Infocom.uz

Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi

Yig‘ilishda mamlakatimizda idoralararo elektron hujjat aylanish tizimlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar bazasini takomillashtirish, umumta’lim maktablari bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga jalb etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasi, ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlarini yanada kengaytirish maqsadida hukumat portali orqali murojaatlarni elektron shaklda qabul qilishni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Idoralararo elektron hujjat aylanish tizimlarini muvofiqlashtirishga oid me’yoriy hujjatlar bazasini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tegishli axborotlar tinglandi va elektron hujjat aylanishining idoralararo tizimini yaratish konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011 yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida 9-sinf bitiruvchilari kasb-hunar ta’limi bilan to‘laqonli qamrab olinishini nazarda tutgan holda, ularni o‘qishga qabul qilishni tegishli ravishda tartibga solish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosining borishi tahlil qilindi. “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, ularni axborot bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish maqsadida davlat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlarini yanada kengaytirish, xo‘jalik subyektlari va aholi murojaatlarini elektron shaklda qabul qilish tizimlarini takomillashtirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning bajarilishi holati Toshkent viloyati hokimligi faoliyati misolida batafsil ko‘rib chiqildi.

Ko‘rilgan masalalar bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi hamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Muvofiqlashtiruvchi kengash hamda soha mutaxassislari tomonidan ko‘rsatma va takliflar berildi. Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan Muvofiqlashtiruvchi kengashning tegishli qarori qabul qilindi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top