Infocom.uz

МТS kompaniyasi O’zbekistonda 4G tarmog’i ishga tushirilishini e’lon qiladi

Respublikamiz mustaqilligi kunining 19 yilligi arafasida MTS-O’zbekiston kompaniyasi o’zining barcha abonentlariga MTS kompaniyasi MDH va Markaziy Osiyoda birinchilardan bo’lib, O’zbekistonda to’rtinchi avlod tarmog’ini (LTE) ishga tushirganini ma’lum qilishdan mamnun. Ushbu innovatsion tarmoqni jahondagi operatorlarning uncha ko’p bo’lmagan qismi ishga tushirgan. Ta’kidlash lozimki, LTE standartiga mos keladigan mobil aloqaning birinchi tarmog’i 2009 yilning oxirida Shvetsiyada ishga tushirildi. Bugungi kunda LTE (4G) innovatsion tarmog’i Shvetsiyada, Norvegiyada, Germaniyada va Buyuk Britaniyada ishga tushirilgan.

LTE (Long-Term Evolution) texnologiyasi – bu 3G tarmoqlari taraqqiyotining mantiqiy davomidir. Mazkur texnologiya amaldagi mobil tarmoqlarga nisbatan ma’lumotlarni ancha yuqoriroq tezlikda (nazariy jihatdan yuz marta tezroq) yetkazib berishi mumkin.

O’zbekistonda LTE (4G) ishga tushirilishi MTS abonentlariga katta imkoniyatlarni ochib beradi, ular katta hajmlardagi ma’lumotlarni yuqori tezlikda yetkazib berishni talab qiluvchi vazifalarni bajarish uchun o’z kompyuterlari va noutbuklarida 100 Mb/sek tezlikda ma’lumotlarni yetkazib berishlari mumkin. Misol uchun endi MTS abonentlari sanoqli soniyalarda og’ir videofayllarni ko’chirib olishlari, shuningdek yuqori yechimda (HD – High Definition) TV va filmlarni tomosha qilishlari mumkin.

Bugungi kunda Toshkent shahrining markaziy qismida 4G tarmog’idan foydalanish mumkin, lekin kelgusida kompaniya butun O’zbekiston bo’ylab 4G tarmog’i doirasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, 3G tarmog’ini rivojlantirish kompaniya uchun ustuvor vazifalardan biri bo’lib qoladi, 3G tarmog’i 2008 yilning oxirida ishga tushirilgan va hozirda O’zbekistonning 5 ta yirik shaharlarini o’z ichiga oladi. 2011 yilning oxiriga kelib kompaniya O’zbekiston Respublikasining barcha viloyat markazlarini 3G tarmog’iga kiritishni rejalashtirmoqda.

Yangi avlod aloqa tarmoqlari uchun yechimlar ishlab chiqish sohasida jahonning yetakchi kompaniyasi bo’lgan Huawei Technologies Co. Ltd O’zbekistondagi LTE (4G) tarmog’ini barpo etish uchun uskunalar yetkazib berdi. Huawei kompaniyasi «Uzdunrobita» XKga to’rtinchi avlod bazaviy stansiyalari va kontrollyorlari, kommutatsion kichik tizim, transport tarmog’i uskunasini yetkazib berdi. Kompaniya shuningdek O’zbekistonda 4G tarmog’ini foydalanishga topshirishni texnik qo’llab-quvvatlaydi va MTS mutaxassislari bilan tajriba almashadi.

«Aynan biz o’z abonentlarimizga 4G xizmatlarini taklif qilgan MDH va Markaziy Osiyodagi birinchi operatorlardan biri bo’lishga muvaffaq bo’lganimizdan mag’rurlanamiz. Innovatsiyalar yetakchisi bo’lgan kompaniyamiz mobil aloqa va ma’lumotlar yetkazib berish sohasida eng ilg’or texnologiyalarni doimo o’z abonentlariga yetkazib berishga intiladi. O’zbekistonda yangi avlod tarmog’ini tatbiq etgan holda biz tajriba to’playmiz, kelgusida esa barcha bozorlarimizda faoliyat olib borish uchun undan foydalanamiz», — deb ta’kidladi «МТS» OAJ vitse-prezidenti Oleg Raspopov.

Manba: Kompaniya matbuot-ma’lumotnomasi

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top