Navro‘z ayyomi barchamiz uchun sharqona yangi yil debochasi, serhosillik va qut-baraka g‘oyasini o‘zida mujassam etadigan, bizning milliy tabiatimiz va qadriyatlarimizdan ajratib bo‘lmaydigan, har qanday siyosatdan xoli, eng qadimiy, eng sevimli bayramimizdir.
Bundan ming yillar avval, ko‘hna “Avesto” yaratilgan zamonlarda ham bizning ajdodlarimiz bu dilbar fasl kunlari Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylarida, cheksiz Turonning qishloq va kentlarida, dashtu dalalarda tabiat bilan tillashib, Navro‘z nashidasini surganlar, qo‘sh haydab, dalaga don sochib, tinchlik-omonlik tilab, yangi orzu-niyatlar bilan yashaganlar.
Navro‘zi olam tom ma’noda o‘zining ruhi va g‘oyalari bilan insonning doimo ona yer va tabiat bilan hamnafas bo‘lib yashashi, har qaysi odamning qalbida, uning dini va millatidan qat’i nazar, yashamoq va yaratmoq intilishlarini uyg‘otish, ahillik va birdamlik tuyg‘ularini mustahkamlash uchun xizmat qilib kelmoqda.
Buning yaqqol isboti shu kunlarda yurtdoshlarimizning bag‘rini keng ochib, tabiatdan bahra olib, sumalak va halim, go‘ja va ko‘ksomsa kabi bahoriy ne’matlar tortilgan dasturxonlar atrofida, yashil maydon va ko‘kalamzorlarda sayil-tomoshalar qilib, Navro‘z ayyomini shodu xurramlik bilan kutib olayotganida, nishonlayotganida namoyon bo‘lmoqda.
Odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, shafqat va muruvvat, keksalarning duosini olish, ko‘ngli yarim, yetim-yesirlarning boshini silash, nogiron va muhtoj oilalarga beminnat yordam berish kabi xalqimizga mansub ajoyib fazilat va savobli ishlar har qaysi mahalla va go‘shada o‘zining aksini topmoqda.
Navro‘z faslida turli nizo va adovatlar unutiladi, har qaysi inson o‘z oila a’zolarini, qadrdonlarini bag‘riga bosib, tanish-bilishlarini qutlab, ularga sog‘lik-omonlik, tinchlik-osoyishtalik tilaydi, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lishini istaydi.
Shu munavvar damlarda xalqimizning barcha orzu-umidlari, qalbi va vujudi Navro‘z ruhi va g‘oyalariga hamohang, uyg‘un va mushtarak bo‘lib rivoj topayotganiga ona yurtimizda yashayotgan har qaysi inson yana va yana bir bor iqror bo‘ladi.
Aynan shuning uchun bu betakror va go‘zal ayyomni el-yurtimiz orziqib kutadi, o‘z sog‘inchlarini va orzu-istaklarini, yorug‘ chehrasini namoyon etishga intiladi.
Aynan shuning uchun Navro‘zimizni o‘tmish va yaqin tariximizda ne-ne mustabid tizimlar har qancha urinmasin, bizdan – o‘zbek xalqidan tortib ololmadi.
Hech shubhasiz, aytish mumkin: avvalo xalqimizni o‘z ota-bobolarining o‘lmas qadriyatlariga, urf-odatlariga bo‘lgan sadoqati, iroda va qat’iyati tufayli Navro‘zi olam, mana, ming yillar davomida yurtimizda bezavol, abadiy yashab kelmoqda.
Bunday oriyatli, o‘zligini, o‘z qadr-qimmatini yuksak baholaydigan ulug‘ xalqning farzandlari, davomchilari ekanimizni his etib, barchamizning qalblarimiz beixtiyor g‘urur va iftixorga to‘ladi, desam, shu muhtasham maydonda to‘plangan siz, azizlarning fikri-zikringizni aytgan bo‘laman.
Muhtaram vatandoshlar!
Uzoq davom etgan qish qahratonidan so‘ng oftobning charog‘on chehrasini ko‘rib, beg‘ubor ko‘klam havosidan nafas olar ekan, har bir odam xuddiki qaytadan tug‘ilib, o‘zini, dunyoni yangitdan kashf etayotgandek his qilishi tabiiydir.
Shu ma’noda, bu yilgi bahor faslini hammamiz har qachongidan ham sog‘inib, intizorlik va quvonch bilan kutib olayotganimiz – bularning barchasi mamlakatimizda “Mustahkam oila yili” deb nom olgan 2012 yilda ham ko‘zlangan marralarimizni albatta qo‘lga kiritamiz, degan ishonch tug‘diradi.
Joriy yilda ham boshlagan ezgu ishlarimizni, demokratik va erkinlashtirish islohotlarini davom ettirish, aholimizning daromadi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarini ko‘paytirish hisobidan xalqimizning hayot darajasi va sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga erishamiz, inshoollo.
Bu yilning yurtimizga sernam kelishi, kuzda ekkan ekinlarimiz tobora kuchga to‘lib, bo‘y cho‘zayotgani, yangi mavsumga chuqur tayyorgarlik ko‘rganimiz, nasib etsa, fidoiy va zahmatkash bobodehqonlarimizning orzu-umidlari albatta ushaladi, hosilimiz mo‘l bo‘ladi, deb ishonch bildirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xalqimiz azal-azaldan yoshlikni umr bahori, deb ta’riflaydi, farzandlariga atab nihol ekib, bog‘ yaratadi. Bugun Alisher Navoiy bobomizning muborak siymosi qad rostlagan shu azim bog‘da to‘planib o‘tirgan, bilagi kuchga to‘lib, ko‘zlari g‘ayratdan yonib turgan, hech kimdan kam bo‘lmasdan voyaga yetayotgan yoshlarimizga qarata qalbimdan, yuragimdan chiqadigan samimiy tuyg‘ularimni izhor etmoqchiman:
Shu aziz va muqaddas Vatanimiz sizlarga, sizlarning har biringizga ishonadi.
Ana shunday yuksak ishonch barchangizga madadkor bo‘lsin, kuch-quvvat bersin. Shu ishonchga hamisha munosib bo‘ling, aziz farzandlarim!
Fursatdan foydalanib, mana shu nurafshon va shukuhli ayyomda bizga hamroh va xayrixoh bo‘lgan, do‘stlik qo‘lini uzatgan barcha mamlakatlar va xalqlarga, uzoq-yaqin qo‘shnilarimizga bag‘rimizni keng ochib, samimiy salom va tabriklarimizni yo‘llaymiz.
Bugungi shodiyonamizda ishtirok etayotgan chet davlatlarning muhtaram elchilari va xalqaro tashkilotlarning vakillariga, barcha hamkor va sheriklarimiz, xorijiy do‘stlarimizga minnatdorlik bildirib, ularni Navro‘zi olam bilan chin dildan tabriklashga ijozat bergaysiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bugun mana shu go‘zal va betakror maydonda to‘plangan siz, qadrdonlarimga, sizlar orqali butun xalqimizga yana bir bor chuqur hurmat-ehtiromimni va samimiy tilaklarimni bildirmoqchiman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Har bir xonadonning dasturxoni to‘kin-sochin, har bir oila mustahkam bo‘lsin!
Har bir insonning baxtu saodati ziyoda bo‘lsin!
El-yurtimizni xavfu xatarlardan, balo-qazolardan Yaratganning o‘zi asrasin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!