Infocom.uz

Multimedia markazi: Ta’limga interfaol yondashuv

Yangi pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish kadrlar tayyorlashda yangicha yondashuvlarning paydo bo‘lishiga va ta’lim tizimi samaradorligi oshishiga xizmat qiladi. Bu borada respublikamizda birqancha qonun va me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan. Ushbu mustahkam qonuniy-huquqiy baza asosida o‘quv jarayoniga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish — ta’lim muassasasalarini komputerlashtirish, internet tarmog‘iga ulash, dars jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirishga erishish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ushbu vazifalarni hayotga tatbiq etishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi alohida o‘rin tutadi.

Multimedia markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 27 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarini axborotlashtirish” loyihasini amalga oshirish uchun Korea Respublikasi Hukumati tomonidan beriladigan imtiyozli kreditdan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-qaroriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil topgan. Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad axborot-kommunikasiya texnologiyalari asosida zamonaviy multimedia umumta’lim dasturlarini, elektron ta’lim resurslarini yaratish, takomillashtirish va ularni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda ommalashtirish orqali O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirishdir.

O‘tgan yillar mobaynida markazda belgilangan vazifalarni bajarish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Markaz dasturchi va mutaxassislari tomonidan bir qator dasturiy mahsulotlar va elektron axborot-ta’lim resurslari yaratilgan. Jumladan, Xalq ta’limi vazirligining www.uzedu.uz rasmiy veb-sayti yaratilib, uning texnik tomondan uzluksiz ish faoliyatini ta’minlash ham markaz mutaxassislari zimmasidadir. Saytga umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun fanlar va sinflar kesimida takomillashtirilgan davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalar va uslubiy tavsiyanomalar joylashtirilgan. Bundan tashqari, Markaz tomonidan “O‘quvchilarga”, “O‘qituvchilarga”, “Maktab psixologiga”, “Ota-onalarga” ruknlari ostida 88ta test va mashqlar, 13ta interaktiv o‘yinlar, toifalar kesimida o‘quvchilar uchun 26ta, o‘qituvchilar uchun 29ta, maktab psixologlari uchun 18ta va ota-onalar uchun 28ta resurslar, 61 nomdagi multimedia resurslari hamda 15ta videodarslar yaratildi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-9 sinflari uchun yaratilgan amaldagi 700ga yaqin o‘quv darsliklari va metodik qo‘llanmalarning elektron nusxalari shuningdek, kimyo, biologiya, fizika fanlaridan 40dan ortiq virtual laboratoriyalar ham vazirlik saytiga joylashtirildi.

Markaz tomonidan ta’limning axborot-ta’lim portali www.eduportal.uz ham yaratilgan bo‘lib, uning uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq texnik tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.

Multimedia markazi tasvirga olish uchun mo‘ljallangan barcha kerakli texnikalar bilan jihozlangan studiyasiga ega. Bu yerda asosan maktab o‘qituvchilari ishtirokida turli fanlarga taalluqli videodarsliklar yozib olinadi.

— Studiyamiz ishga tushirilganidan buyon huquq, mehnat, fizika, matematika fanlariga oid videodarsliklar tayyorlandi, — deydi markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Kozimbek G‘afurov. — Videodarsliklarni tayyorlashda Respublika ta’lim markazi metodistlari, tizimdagi malakali o‘qituvchilarimiz yordamidan foydalanamiz. Ular studiyaga kelib, sinf xonada o‘quvchilarga dars o‘tgandek biror mavzuni yoki laboratoriya mashg‘ulotini o‘tib berishadi. Jarayon tasmalarga yozib olinadi. Yunusobod tumanidagi 12-maktab tajriba-sinov maktabi sifatida biz bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Tayyor bo‘lgan videodarsliklar ham dastlab shu maktabda tatbiq etiladi. Muvaffaqiyatli chiqqan videodarsliklar ta’lim tizimida foydalanishga joriy etiladi. Avvallari videodarsliklar joylardagi xalq ta’limi boshqarmalariga jo‘natilar, ular orqali maktablarga yetkazilar edi. Endilikda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablarga ajratilayotgan har bir komputer xotirasiga videodarsliklarni shu yerning o‘zida joylab jo‘natapmiz.

— Multimedia markazi bilan doimiy hamkorlik o‘rnatganmiz, — deydi 12-maktabning 2-toifali matematika o‘qituvchisi Zahro Zohidova. — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan va unga yoshlarimizning qiziqishi tobora ortib borayotgan bugungi kunda ta’lim tizimiga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali faqat yaxshi natijaga erishiladi. Chunki o‘quv jarayonida kompyuyetr texnologiyalaridan foydalanish o‘quvchilarning faolligini hamda mavzuning o‘zlashtirilish darajasini oshiradi. Xususan, interaktiv tarzda dars o‘tish, bunda turli slaydlar, komputer dasturlari, virtual laboratoriyalardan foydalanish, elektron test sinovlarini qo‘llash ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Tayyor videodarsliklar yoki slaydlar o‘quvchilarni o‘ziga ko‘proq jalb qiladi, dars o‘tish jarayonini yengillashtirib, uning mohiyatini aniq ko‘rsatib beradi, vaqtdan ham unumli foydalaniladi. O‘zim ham studiyada 9-sinf uchun eng qiyin bo‘lgan “Funksiyaning aniqlanish sohasi” mavzusini videodarslik shaklida tayyorladim. Ushbu videodarslik dars o‘tishdagi 6ta punkt uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 15 daqiqadan o‘tiladi. Maktabimizda ham elektron darsliklar mavjud, ulardan dars jarayonida keng foydalanib kelapmiz.

Yana bir ahamiyatli tomoni shuki, markazning alohida majlislar zali eng so‘nggi komputer texnikalari, ovoz kuchaytirgich, proyektor hamda maxsus doskalar bilan jihozlandi. Natijada bu yerda konferensaloqalar o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan masalalardan yana biri bu 9-sinf bitiruvchilarini ta’limning keyingi turi bilan to‘liq qamrab olish vazifasidir. Ushbu vazifani bajarish uchun markaz xodimlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilari hujjatlarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qabul qilishning avtomatlashtirilgan mb.uzedu.uz dasturini yaratdilar. Dastur markazning server maydonchasiga joylashtirilib, texnik jihatdan kamchiliklarsiz ishlash holati va axborot xavfsizligi markaz administratorlari tomonidan doimiy tarzda nazorat qilib boriladi.

Markazda joriy yilda ham salmoqli ishlarga qo‘l urildi. O‘tgan olti oy davomida mutaxassislar “Alisher Navoiyning hayoti va ijodi”, 7-sinf o‘quvchilari uchun “Konstitusiya olamiga sayohat”, “Elektron axborot-ta’lim resurslaridan foydalanish usullari”, o‘zbek va rus tillarida ingliz tili kursini tashkil etish maqsadida “Talking Amerisan”, “Fun English for children”, “Ingliz tili kattalar uchun — Angliyskiy yazik dla vzroslix” kabi ta’lim resurslari yaratildi. Ayni damda ham studiyada ish qizg‘in — mehnat, tasviriy san’at, matematika, jismoniy tarbiya, zoologiya, O‘zbekiston davlati va huquqi asoslari, internet asoslari va kimyo fanlari bo‘yicha ta’lim resurslari yaratish bo‘yicha bor imkoniyatlardan foydalanilmoqda.

Manba: www.xabar.uz

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing: