Infocom.uz

Mualliflik huquqiga tahdidlar va unga qarshi kurashish usullari

Kompyuterlarni ham sotib olamiz. Deyarli hech kim uy sharoitida bir o`zi tranzistor yoki diodni yasay olmasa kerak. Endi mikroprotsessor va vinchesterlarni gapirmasa ham bo`ladi. Kompyuter uchun biror dasturni yozadiganlar esa ancha ko`pchilikni tashkil qiladi. Dasturiy mahsulotni yaratgan dasturchilarga haqqini to`lamay ishlatishning asl sababi shunda emasmikan?

Bu muammoning sababi shundami yoki yo`q, ammo bu muammo mavjud. Kompyuterni bir nechta “temir-tersaklar” yig`indisi deb tasavvur qilib pul to`lash mumkin va bu oddiy hol, ammo “qandaydir” disklar uchun katta pullarni berish – oddiy odamlar uchun nimagadir tushunarsiz holatdek. Axir ana shu dasturiy mahsulot kompyuterni “jonlantiradi” va foydali narsaga aylantiradi. Kompyuter qurilmalarini muhandislar chizmalari bo`yicha ishchilar yig`adi, dasturni esa nimadir orqali hayot kechirishi kerak bo`lgan dasturchi yozadi. Shuning uchun dasturiy mahsulotlarning katta qismi anchagina narxga ega. Bu esa, afsuski, yaqin-yaqinlargacha mamalakatimizning ko`pchilik foydalanuvchilari uchun tushunarsiz holat edi.

Noqonuniy multimediya va dasturiy mahsulotlarni tarqatishga qarshi kurash ancha yillardan buyon amalga oshirilmoqda. Butun dunyo bo`ylab tonnalab kontrafakt DVD va CD disklari turli vositalari bilan yo`q qilindi, ularni sotuvchi do`kon egalari esa javobgarlikka tortilgan. O`zbekistonda ham bunday “tadbirkorlarni” aniqlash va jazolash borasida keng ko`lamdagi ishlar boshlab yuborilgan. Ammo, bunday namoyishkorona chiqishlar har oyda o`tkazilsada, foydasi hech ham bo`lmayapti.

Ha, albatta, ko`pchilik o`g`irlik yomon narsa ekanligini va birovning mehnatiga va haqqiga tajovuz qilish mumkin emasligini bilgandek. Lekin, nimagadir maxsus do`konga borib litsenziyalangan diskni 8000-15000 so`mga sotib olish o`rniga biz internetdan xuddi o`sha qo`shiqni yoki dasturni tekinga ko`chirib olamiz yoki undan ham osoni – noqonuniy yaratilgan diskni Yangioboddagi bozordan sotib olamiz. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, Internet umumiy ravishda va fayl almashishish tarmoqlari xususiy holda hozirda eng ommabop o`ziga xos “qaroqchilar maskaniga” aylanib qolgan.

Afsuski, ko`pchilik foydalanuvchilar kompyuterni xarid qilayotib elektr qurilmalari yig`indisi bilan yana nimadir sotib olayotganini (to`g`rirog`i “o`g`irlayotganini”) yoki bilishmaydi, yoki ahamiyat berishmaydi. Shuni qayd etish kerakki, mamalakatimizda “Windows – kompyuterning bir qismi” deb o`ylaydiganlar anchagina qismni tashkil qiladi. Undan ham ko`prog`i shaxsiy kompyuteridagi operatsion tizim noqonuniy ekanini biladi, ammo bu bilan hech nima qila olmaydi yoki xohlamaydi. Bir tomondan ularni tushunish mumkin (o`zim ham qisman hali shundayman): inson psixologiyasi shunaqa – barchasiga birdaniga ega bo`lish kerak, ammo hammasiga hech qanaqasiga pul yetishmasligi aniq.

Undan tashqari, ko`pchilik foydalanuvchilar kundalik masalalarini hal qilish maqsadida qimmat dasturiy mahsulotlar majmuini ishlatishga ko`nikib qolishgan. Bu dasturlar, shubhasiz, turli-tuman imkoniyatlar beradi, ammo bu imkoniyatlarning deyarli yarmi yoki tushunmaganlik sababli, yoki kerak bo`lmagani uchun ishlatilmay qolib ketadi. Bu, albatta, aniq bo`ladigan holat – axir insonlar “tekin bo`lsa, eng yaxshisni olaman” degan fikrga amal qiladi.

Bunday qaltis vaziyatdan qisman bo`lsada chiqib ketish uchun bepul tarqatiladigan dasturiy ta`minotni eslash kerak, menimcha. Bepul tarqatiladigan dasturiy ta`minotning o`zi ikki xil bo`ladi – shunchaki bepul va ochiq kodli bepul Open Source (ya`ni, dastur kodi bilan) dasturlari.

