Infocom.uz

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA RADIOCHASTOTA SPEKTRIDAN FOYDALANIShDA XALQARO MUNOSABATLAR

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishishi bilan, turli sohalardagi faoliyatni, barcha yo‘nalishlardagi manfaatlarini xalqaro miqyoslarda himoya qilishni o‘z kuchlariga tayanib amalga oshira boshladi. Bunday yondashuvga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asos soldi. Lekin, davlatni xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’yekti deb e’tirof etishning o‘zi bilan uning manfaatlari himoya qilinib qolmaydi. Mazkur tamoyilni amalga oshirish doimiy va izchil mehnatni, xalqaro vaziyat va jarayonlarni doimiy izchillikda kuzatib borish, xulosalar chiqarish hamda zarur choralarni ko‘rib borishni talab etadi. Bunda iqtisodiy, texnik, huquqiy-me’yoriy, tashkiliy masalalar bilan bir qatorda siyosiy hamda diplomatik masalalar ham ko‘riladi. Zamonaviy diplomatiya nafaqat davlat miqyosidagi siyosatni olib borishga, balki davlat tomonidan xo‘jalik yuritish sub’yektlariga u yoki bu sharoitlarni yaratib berishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, diplomatiya elementlari, diplomatik ish yuritish uslublari faoliyatning turli sohalarida, ayniqsa, xorijiy sub’yektlar bilan turli darajalarda munosabatlarga kirishishda tobora kengroq qo‘llanilayotganligini kuzatishimiz mumkin.

O‘zbekistonning telekommunikatsiyalar sohasi hamda uning uzviy qismi bo‘lgan radiochastotalar spektridan foydalanish yo‘nalishidagi ishlar ham mazkur qoidalarga bo‘ysunadi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, aloqaning barcha turlarini, jumladan, radio aloqani rivojlantirishga katta e’tibor berildi. Mamlakatimizda bu soha ancha murakkab sharoitda edi. Bu quyidagilarda ifodalanardi. Sobiq ittifoqning radiochastotalardan foydalanish uslubi, radiochastotalar spektrining taqsimlanishi butun dunyoda qabul qilingan tizimga mos kelmasdi, bu esa O‘zbekistonga jahon standartlariga mos zamonaviy radioelektron vositalar va tizimlarni keltirib ishlatishga imkon bermasdi. Jahonda qabul qilingan uslublarda radiochastotalar spektridan foydalanishni boshqarish tajribasi O‘zbekistonda, barcha MDH mamlakatlaridagi kabi, (Rossiya va Ukrainadan tashqari) yo‘q edi. Shu bilan birga, XX asrning so‘nggi o‘n yilligida dunyo miqyosida aloqa texnologiyalari va texnikasining, ayniqsa radioaloqaning rivojlanishida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu o‘zgarishlardan quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

• ko‘chma aloqa tizimlarining rivojlanishi – shaxsiy radiochaqiruv (peydjing), analog, keyin esa raqamli uyali hamda tranking aloqasi tizimlari ishlab chiqildi va keng tatbiq etildi;
• yo‘ldoshli eshittirish tizimlari ommaviylashib bordi va raqamli texnologiyalarga o‘tildi;
• yo‘ldoshli shaxsiy aloqa tizimlari ishlab chiqildi;
• ma’lumotlar uzatishning simsiz texnologiyalari yaratildi va keng joriy etilmoqda;
• televideniye va tovushli radioeshittirishning raqamli texnologiyalari ishlab chiqildi va boshqalar.

pic

Radioaloqaga bog‘liq texnologiyalarning jadal rivojlanishi, radioelektron vositalar sonining ortishi butun dunyo mamlakatlarida ko‘proq radiochastotalardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritish uchun kurashni avjiga chiqardi. Aynan ushbu davrda dunyoda radiochastotalardan foydalanishni tartibga soluvchi xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish, radiochastotalar spektrini qayta taqsimlash bo‘yicha ishlar borgan sari jadal sur’atlar bilan amalga oshirila boshlandi. Tabiiy resurs bo‘lmish radiochastotalar spektrining cheklanganligi bu kurashni keskinlashtirmoqda.

O‘zbekistonda mazkur vaziyatda qat’iylik va izchillik bilan qator ishlar amalga oshirildi: sobiq ittifoq parchalanishi va mavjud munosabatlar uzilishining o‘zaro chambarchas bog‘lanib ketgan aloqa tizimlariga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik (ASHH) tashkil etildi; O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqi (XTI)ga a’zo bo‘ldi; aloqa sohasida hamda radiochastotalar spektridan foydalanishni boshqarishda bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirildi; O‘zbekiston Respublikasining “Aloqa to‘g‘risida”.

