Infocom.uz

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

Albatta, hammamiz uchun aziz va muqaddas bo‘lgan Vatanimiz mustaqilligining yaqinlashib kelayotgan 20 yillik buyuk sanasi arafasida o‘tayotgan bu bayramning alohida ma’no-mazmuni borligini, o‘ylaymanki, nafaqat soha xodimlari, balki ularning ijodi va mehnati mahsulidan har kuni bahramand bo‘ladigan millionlab yurtdoshlarimiz, butun xalqimiz yaxshi anglaydi.

Ayni shunday damlarda el-yurtimiz hayotida tarixan qisqa bir davrda ro‘y bergan o‘zgarishlar – o‘z kuch va salohiyatimizga tayanib, milliy davlatchiligimizni qayta tiklash, siyosiy va iqtisodiy mustaqilligimizni mustahkamlash, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, xalqaro maydonda mamlakatimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga erishish yo‘lida qanday ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritganimiz haqida so‘z yuritishimiz tabiiydir.

Ayni shu kunlarda ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirgan ishlarimizga tanqidiy baho berar ekanmiz, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, zamonning o‘zi talab qilayotgan muhim masalalarni kun tartibiga qo‘yish va ularni hal qilish barchamiz uchun eng dolzarb vazifa bo‘lib turgani xususida ortiqcha gapirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

Bugungi qutlug‘ ayyomda o‘lkamizda mustaqil milliy matbuot paydo bo‘lgan davrdan boshlab, bu ishning tamal toshini qo‘ygan, doimo xalq bilan, uning dardu tashvishlari, ezgu orzu-umid va intilishlari bilan yashagan ma’rifatparvar bobolarimiz, bu yo‘lda o‘zini fido qilgan insonlarning, muhtaram faxriylarimizning nomlarini hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.

Yurtimizda amalda o‘zini oqlamagan eski mafkura hukmronlik qilgan davrlarni eslar ekanmiz, shuni tan olishimiz kerakki, o‘sha zamonda ham axborot sohasining jonkuyar namoyandalari, qanday og‘ir bo‘lmasin, voqelikni to‘g‘ri yoritish, xalqimiz boshidan kechirgan mashaqqatli kunlarni yuragidan, qalbidan o‘tkazish, yaqin tariximizdagi mash’um yillarda millatimizning qadr-qimmatini, sha’nini himoya qilish, turli tuhmat va bo‘htonlardan asrash, eng muhimi, milliy qadriyatlarimiz, o‘zligimizni saqlashda o‘zini ayamasdan, vijdonan xizmat qilganini, mardlik va ma’naviy jasorat ko‘rsatganini bugun katta minnatdorlik bilan tilga olishimiz o‘rinlidir.

Biz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardanoq milliy g‘oyani shakllantirish, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot qurishdek buyuk maqsadlarni har qaysi insonning ongida, ma’naviy olamida keng qaror toptirish yo‘lida matbuotimiz katta hissa qo‘shayotganini, buning ahamiyati va mohiyatini alohida ta’kidlash va e’tirof etish zarur, deb bilaman.

Shu borada odamlarimizning, ayniqsa, yoshlarimizning dunyoqarashi tobora o‘zgarib, ularning ongu tafakkuri yuksalib, siyosiy va fuqarolik faolligi, daxldorlik tuyg‘usi oshib borayotgan bir paytda bu jarayonlarda aynan matbuot sohasining o‘rni va ta’sirini yuksak baholashimiz albatta adolatdan bo‘ladi, deb hisoblayman.

Aziz do‘stlar!

Bugun biz XXI asrda – globallashuv deb nom olgan, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda yashar ekanmiz va o‘z oldimizga O‘zbekistonni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqish maqsadini qo‘ygan ekanmiz, davr talablari bilan hamohang va hamqadam bo‘lib hayot kechirishimiz zarurligini o‘zimiz uchun yana bir bor aniq-ravshan tasavvur etib olishimiz shart.

Oldimizda turgan muhim vazifa va maqsadlar haqida gapirganda, avvalambor, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish yo‘lidagi izchil harakatlarimizni yanada kuchaytirish va ularni yangi, yuqori bosqichga ko‘tarish hayotiy zaruratga aylanib borayotganini barchamiz chuqur anglab olmoqdamiz.

Shu borada hayotimizda axborot erkinligini ta’minlash, davlat va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, ularni odamlarning o‘z fikr va g‘oyalarini, sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirish bugungi kunda eng dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmoqda.

Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining qonuniy kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan, xalqaro demokratik talab va standartlarga to‘la javob beradigan huquqiy zamin yaratilgani, sohaning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib borayotgani va bunday ishlar izchil davom ettirilayotgani, hech shubhasiz, bu yo‘ldagi harakatlarimizning muhim tarkibiy qismidir.

Ayni paytda bu yo‘nalishda kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar, amaliy hayotimizda to‘siq bo‘lib, o‘zining yechimini kutayotgan masalalar hali-beri ko‘pligini, o‘ylaymanki, hammamiz, avvalambor, matbuot jamoatchiligi juda yaxshi anglab, sezib turibdi.

Bugungi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, teleradioeshittirishlar, ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlariga oid yangi qonunlarni qabul qilish bo‘yicha ishlarni tezlashtirish kerakligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini ta’minlash, ularning hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish borasidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ham o‘zining amaliy ijrosini kutib turibdi.

Bu qonunlarning qabul qilinishidan hammadan ham ko‘proq manfaatdor bo‘ladigan siz, jurnalistlar bu jarayonda o‘z fikr-mulohazalaringiz, amaliy takliflaringiz bilan faol ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Yana bir masala to‘g‘risida to‘xtalishni joiz deb bilaman. Bu o‘rinda gap davlat tomonidan ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va matbaa korxonalari, matbuot tarqatuvchi tashkilotlar faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularga yangi imtiyoz va preferensiyalar berish haqida bormoqda. Avvalambor, bu tuzilmalarga yangi yildan boshlab soliq yukini sezilarli darajada kamaytirish bo‘yicha imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda.

Ana shunday imtiyozlar albatta ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini qog‘ozda emas, amalda ta’minlash uchun moliyaviy sharoit tug‘dirib berishi, ushbu sohada mehnat qilayotgan ishchi va xodimlarning daromadini, moddiy farovonligini oshirish bilan birga, boshqa bir qator soha va tarmoqlar rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.

Biz bu borada taraqqiy topgan davlatlar tajribasidan foydalangan holda, ushbu masalaning ijrosini qat’iy nazoratga olishimizni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Oldimizda turgan yana bir muhim vazifa borki, u ham bo‘lsa, matbuot sohasida hali-beri uchrab turadigan o‘tkir mavzularni chetlab o‘tish, o‘zini o‘zi nazorat qilish, mansabda o‘tirgan kishilarga itoatgo‘ylik, kimgadir yomon ko‘rinmaslik, voqelikka bir xil yondashuv kabi kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liqdir.

Sohada kadrlar, xususan, yosh jurnalistlarni tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish, jurnalistik ta’limga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarining o‘quv-metodik bazasini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, katta mahorat va ijodiy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga jalb etish bo‘yicha ham hali ko‘p ish qilishimiz kerak.

Shular qatorida xalqaro maydonda informatsiya sohasida erishilgan yutuqlarni puxta o‘zlashtirish, jurnalistlarimizning o‘z xorijiy hamkasblari bilan tajriba almashish tizimini yangicha asosda yo‘lga qo‘yish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Barchamizga ayonki, bunday vazifalarni bajarishda zamonaviy media texnika va texnologiyalarni, Internet tizimida qo‘llanadigan tillarni puxta egallash g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, mustaqil, yangicha fikrlaydigan, iste’dodli yoshlarga ommaviy axborot vositalari sohasida keng yo‘l ochib berishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.

Bugungi kunda axborot olamida Internet davri kelgani, internet-televideniye, internet-radio, elektron pochta, onlayn-video kabi ko‘plab yangi axborot tarqatish texnologiyalari qanday tez sur’atlar bilan rivojlanib, ularning auditoriyasi va ta’sir doirasi tobora kengayib borayotgani haqida ortiqcha gapirishga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman.

Bunday axborot vositalariga asosan yoshlarning juda katta qiziqish bilan qarashi va ulardan keng foydalanishini hisobga oladigan bo‘lsak, haqiqatan ham, bu masalaning naqadar ulkan ahamiyatga ega ekanini anglash qiyin emas. Aytish kerakki, yoshlar bilan teng bo‘lib, samimiy va samarali muloqot qilish uchun mana shunday axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini barcha jurnalistlar, birinchi navbatda, yosh jurnalistlarimiz har tomonlama chuqur va atroflicha egallashi kerakligini kimgadir tushuntirib berishga hech qanday hojat yo‘q.

Albatta, Internet orqali dunyoning istalgan nuqtasi bilan tezkor aloqa o‘rnatish, zudlik bilan zarur axborot va ma’lumotlarni olish, bilim va ma’rifatni oshirishda uning beqiyos o‘rni va ahamiyati borligini hech kim inkor etolmaydi. Biz odamlarimizning Internet imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanishga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Takror bo‘lsa-da, aytmoqchiman – axborot olamida qandaydir devor o‘rnatish, o‘z qobig‘iga o‘ralib, mahdudlikka yuz tutish yo‘li bizga aslo ma’qul emas.

Shu bilan birga, bugun yon-atrofimizda, uzoq-yaqin mintaqalarda yuz berayotgan voqealarni inobatga oladigan bo‘lsak, hali ongi, hayotiy qarashlari shakllanib ulgurmagan yoshlarni chalg‘itishga qaratilgan g‘arazli kuchlar ham Internet imkoniyatlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinayotgani va bunday intilishlarning qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.

Jamiyatda tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishga, o‘zaro adovat va to‘qnashuvlarga sabab bo‘ladigan bunday xatarlarning oldini olishning bitta yo‘li bor: yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, oqni qoradan, do‘stni dushmandan ajratishga qodir bo‘lgan, bizning qanday boy tarix va merosga ega ekanimizni anglab yashaydigan, imon-e’tiqodli, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan insonlar etib voyaga yetkazishimiz, bu masalani hech qachon ikkinchi darajali vazifa deb bilmasligimiz kerak.

Muhtaram do‘stlar!

Jurnalist ahlining mehnati, odamlarga, jamoatchilikka ta’siri haqida shaxsan men doim yuksak fikrdaman. Matbuot minbaridan aytilgan so‘z qanday qudratli aks sado berishi mumkinligini, uning ta’siri va samarasini oshirish avvalo sizlarning mahoratingiz, ijtimoiy pozitsiyangiz, insoniy va ijodiy fazilatlaringizga, hamisha mas’uliyat tuyg‘usi bilan ish olib borishingizga bog‘liq ekanini millionlab mushtariylar yaxshi biladi va sizdan aynan shuni kutadi.

O‘z kasbining haqiqiy ustasi va fidoiysi bo‘lgan, o‘zining haqqoniy so‘zi bilan odamlarni ezgu maqsadlarga safarbar eta oladigan, el-yurt manfaati, xalqimizning bugungi va ertangi kuni uchun yonib yashaydigan siz, jonkuyar jurnalistlarni men o‘zimning suyanchim va tayanchim deb bilishimni bugun yana bir bor aytmoqchiman.

Sizlarni kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, yangi-yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top