Infocom.uz

“O’zbektelekom” AK III Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida

Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar 2009 yilda yalpi ichki mahsulotning 8,1 foizga o‘sishini ta’minlash imkonini berdi. Bu esa, o‘z navbatida, xalqaro moliya institutlari tomonidan jahon iqtisodiy inqirozi sharoitida tom ma’nodagi yuqori natija deb e’tirof etildi. Yurtboshimiz tomonidan nafaqat global iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish, balki milliy iqtisodiyotimiz salohiyatini yanada oshirishda muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berilgan ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bunday izchil rivojlanishning muhim omillaridan biriga aylandi. Har yili o‘tkazib kelinayotgan Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi natijalari ham ushbu chora-tadbirlar samaradorligiga yorqin misol bo‘la oladi. 1 mart kuni poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da navbatdagi yarmarka o‘z ishini boshladi.

Ushbu tadbir Prezidentimiz Islom Karimovning 2008 yil 15 iyulda qabul qilingan «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazilmoqda.

Innovatsiyalar yarmarkasida vazirliklar, idoralar, banklar, milliy iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlaridagi korxonalar, xususan, O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish sohasi korxonalari hamda xususiy va qo‘shma korxonalar, fermer xo‘jaliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy markazlar, tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, shuningdek, qator xalqaro va moliya tuzilmalari vakillari ishtirok etmoqda.

Mamlakatimizda ro‘yobga chiqarilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, birinchi navbatda, ichki va tashqi bozorlarda iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgani jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan mashhur besh tamoyilga asoslangan rivojlanishning «o‘zbek modeli»ning izchil ro‘yobga chiqarilishi, Inqirozga qarshi choralar dasturining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tufayli global tahdidlarning milliy iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirining oldini olish bilan bir qatorda makroiqtisodiy barqarorlik, barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini, xalqimiz farovonligini oshirishni ta’minlashga erishildi. Eng ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda, real sektor tarmoqlarini modernizatsiya qilish va buning uchun ilm-fan hamda ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya aloqalarini kengaytirish belgilangan vazifalarga erishishda katta ahamiyat kasb etadi. Olimlar va xo‘jalik yurituvchilarning o‘zaro manfaatli kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi an’anaviy innovatsiyalar yarmarkasining asosiy maqsadi ham shundan iborat.

Yarmarka ishtirokchilari e’tiboriga “O‘zbektelekom” AK tomonidan uchta loyiha bilan, “Axborot texnologiyalari” sektorida alohida qiziqish uyg’otmoqda. Bu galgi yarmarka doirasida kompaniya tomonidan Toshkent shahar telefon tarmog‘idagi barcha raqamli telefon stansiyalarini boshqaradigan yagona monitoring markazi loyihasi, ADSL testori va metal izlovchi qurilmalar bilan hamda Kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan eng so’ngi va yangi xizmat turlari bilan ishtirok etilmoqda.

uztelecom_03_03_2010_1

Shu o’rinda, Toshkent shahar telefon tarmog‘idagi raqamli telefon stansiyalarni boshqaradigan yagona monitoring markazi loyihasining afzalligini haqida so’z yuritganda, u stansiyalarda yuzaga keladigan avariyaviy holatni zudlik bilan aniqlash va ularni qisqa muddat ichida bartaraf qilish, shuningdek, taqdim etilayotgan aloqa xizmati sifatini keskin oshirish imkonini beradi.

Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro manfaatli integratsiyalashuvi bo‘yicha yangi, o‘ziga xos texnologiya, o‘xshashi yo‘q mexanizmdir. Negaki, bir tomondan, iqtisodiyot real sektoriga mamlakatimizda yaratilgan eng yaxshi amaliy ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalar taqdim etilmoqda, ikkinchi tomondan, olimlar bevosita xo‘jalik yurituvchilarning ehtiyojlaridan xabardor bo‘lmoqda, kerakli yangiliklarni yaratish uchun buyurtma va resurslar olmoqda. Bu, o‘z navbatida, ilm-fanni rivojlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish va uning ishlab chiqarish bilan kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, milliy iqtisodiyotimizning jahon maydonida raqobatbardoshligini yanada oshirish va buning hisobidan mamlakatimiz hamda xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli bozor islohotlarini takomillashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top