Bepul dasturiy ta`minotni nomidan kelib chiqib bepul olish va ishlatish mumkin bo`ladi. Odatda bepul tarqatiladigan dasturlarning pullik varianti ham bo`ladi. Bunda ramziy ma`nodagi narx evaziga foydalanuvchi qo`shimcha funksiyalarga ega bo`ladi. Ko`pincha bunday funksiyalarsiz ham ishlash mumkin bo`ladi. Bunga yaqqol misol – hozirda juda keng tarqalgan Winamp mediapleyeridir. Uning bepul variantini qonuniy ravishda dastur saytidan ko`chirib olish mumkin. Winamp Pro (tahminan 20 AQSH dollari turadi) varianti esa foydalanuvchiga audiodisklarni birdaniga mp3 formatiga ko`chirishga va kompakt-disklar bilan katta tezlikda ishlash imkonini beradi.

Ochiq kodli bepul dasturiy ta`minot ham xuddi bepuldagidek tarqatilsada, uning bitta farqli jihati mavjud – dastur bilan birga uning dasturiy kodini ham ko`chirib olish mumkin bo`ladi. Bu kodni foydalanuvchi bemalol o`zining shaxsiy proyektlarida ishlatishi mumkin.

Keling, avvaliga kim va nima asosda Internetning O`zbekistondagi foydalanuvchisini ayblab sudga berishi mumkinligini bilib olamiz. Barchasi Qonunchilik Palatasi tomonidan 2006 yil 23 martda qabul qilingan va Senat tomonidan 2006 yil 9 iyunda ma`qullangan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi O`RQ-42-sonli O`zbekiston Respublikasi Qonuni bilan izohlanadi.

Bu qonun bo`yicha himoya qilinadigan ikkita huquq mavjud. Birinchi turi – mualliflik huquqi. Bu huquq muallif (yozivchi, bastakor, rejissyor, shoir va boshqalar) tomonidan yaratilgan asarga taaluqli bo`ladi. Ikkinchisi – turdosh huquqlar. Bu huquq, masalan, boshqalarning musiqa asarini ijro etayotgan qo`shiqchida paydo bo`ladi.

Bu ikki huquq biz sotib olayotgan maxsulotga o`ziga xos “yuk” bo`ladi: rasmiy sotuv do`konlaridan litsenziyalangan diskni katta narxda sotib olganimizda ham biz undan o`z xohishimizcha foydalana olmaymiz. Qo`shiqni yoki kinoni internetga ochiq yuklab olishga qo`yganimizda, DVD-diskga yoki kompyuterning vinchesteriga yozib olganimizda ham biz bu mahsulotni yaratishda qatnashganlarning mualliflik va turdosh huquqlarini buzgan bo`lamiz. Bu vaziyatda “ruxsat etilmagan barcha narsa ta`qiqlangan” degan o`ziga xos qoida amal qiladi: agar sizda muallif, ijrochi yoki tarqatuvchi bilan shartnomangiz bo`lmasa, ularning maxsulotini tarqatishga va ijro etishga haqqingiz bo`lmaydi. Buning ustiga qonunbuzarlik shaxsiy manfaatlarni ko`zlab foydalanganda ham, internetdagi foydalanuvchilarga tekin tarqatilganda ham amalga oshadi.

Tabiiyki litsenziyalanmagan dasturiy mahsulotlar butun dunyoda ishlatilib kelinadi, turli davlatlarda noqonuniy foydalanuvchilar foizi turlicha, va bizda, albatta, holat eng yomonlardan emas. Buning ustiga so`nggi yillarda dasturiy mahsulotlarni himoya qiladigan mualliflik huquqlari to`grisidagi yangi qonunlar ham qabul qilindi.

Shunday qilib, yuridik jihatdan olib qaraganda internetning ixtiyoriy foydalanuvchisini javobgarlikka tortish mumkin ekan. Misol uchun, kim internetdan qo`shiqlarni yuklab olmagan, o`zining qo`shiqlarini do`stlariga yubormagan, bepul xosting-saytlarga yuklab qo`ymagan?

Boshqa tarafdan olib qarasa, oddiy foydalanuvchilar bilan sudlashish huquq egalariga umuman kerak emas. Birinchidan, javobgarlikka tortiladiganni topish kerak – internet beradigan anonimlikda biron loginda yashiringan real odamni topish deyarli imkonsizdir. IP-manzili bo`yicha ham “qaroqchilarni” aniqlash qiyinchilik tug`diradi, axir ko`pchilik tarmoqqa uydagi kompyuteridan emas, balki ishxonasidagi kompyuteridan yoki internet-kafedan chiqadi.

