Infocom.uz

Musiqa cholg’ulari xususida

Madaniyat sohasida ayniqsa, ijodiy faoliyatlarda ham o’zgarishlar sodir bo’lmoqda. Masalan, musiqa asboblari ham kompyuterlashtirib yoki kompyuter texnika va texnologiyasi vositasida yangi musiqiy asarlar yaratilayotganligining guvohi bo’lmoqdamiz. Yaqinda shunday musiqa asboblari ohanglari ostida yangragan mumtoz qo’shiqning yangilangan variantini tinglab, zamonamiz naqadar jadal sur’atlarda taraqqiy etib borayotganligidan hayratga tushdim.

Ma’lumki, “Yamaxa” kabi mashhur firmalar tomonidan musiqa asboblarining kompyuterlashtirilgan turlari ishlab chiqariladi. Masalan, pianino, gitaradan ko’p marta kuchli tovush tembriga hamda keng tovush chiqarish imkoniyatiga ega bo’lgan musiqa asboblari yaratilgan. Ulardan klavishali cholg’u asbobi sintezatorni yaxshi bila-miz. Misol uchun olti torli gitara tembri xilma-xillashib, akkord olish imkoniyati juda rang-barangdir. Saksofon-alt, saksofon-tenor, saksofon-bariton kabi musiqa cholg’ularida yangi texnologiyalar tufayli tovush shirasi kuchayib, diapozoni-oralig’i kengayadi. Mazkur asboblarning ijro etish texnikasi uslublari kengayadi. Kompyuterlashtirilgan urma sozlar guruhida tovush ko’p martaga jarangdorroq eshitiladi.

Shu kabi davrimizga xos o’zgarishlar barchani quvontirsa kerak, biroq bu bilan asl milliy cholg’u asboblarimizni, ular taratadigan haqiqiy ohanglarini, umuman olganda milliy-madaniy qadriyatlarimizni ham unut-masligimiz, balki asrab-avaylab keyingi avlodga yetkazishimiz lozim.

Istiqlol shabadasi bilan ajdodlarimizning boy madaniy merosidan, xalqimizning jamiki qadriyatlaridan ijodiy foydalanish, shuningdek, ularni chuqur o’rganish imkoniyatlari paydo bo’ldi. Buyuk shoir va mutafakkir, o’zbek adabiy tilining asoschisi, olim hamda davlat arbobi, jahon adabiyotining zabardast siymolaridan biri Alisher Navoiy yashab, ijod etgan davr Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining barcha jabhalarida ajoyib tarixiy yodgorliklar qoldirgan. Bu davrda fan, adabiyot, san’at, shular qatori cholg’u musiqa va qo’shiqchilik san’ati gullab-yashnadi. Yaxshi bitilgan g’azal kabi har bir yangi qo’shiq, turli musiqa asarlari ham juda tezlik bilan ommalashib borardi.

Alisher Navoiyning deyarli barcha lirik g’azallari qo’shiqqa aylanib xalqning tili va diliga tushgan. Shoir: “Umidim uldurki va xayolimga andoq kelurki, so’zim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi a’lo darajadan o’zga yerni yoqtirmagay”, deb yozgan edi. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov “Agar bu ulug’ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir” deb bejiz ta’kidlamagan.

Haqiqatan ham alloma qoldirgan boy ijodiy meros, dunyo madaniyatining noyob obidalari qatorida yashab kelmoqda. Tarixiy manbalarda bu davr haqida qimmatli ma’lumotlar saqlangan bo’lib, ular yordamida musiqa taraqqiyoti, sozanda-xonanda, bastakorlar va musiqa cholg’u asboblari to’g’risida tasavvur hosil qilish mumkin. Ma’lumki, Alisher Navoiy o’z zamonasidagi eng ko’p tarqalgan cholg’u asboblar hamda musiqa nazariyasi bilan qiziqqan. U bastakor Xo’ja Yusuf Burxondan musiqa nazariyasi saboqlarini o’rgangan. Zamondoshlaridan yetuk bastakorlar Hofiz Sharbatiy, Abdulla Marvarid, xonanda va sozandalar Ustod Qulmuhammad, Kamoliddin Husayniy va boshqa san’atkorlar bilan juda yaxshi muloqotda bo’lgan. Alloma tahallusiga “Navo” atamasini asos qilib olganligi ham bejiz emas. Uning she’riyatidagi ilohiy navolari bugun ham ajralib turadi. Navoiy cholg’u asboblari jaranglagan yoqimli musiqiy navolarni juda sevgan, o’zining dostonlarida ham madh etgan.

“Xamsa” asarining to’rtinchi dostoni “Sab’ai sayyor” ishqiy sarguzasht dostondir. Undagi Bahrom va Dilorom hikoyalarida oshiq-ma’shuqning sevgi sarguzashti bayon qilinadi. Bahrom – podshoh, Dilorom – san’atkor, go’zal, qalbi sof qiz, biroq huquqsiz. U o’z kechinmalarini sevimli cholg’usi chang orqali tarannum etadi. Alisher Navoiy xalq orasida keng tarqalgan sevimli cholg’uni Dilorom, naqadar yaxshi chalishini shunday tasvirlaydi:

Chang olib torini tuzar erdi.
Lek jon rishtasin uzor erdi.
Chang toriga chin fig’on berdi,
Kimki o’ltirmish yerda jon berdi.

Doston xalq badiiy ijodining samarali ta’sirida yaratilgan. Xalq cholg’ularida Navoiy qahramonlarining ichki dunyosini ochishda ham o’rinli foydalangan.

