekiston Respublikasining axborot xavfsizligini ta’minlashda o’z hissamizni qo’shish, uni xalqaro miqyosga olib chiqishdan iborat.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top