Buning ustiga, qonunbuzarni aniqlashdan tashqari ko`pgina dalillarni ham keltirish kerak. Bularga guvohlarning ko`rsatmalari, daliliy ashyolar, ekspertlarning xulosalari va boshqalar misol bo`ladi. Demak, bu holda foydalanuvchi mualliflik huquqiga ega bo`lganlarga ular sud jarayonini olib borishga ketadigan harajati va sarflanadigan vaqtichalik zarar yetkazmaydi.

Albatta, avvaliga hech kim fayllar almashish tarmoqlari ma`lumotlarning noqoqnuniy tarqatilishiga ishlatiladi, deb o`ylamagan edi. Bu texnologiyani yaratganlar uni foydalanuvchilar faqatgina shaxsiy fayllari – o`y sharoitida tushirilgan rasm va videolarni almashishga ishlatadi deb ta`riflashadi. Bunday olib qaraganda shunga o`xshash holat 1970-chi yillarda ilk Sony videomagnitofoni paydo bo`lganda ham vujudga keladi. O`sha vaqtda Walt Disney va Universal Studios kinokompaniyalari havotirga tushib, mualliflik huquqiqni buzayotgan videomagnitofonlarni ommaviy ishlab chiqarishni ta`qiqlashni talab qilib sudga murojaat qilishadi. Bunga javoban sud quyidagicha qaror qabul qiladi: muammo aynan videomagnitofonlarda, ya`ni texnologiyada emas, balki foydalanuvchilarning noqonuniy xatti-harakatlarida, shuning uchun, aynan ularni jazolash kerak. Oxir-oqibatda, videomagnitofonlarning mamlakatimizda qanchalik ko`payib ketganini va buning natijasida tonnalab noqonuniy kassetalar chiqarilganini hamma bilsa kerak.

Endi so`nggi holat haqida to`xtalib o`tsak. Mualliflik huquqini buzganlarga nisbatan O`zbekistonda qanday javobgarlik mavjud? Keling avvaliga mualliflik huquqi qanday hollarda buzilgan deb hisoblanishini bilaylik. Bu holat “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi qonunning 62-moddasida quyidagicha belgilangan:

Quyidagilar:
muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish;
ijrochining ismi-sharifiga bo`lgan va ijroni har qanday tarzda buzib ko`rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz qilinishidan himoya qilish huquqlarini buzish;
huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish, ushbu Qonunga muvofiq shunday foydalanishga shartnoma tuzmasdan yo`l qo`yiladigan hollar bundan mustasno;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda haq to`lash to`g`risidagi talablarni buzish;
asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma bo`yicha olingan huquqlarni oshirib yuborgan holda foydalanish;
huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqacha tarzda buzish;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzishdir.

Bu moddadan shuni xulosa qilish mumkinki, boshqa birovning yaratgan aqliy-ijodiy mahsulotiga muallifning roziligisiz egalik qilish, shuningdek, shartnoma asosida tuzilgan mualliflik huquqlariga egalik qilish qoidalarini buzish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanar ekan.

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini himoya qilish usullariga nimalar kiradi va ular qanday amalga oshiriladi? Bu yuqoridagi qonunning 65-moddasida keltirilgan:

Muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan quyidagilarni talab qilishga haqli:
huquqlarni tan olishini;
huquq buzilishidan oldingi holatni tiklashini va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini yuzaga keltiradigan harakatlarni to`xtatishini;
huquq egasining huquqi buzilmagan taqdirda, u fuqarolik muomalasining odatdagi sharoitlarida olishi mumkin bo`lgan, lekin ololmay qolgan daromadi miqdoridagi zararlarning o`rnini qoplashini. Agar huquqbuzar mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlarni buzish oqibatida daromadlar olgan bo`lsa, huquq egalari boshqa zararlar bilan bir qatorda boy berilgan foydani bunday daromadlardan kam bo`lmagan miqdorda qoplashini;
zararlar yetkazilishi faktidan qat`iy nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zararning o`rnini qoplash evaziga to`lanishi lozim bo`lgan tovonni to`lashini;
ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini himoya qilish bilan bog`liq bo`lgan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa choralar ko`rishini.
Muallif va ijrochi o`z huquqlari buzilgan taqdirda, huquqbuzardan ma`naviy ziyon qoplanishini talab qilishga haqlidir.

Bundan xulosa qiladigan bo`lsak, mualliflik huquqi egasi olishi mumkin bo`lgan, ammo huquq buzilishi natijasida ololmagan daromadini talab qilishga haqli ekan. Bu muhim ahamiyatga ega shartlardan biridir. Shuningdek, muallifning to`la huquqlari tan olinishi lozim. Bu degani hech kim uning mualliflik mahsulotiga tahdid qila olmaydi.