“Radiochastota spektri to‘g‘risida”, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida” qonunlari, qator qonunosti normativ hujjatlar qabul qilindi; qo‘shni davlatlar bilan radiochastotalar spektridan foydalanishni muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasidagi radiochastotalar spektridan foydalanish xalqaro andozalarga muvofiqlashtirilmoqda. Bu mustaqillik davrida O‘zbekistondagi radioelektron vositalar sonining deyarli 72 barobar ortgani holda, ularning o‘zaro elektromagnit moslashuv holatida ishlashi ta’minlanganida ham ko‘rinmoqda.

Radiochastotalar spektridan foydalanish masalalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilar ekanmiz, quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin: 1991 yil 17 dekabrda Moskvada Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi, Ukraina aloqa vazirlari tomonidan Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik (ASHH) tuzish to‘g‘risida kelishuv imzolangan.
O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 10 iyuldan Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqiga a’zo bo‘lgan.

Ushbu davrdan boshlab, O‘zbekiston Aloqa ma’muriyati (avval O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi, keyinchalik O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi maqomida) respublikaning telekommunikatsiyalar, jumladan, radiochastotalar spektridan foydalanish yo‘nalishlaridagi manfaatlarini shakllantirish va himoya qilish bo‘yicha xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Radiochastotalar spektridan foydalanish yo‘nalishidagi bunday faoliyatning samaradorligi O‘zbekiston delegasiyalarining XTI tomonidan tashkil etilgan xalqaro tadbirlarda ishtiroki natijalarida ayniqsa, yaqqol ko‘rinadi.

Bu faoliyatning qisqacha tahlili quyidagilarni ko‘rsatmoqda:

1992 yil 22 dekabrda Jenevada o‘tkazilgan qo‘shimcha Vakolatli Konferensiyada XTIning hozirda amalda bo‘lgan Ustavi va Konvensiyasi qabul qilingan. Mazkur Vakolatli Konferensiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi XTIning yangi a’zosi bo‘lgani uchun Yakuniy aktlarni imzolamagan. 1994 yil 14 oktyabrda Kioto (YAponiya)dagi hamda 1998 yil 6 noyabrda Minneapolis (AQSh)dagi Vakolatli Konferensiyalarda qabul qilingan Yakuniy Aktlarni O‘zbekiston delegasiyasi ratifikatsiya qilish sharti bilan imzolagan. Shu bilan birga, Kiotodagi Vakolatli Konferensiyaning Yakuniy Aktlarini qabul qilishda O‘zbekiston tomonidan qo‘shimcha shart kiritilgan edi. Mazkur Yakuniy Aktlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2004 yil 24 avgustda ratifikatsiya qilgan.

Bu Vakolatli Konferensiyalarda O‘zbekiston vakillari jiddiy tayyorgarliksiz, avvaldan tayyorlangan takliflarsiz, ko‘proq kuzatuvchi sifatida qatnashgan bo‘lsa, navbatdagi Vakolatli Konferensiya 2002 yil 23 sentabr – 18 oktabr kunlarida Marokash (Marokko davlati)da O‘zbekiston Respublikasi o‘zining jiddiy takliflari bilan qatnashdi. Unga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, tayyorgarlik ishlari olib borilgan. Kiritilgan 4 takliflardan 2 tasi qabul qilingan, ikkitasini esa o‘rganib chiqib, keyingi Vakolatli Konferensiyada ko‘rib chiqishga qaror qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston ASHH doirasida birgalikda kiritgan taklifi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilingan.

Keyingi Vakolatli Konferensiya 2006 yil 6 – 24 noyabrda Antalya shahrida, Turkiyada o‘tkaziladi. Hozirda O‘zbekiston Aloqa ma’muriyati mazkur Vakolatli Konferensiya kun tartibi bo‘yicha o‘z pozisiyalarini ASHH doirasida muvofiqlashtirgan holda tayyorlamoqda.Butundunyo radioaloqa konferensiyasi (BRK). BRK-1997. 1997 yil 27 oktyabr – 21 noyabrda Jeneva shahrida o‘tkazilgan. Konferensiyaning yakuniy hujjatlarida O‘zbekiston takliflari asosan o‘z aksini topdi. Shu bilan birga, mazkur konferensiya yakunlarini o‘rganish natijasida ushbu turdagi xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va qatnashish bo‘yicha qator muhim xulosalarga kelindi.

pic

Ularga ko‘ra quyidagi choralar ko‘rildi:

• BRKlarga tayyorgarlik jarayonlariga O‘zbekistonning Radiochastota organlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar jalb etila boshlandi, ularning vakillari BRKlarda qatnashdi;
• Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazida (FTMTM) radiochastota spektridan foydalanishni o‘rganish, kelgusi BRK va boshqa tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, O‘zbekiston Respublikasi hissasini shakllantirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishi boshlandi (keyinchalik bu doimiy tadqiqot ishiga aylandi);
• XTI tadbirlariga qatnashishga tayyorgarlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ASHHning ushbu yo‘nalishdagi ishlariga faol qatnasha boshladi;
• O‘zbekiston Respublikasining pozisiyalari va takliflari ASHH doirasida qo‘shni davlatlar va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan avvaldan kelishib olina boshlandi;
• radiochastotalar spektridan foydalanish bo‘yicha ishlarni doimiy asosda yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatlarga zamin yaratish, O‘zbekiston Respublikasida radiochastotalardan foydalanish muammolarini doimiy ravishda tahlil etib borish maqsadida, FTMTM qoshida Elektromagnit moslashuvi tahlili bo‘yicha xizmat (EMMTX) tuzildi;
• BRKda masalalarni parallel ravishda ishlovchi qo‘mita va ishchi guruhlarga bo‘lib o‘rganish, qarorlarni konsensus asosida qabul qilish delegatsiyadagi vakillar sonini oshirishni hamda ularni kengashlar ishida samarali qatnashishlarini ta’minlashni talab etdi.

Xalqaro tadbirlarga tayyorgarlikka bunday yondashuv doimiy amaliyotga aylandi va hozirgacha qo‘llanib hamda takomillashtirib borilmoqda. Uning samarasini quyidagilarda ko‘rish mumkin:

BRK-2000. 2000 yil 8 may – 2 iyun kunlari Stambul shahri. Unga yuqoridagi amaliyot bo‘yicha tayyorgarlik ishlari doirasida 2000 yil boshiga kelib “O‘zbekiston Respublikasida radiochastota spektridan foydalanish Konsepsiyasi”, “Radiochastotalar bandlarini O‘zbekiston Respublikasi radioxizmatlari orasida taqsimlash jadvali”, “O‘zbekiston Respublikasi Radioaloqa reglamenti” ishlab chiqildi. Qo‘shni davlatlar aloqa ma’muriyatlari, ASHH, CEPT, ICAO kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar olib borildi, ularning takliflari o‘rganildi va ko‘pgina masalalar bo‘yicha ular bilan avvaldan kelishuvga erishildi.

Konferensiya natijalarida qabul qilingan qarorlar asosan O‘zbekiston takliflariga mos keldi. Tayyorgarlik jarayonlariga yuqorida keltirilgan uslubda yondashuv yuqori samaradorligini ko‘rsatdi va o‘zining ijobiy natijalarini berdi. BRK-2003. 2003 yil 9 iyun – 4 iyul, Jeneva shahri. Uning natijalari tayyorgarlik avvalgi tajribalarga asoslangan holda yaxshi amalga oshirilganini; O‘zbekiston takliflari avvaldan manfaatdor tashkilotlar bilan ishlab chiqilgani, qo‘shni davlatlar ma’muriyatlari, ASHH doirasida muvofiqlashtirilgani; Yevropa pochta va telekommunikasiya ma’muriyatlari konferensiyasi (CEPT), Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkiloti (ICAO) bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning takliflari o‘rganib chiqilgani manfaatlarimizni muvaffaqiyatli himoyalashga asoslar yaratganini ko‘rsatdi. BRK-2007. 2007 yil 8 oktabr – 2 noyabr kunlari, Jeneva shahrida o‘tkazilishi rejalangan. Mazkur konferensiyaga tayyorgarlik ishlari ham tajribaga asoslangan holda yuqoridagi uslublarni qo‘llab amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Aloqa ma’muriyatining yuqoridagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishi hamda ularda qatnashishining tahlilidan quyidagi xulosalarga kelish mumkin. Hozirda O‘zbekiston Respublikasida radiochastotalar spektridan foydalanish bo‘yicha manfaatlarni aniqlash hamda ularni milliy, hududiy va xalqaro miqyoslarda himoya qilish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqilgan va samarali ishlamoqda. Lekin, mazkur mexanizmda manfaatlarni aniqlash hamda himoya qilishning texnik taraflariga jiddiy e’tibor berilgani qatorida, diplomatiya uslublaridan foydalanishda qator qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston Aloqa ma’muriyati o‘z faoliyatida qo‘shni davlatlar, xorijiy davlatlar, hududiy hamda xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv munosabatlarni yanada rivojlantirish orqali xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini mustahkamlab borishi telekommunikatsiya tizimlari rivojlanishining zaruriy shartlaridandir.