Har zamon ko’ngli bir havo qilibon,
Changdek o’zga bir navo qilibon. Yoki
Changni qo’lga olib ayladi soz,
Chang ila nag’ma ayladi ovoz.

Diloromning elga tanilishi ham mohir sozandaligi tufayli ro’yobga oshadi.

Unum ovozasi jahon tutti,
Changin ovozi osmon tutti.

Shohona bazmlarda eng mohir sozandalar, xonandalar ishtirok etishlari, cholg’ularning baland pardalari baralla yangrashi ijodkor tomonidan mohirona tasvirlangan.

Shahgakim, ishrati mudom erdi,
Soz birla surud kom erdi.
Ko’p edi xizmatida rud ahli,
Bazmida jon fido surud ahli.
Lahni changu rubob edi bir yon,
Sayd eti din kabob edi bir yon.

Ko’rgan o’lmakka qilmasa ohang, Voy ul damki, olsa ilgiga chang, Chang chun jonfizo sado cheksa, O’zi ul savt ila navo cheksa. Soz etar erdi bazmi shohona, Ravza ul xurdin parixona. Tor ila nagma beadad bo’libon, Tor yo’q, nagmalar mad bo’libon.

Dostonda shuningdek, boshqa cholg’u asboblari haqida ham baytlar bor: Xoja majlisida hozir ayladi may, Chiqti savti rubob nag’mayi nay. Navoiy asarlarida bayon etilgan chang cholg’usi “arfa” turidagi torli tirnama xalq cholg’u asboblaridir. Uning ipakdan ishlangan yoqimli torlari bo’lgan. Undan asosan ashulaga jo’r bo’lishda foydalanilgan. Bir baytda musiqa cholg’usi changi egik bo’lgani uchun qaddi bukik so’filarga o’xshatilgan… Bu esa chang cholg’usining arfasimon cholg’u ekanligidan dalolatdir.

Navoiy ta’rif etgan cholg’u “chang”lardan biri gruzin xalq cholg’u asbobi (“changi”) bo’lib, hozirda ham musiqa maydonida keng ishlatilmoqda. Alisher Navoiy g’azallariga kuy bastalash borasida “Qasidai Hiloliya”da shunday ta’rif beradi: Soz etib, changu tuzub, ul unga ruh afzo surud, Cholibon naqlgu amal bog’lab Navoiy she’riga… Shoir o’zining “Mahbub ul qulub” dostonida musiqaga cholg’ularning har biriga alohida ta’rif bergan obrazlari badiiyligi bilan ajralib turadi: Mayxonada kim maydin ibo qilgay, Nay bir dilkash navo bila ani rasvo qilgay. Agar kishi may havosini boshdin chiqarur, g’ijjak nolasi bilan anga yolvorur. Va tanbur pardadagi fitnadin halok etar, Va ofiyat pardasin chok etar. Va chang zorlig’ bilan bo’g’izin tortar, va ud lissoni nag’masi targ’ibi chandon ham ortar. Andakim rubob boshin yerga kuyub ko’rguzgay, va kubuz quloq tutib oyga targ’ib ohangin tuzgay. Chun qonun va chag’ona nolasi quloqda tushgay, va mahvashi soqi yukini may oyoqda tushgay. Ul vaqt zuxdu taqvoga ne e’tibor, va hushu xiradga ne ehtiyor. Hammaga ma’lumki, inson ongi kamol topa borgani sari, cholg’u asboblari ham takomillashib, rang-barang shakl-ko’rinish kasb etib kelmoqda.

Alisher Navoiy asarlaridagi ta’rifdan o’sha davrda keng tarqalgan musiqa cholg’u asboblari nomlarini yaqqol ko’rish mumkin. Bulardan ayrimlari: nay, qo’shnay, chang, qonun, arganun, mizmor, ud, tanbur, rubob, dutor, g’ijjak, qobuz, shuningdek, to’y va ommaviy tadbirlarda ishlatiladigan karnay, surnay, nog’ora, childirmadir. Afsuski, musiqor, argandi, mizmor, valamiz, qushavlos, zangura, saptur kabi musiqa cholg’u asboblari hozirgi kungacha yetib kelmagan. Navoiy san’atkorlik, jumladan, ijrochilik san’ati mahoratini oshirishda qunt va ishtiyoq bilan mashq qilishni, ustozlar asarlarini o’qib o’rganishni, ularning ijodiy tajribasidan ibrat olishni, xalq ijodiyotiga katta e’tibor berishni, til boyliklarini puxta egallashni maslahat bergan.

Alisher Navoiy ijodi tufayli o’sha davrdagi ayrim cholg’u asboblari, qo’shiqchilikka taalluqli fikrlar, shuningdek, xalq cholg’u asboblarining turlarini ular yaratgan sadolarning yoqimliligi, xalq orasida qaysi tur cholg’ular ko’p tarqalganligi haqida tasavvurga ega bo’lamiz. Xalq musiqa ijrochiligi, qo’shiqchiligi tarixini o’rganish sohasida bugungi kunda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Musiqa cholg’uchilik tarixini o’rganishda jiddiy ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan, shu kunlarda ham yangidan-yangi ilmiy maqolalarini, kitobu risolalarini e’lon qilayotgan qator musiqashunos olimlardan: san’atshunoslik fanlari doktorlari, professorlar F. Karamatov, T. G’afurbekov, R. Yunusov, R. Abdullayev, O. Ibrohimov; san’atshunoslik fanlari nomzodlari, dotsentlar Z. Karimova, D. Rashidova va boshqalar bu sohaga ulkan hissa qo’shib, ilmiy merosimizni yoshlarga yetkazishda fidokorona mehnat qilib kelmoqdalar.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top