Endi mualliflik huquqini buzganlik uchun qanday javobgarlikka tortilishini ko`rib chiqamiz. Eng avvalo, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi qonundagi 61-moddaga murojaat qilamiz:

“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo`ladilar.

Xo`sh, qonun hujjatlarida nima deb aytilgan ekan? 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan va 1995 yil 1 apreldan kuchga kirgan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining “Mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish” haqidagi 149-moddasida quyidagilar aytilgan:

Tafakkur mulki obyektiga nisbatan mualliflik huquqini o`zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, tafakkur mulk obyektlari to`g`risidagi ma`lumotlarni ular rasman ro`yxatdan o`ztkazilgunga yoki e`lon qilingunga qadar muallifning roziligisiz oshkor qilish –
eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Demak, eng kam oylik ish haqi 2009 yil 1 dekabrdan 37680 so`m deb belgilanganini hisobga olsak mualliflik huquqini buzgan shaxsni 942 ming so`mdan 2 mln 826 ming so`mgacha jarimaga tortish mumkin ekan. Agar yetkazilgan zarar bu miqdordan oshib ketsa, qattiqroq choralarni ham qo`llaniladi. Jinoyat Kodeksining 66-1-moddasiga ko`ra agar aybdor shaxs o`z aybiga iqror bo`lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, mualliflik huquqini xalqaro miqyosdagi qonunlar yordamida himoya qilish mumkin. Bulardan eng asosiysi, shubhasiz, 1952 yilning 6 sentyabrida Jenevada imzolangan va 1971 yil 24 iyulda Parijda qayta ko`rib chiqilgan “Mualliflik huquqi to`g`risidagi Butunjahon Konventsiyasi”dir. Shuni bilish kerakki, xalqaro qonunlar mamlakatimizdagi ichki qonunlardan ustunroq turadi. Shuning uchun o`z yaratgan aqliy maxsulotingizni nafaqat O`zbekistonda, balki chetda ro`yxatdan o`tkazish kerak. Bulardan eng asosiysi AQSH Kongressi Kutubxonasi (http://lcweb.loc.gov/) hisoblanadi. Jahondagi ko`pchilik mualliflar o`z dasturlari va mualliflik mahsulotlarini Internetda yoki chet elda ishlatganda aynan shu yerda ro`yxatdan o`tkazadi. Albatta, bunda sizdan ro`yxatdan o`tganlik uchun ma`lum miqdorda pul talab qilinadi. Ammo shu bilan birga siz mualliflik huquqini buzganlardan ancha katta miqdordagi zararingizni qoplash imkoniga ega bo`lasiz.

Shuncha jazo choralari mavjud ekan mualliflik huquqiga tahdidlar nega so`nggi paytlarda kamayish o`rniga kop`ayib bormoqda? Menimcha, bunga odamlarning yengil hayot kechirishga, hamma narsaga osonlik bilan erishishga intilishi va birovning haqqidan qo`rqmasligi sabab bo`lmoqda.

U holda o`z huquqlarini himoya qilish uchun nimalar qilish kerak ekan? Juda jo`n savol, ammo bir to`xtamga kelish ancha qiyin. Qonunga muvofiq, mualliflik huquqi asar yaratilgandayoq kuchga kiradi, ya`ni qonun muallifni u kitobni chop etganmi yoki yo`q, rasmni chizganmi-yo`q, qo`shiqni aytgan-aytmaganidan qat`iy nazar himoya qilishni boshlaydi. Shunga qaramay mualliflikni bu bilan himoyalangan deb bo`lmaydi. Bundan keyingi qadam, menimcha, hammaga ayon, ya`ni o`z huquqlarini rasmiylashtirish, aqliy mahsulotni davlat reestriga kiritish va mualliflikni notariusda tasdiqlatish. Mamalakatimizda mualliflik huquqini O`zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligida (rasmiy sayti: http://uzraap.uz/) rasmiylashtirishingiz mumkin. Sizning huquqlaringizga tajovuz qilinganda sudda bu uni himoya qilishda asqotadi.

Ammo, so`nggi chora hisoblangan sud ham ayrim hollarda hech nima qila olmasligi mumkin. Aslida muammo bundanda murakkabroqdir. Uni hal qilish uchun faqatgina qonunchilikni o`zgartirishgina emas, balki ko`pchilikning mentalitetini va ongini o`zgartirish kerak. Bu esa ancha qiyindir va ko`p vaqtni talab qiladi. Hozircha esa mualliflarga faqat birgina maslahat qolgan: o`zlarining tafakkur mulklarini ro`yxatdan o`tkazish hamda maxsulotlari mashhur va ko`pchilikka kerakli bo`lgan taqdirda yo internet qaroqchiligiga ko`z yumishlari, yoki ommaviy ravishda o`z muallifliklarini isbotlashlari kerak bo`ladi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top