O‘zbekiston Respublikasi mutaxassislarining radiochastotalar spektridan foydalanish yuzasidan xalqaro faoliyati yo‘nalishi to‘g‘ri tanlanganligi ko‘rinmoqda. Shu bilan birga, radiochastotalar spektrining o‘ziga hos tabiiy boylik ekanligini inobatga olgan holda, mamlakatimizning undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi sarf-xarajatlar uzoq muddatli strategik investitsiyalar ko‘rinishini kasb etishini ko‘rsatib o‘tish lozim. Shuning uchun ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni zarur miqdorlarda moliyalashtirish maqsadga muvofiq.

So‘nggi yillarda belgilangan tartiblar doirasida davlatlar o‘rtasida radiochastotalardan turli maqsadlarda foydalanish huquqlarini kengaytirish uchun kurashning keskinlashuvi kuzatilmoqda. Radiochastotalar spektrining yangi telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va qo‘llashdagi muhim ahamiyatini inobatga olib, bu kurashning kelgusida yana ham avj olishini taxmin qilish o‘rinlidir. Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda radiochastotalar spektridan foydalanishning strategik yo‘nalishlari belgilab olingan va radiochastotalarni taqsimlash jadvalida hamda tegishli normativ hujjatlarda o‘z aksini topgan. Kelgusi ishlar mazkur normativ-huquqiy bazani takomillashtirib hamda jahon andozalariga muvofiqlashtirib borishga qaratilgan.

pic

Yuqoridagilardan kelib chiqib, radiochastotalar spektridan foydalanish bo‘yicha manfaatlarni xalqaro miqyosda himoya qilishda quyidagi tendensiyalar va ular keltirib chiqaruvchi natijalarga jiddiy e’tibor berish lozim:

• ma’muriyatlar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun hududiy va/yoki xalqaro tashkilotlar doirasida, shuningdek, o‘zaro kelishuvlar asosida, birlashgan holda harakat qilishlari amaliyoti kengaymoqda. Shuning uchun O‘zbekiston ham mazkur yo‘nalishda hamkorlari safini kengaytirib va kuchaytirib borishi talab etiladi. Bunday hamkorlikka asos AQSH doirasida hamda qo‘shni davlatlar aloqa ma’muriyatlari bilan ikki tomonlama kelishuvlarda yaratilgan;
• xalqaro tadbirlarda qarorlarni konsensus asosida qabul qilish ustuvor amaliyotga aylangan, ulardagi masalalar ko‘pligi ishlarni parallel ravishda ishlovchi qo‘mita va ishchi guruhlarga bo‘lib o‘tkazishga olib keldi. Bu esa delegatsiyadagi vakillar sonini mos ravishda oshirish hamda ularni kengashlar ishida samarali qatnashishlarini ta’minlashni talab etmoqda. Bunda xalqaro munosabatlardagi paritetlik (barcha delegatsiyalarning teng huquqliligi) prinsipidan maksimal darajada foydalanish mumkin;
• xalqaro tashkilotlar tomonidan tegishli hujjat va qarorlarda manfaatlarni himoyalash ularni qabul qilish davrida eng samarali uslubda amalga oshirilishi mumkin. Shuning uchun mazkur hujjat va qarorlar loyihalarini jiddiy o‘rganib borish hamda ularga nisbatan zarur taklif va pozitsiyalarni ishlab chiqish sifatini oshirish lozim;
• aloqa va axborotlashtirish, radiochastotalar spektridan foydalanishni boshqarish sohasidagi mutaxassislarni xalqaro munosabatlar yo‘nalishida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish maqsadga muvofiq;
• xalqaro tashkilotlarning ijro apparati hamda rahbarlik lavozimlari a’zo-davlatlarning malakali mutaxasisslari orasidan saylab qo‘yilishini inobatga olgan holda O‘zbekistonlik mutaxassislarni XTI va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ishlash, ushbu tashkilotlar apparatida doimiy ishga joylashtirish maqsadida strategik uzoq muddatli ishni olib borish lozim;
• xalqaro tashkilotlar doirasida qarorlarni shakllantirish va qabul qilish jarayonlarida xalqaro, hududiy, ixtisoslashgan tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar ma’muriyatlari bilan o‘zaro munosabatlarda diplomatik protokol va etiketning ahamiyati ortib bormoqda. Shuning uchun radiochastotalar spektridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadlarida diplomatiyaning imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish lozim;
• telekommunikatsiyalar, radiochastotalar spektridan foydalanish, axborotlashtirish sohalari butun dunyoda jadal rivojlanayotganligini va doimiy ravishda yangiliklar oqimi mavjudligini hisobga olgan holda, ularning muntazam monitoringini olib borishga e’tiborni kuchaytirish, operativ o‘rganish, tahlil qilish va ularga nisbatan zarur munosabatni belgilab borish maqsadga muvofiq.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top