Infocom.uz

O‘zbekistonlik frilanserlar 2022-yilda xorijiy frilans platformalaridan olgan daromadlari tahlili

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan frilanserlarning 2019-2022-yillar davomida ishlab topgan daromadlarini aniqlashda, frilanserlar tomonidan xalqaro to‘lov tizimlari hamda bank xizmatlari orqali o‘tkazilgan mablag‘lar hajmi bo‘yicha “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tomonidan tahlil o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonlik frilanserlar 2022-yilda deyarli 12 mln. AQSh dollari miqdoridagi daromadlarini 2 xil usulda, ya’ni pul o‘tkazish (jami 9.5 mln. AQSh dollari) yoki Payoneer xalqaro to‘lov tizimi (jami 2.3 mln. AQSh dollari) orqali mamlakatimizga o‘tkazgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatgich 2019-yilga nisbatan 7,4 barobar ko‘pdir.

Payoneer xalqaro to‘lov tizimi kartasidan frilanserlar o‘z ishlab topgan daromadlarini 3 xil ko‘rinishda olishgan:

– respublikamizdagi tijorat banklarining bankomat va bank kassalari orqali (ma’lumot uchun: 2022-yilda 544 ming AQSh dollari yechilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2019-yilga nisbatan 430 foizga ko‘p);

– kartadan shaxsiy hisob raqamiga (ma’lumot uchun: 2022-yilda 153 ming AQSh dollari o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2019-yilga nisbatan 35 foizga kam);

– shaxsiy VISA yoki Mastercard kartalariga (ma’lumot uchun:  2022-yilda eng yuqori natija qayd etilib, 1,6 mln AQSh dollariga teng bo‘ldi hamda ushbu natija 2019-yilga nisbatan 231 barovarga ko‘p hisoblanadi).

Shuningdek, xalqaro frilans platformalaridan ishlab topilgan daromadlarni yechib olishning ikkinchi usuli, ya’ni to‘g‘ri to‘g‘ridan pul o‘tkazish (SWIFT) orqali amalga oshirilgan. SWIFT orqali 2022-yilda umumiy hisobda 9,5 mln. AQSh dollariga teng bo‘lib, ushbu o‘tkazilgan mablag‘lar quyidagi frilans platformalari hissasiga to‘g‘ri keladi:

  • “Upwork” – 6,3 mln. AQSh dollari;
  • “Om.cn” – 2,4 mln. AQSh dollari;
  • “TopTal” – 308 ming AQSh dollari;
  • “Fiverr” – 215 ming AQSh dollari;
  • “Envato” – 94 ming AQSh dollari;
  • “Cgtrader” – 73 ming AQSh dollari;
  • “Freelancer” – 70 ming AQSh dollari;
  • “TurboSquid” – 30 ming AQSh dollari;
  • “3ddd.ru” – 25 ming AQSh dollari.

Respublika hududida frilanserlik faoliyati bilan shug‘ullanish hamda o‘z ishlab topgan daromadlarini yechib olish bo‘yicha yetakchi hisoblangan TOP 5 shahar va viloyatlar:

  1. Toshkent shahri – 11,4 mln. AQSh dollari;
  2. Andijon viloyati – 151 ming AQSh dollari;
  3. Toshkent viloyati – 129 ming AQSh dollari;
  4. Namangan viloyati – 104 ming AQSh dollari;
  5. Surxandaryo viloyati – 56 ming AQSh dollari.

Albatta ushbu ma’lumotlar yurtimiz frilanserlari faoliyatining umumiy holatini aks ettirmaydi. Sababi, ushbu tahlil faqatgina markaziy bank tomonidan olingan ma’lumotlar asosida tayyorlangan bo‘lib, xalqaro frilans birjalarida faoliyat yuritayotgan boshqa ko‘pgina yurtdoshlarimiz o‘z daromadlarini internetdagi xaridlar uchun sarflashadi yoki o‘z hisob raqamlarida saqlashadi. Bundan tashqari, xalqaro bozorda anchadan beri ishlab kelayotgan frilanserlar o‘z mijozlariga ega bo‘lib, ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab kelishmoqda. Shu sababli frilanserlar tomonidan ishlab topilgan daromadlar hajmini aniq aytish qiyin.

Ma’lumot sifatida shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi
PQ-4742-son Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qaroriga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar daromad soliqlaridan ozod etilgan bo‘lib, ushbu imtiyozdan foydalangan holda frilanserlar ham ishlab topgan daromadlaridan daromad solig‘i to‘lamaydilar.

Jismoniy shaxslar my.gov.uz portali va MySoliq ilovasi orqali onlayn yoki soliq organlari va davlat xizmatlari markazlariga an’anaviy tarzda murojaat qilish orqali oflayn tarzda ham o‘zini o‘zi band qilishlari mumkin.

Muallif: Rixsixo’jayev A.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top