Infocom.uz

“Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”

1. 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab:

ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va nashriyotlar ijtimoiy-siyosiy hamda bolalar adabiyotini, imkoniyatlari cheklangan shaxslar (ko‘zi ojizlar, kar-soqovlar va boshqalar) uchun adabiyotlarni sotishdan olingan foydadan foyda solig‘ini hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan;

tahririyatlar, nashriyot va bosmaxonalar ommaviy axborot vositalarining mahsulotlari, kitob mahsulotlarini sotishdan va ularning nusxalarini ko‘paytirish bo‘yicha xizmatlardan olinadigan daromadlar qismida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalarni to‘lashdan;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va kitob mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, teleradioeshittirish kompaniyalari va poligrafiya tashkilotlari tomonidan olib kelinadigan qog‘oz, poligrafiya materiallari va axborot saqlash moslamalari, uskunalar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) besh yil muddatga ozod etilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab ommaviy axborot vositalari va kitob mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortilmaydi.

3. 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab:

mikrofirmalar va kichik korxonalarga mansub bo‘lgan ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, poligrafiya tashkilotlari, teleradioeshittirish kompaniyalari uchun yagona soliq to‘lovi stavkalari 6 foizdan 5 foizga;

chop etilgan mahsulotlarni sotishdan, muharrirlik xizmatlari, poligrafiya va nashriyot xizmatlarini ko‘rsatishdan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” Jamg‘armasiga nashriyot va matbaa tashkilotlari to‘laydigan majburiy ajratmalar miqdori ikki foizdan bir foizga;

gazeta, jurnallar va kitob mahsulotlarini chakana sotishga ixtisoslashgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi o‘rta hisobda 2 barobarga pasaytirilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining 2012 yil 1 yanvardan boshlab ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyot va bosmaxonalarni kichik korxonalar toifasiga kiritish chog‘ida ular xodimlarining o‘rtacha yillik cheklangan sonini 50 nafardan 100 nafargacha oshirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov

Toshkent shahri, 2011 yil 30 dekabr

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top