Infocom.uz

Qog‘ozni tejash – muhim vazifa

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 22-iyulda qabul qilingan “Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali joriy etish maqsadi mujassam.

Jizzax viloyatidagi ko‘plab idora va tashkilotlarda elektron hujjat aylanishini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Viloyat hokimligining boshqarma va bo‘limlaridagi kompyuterlar o‘zaro ichki hamda korporativ tarmoq orqali shahar va tuman hokimliklari bilan ulangan. Shuningdek, davlat soliq, statistika boshqarmalari tizimlarida ham axborot yoki hujjat almashishda ularning elektron shaklidan keng foydalanilmoqda.

Viloyatda qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish maqsadida maxsus ishchi guruhlari tashkil etildi. Ushbu guruhlar davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, ikkilamchi qog‘oz chiqindilarini qayta ishlash korxonalariga topshirish ishlarini nazorat qilib, monitoring olib borayotir. Bu tadbirlar samarasida qog‘oz va telefon so‘zlashuvlari uchun sarf etiladigan xarajat sezilarli darajada kamaymoqda. Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi tahliliga ko‘ra, hujjat va axborot almashishda elektron tizim joriy etilgach, har bir tuman hokimligida bir oylik telefon so‘zlashuvlari uchun sarf qilinadigan mablag‘ sezilarli darajada iqtisod qilinmoqda.

Axborot almashishning elektron shakliga o‘tilayotgani aholi uchun ham qator qulayliklar yaratmoqda. Jizzax viloyati hokimligining rasmiy veb-sayti yaratilgani fuqarolar bilan interaktiv usulda muloqot o‘rnatish imkonini berayotir. Aholining barcha qatlam vakillari ushbu veb-saytga kirib, viloyat hokimiga, o‘rinbosarlariga, shahar va tuman hokimlariga murojaat qilishi, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishi mumkin.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanishda “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”, “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi qonunlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi va barcha tuman inspeksiyalarida elektron imzoga ega soliq to‘lovchilardan hisobotlarni elektron usulda qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Zomin tumanida shu yilning o‘tgan davrida yuridik shaxs maqomidagi soliq to‘lovchilardan 383 elektron shakldagi hisobot olindi.

– Elektron imzoning qulayligi soliq to‘lovchilarimizni tobora o‘ziga jalb etayotir, – deydi Zomin tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari Ma’ruf Ashirmatov. – Chunki hisobotlarni elektron shaklda topshirishda xatoliklar kam bo‘ladi. Muhimi, hisobot yozish uchun qog‘oz, soliq idorasiga borish uchun sarflanadigan vaqt va mablag‘ tejaladi.

Ammo viloyatda ana shunday qulay usuldan foydalanishga e’tiborsiz qarayotgan korxona, tashkilot va muassasalar ham yo‘q emas. Shu bois Jizzax viloyati hokimligi barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarda elektron hujjat aylanishini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini ishlab chiqdi.

– Axborot almashishda hozirga qadar foydalanib kelganimiz – “Outlook Expryess” dasturi o‘rniga “YE-hujjat” dasturini qo‘llay boshladik, – deydi Jizzax viloyati hokimligi kompyuterlashtirish markazi direktori Tolibjon Ergashev. – “YE-hujjat” dasturi o‘zimizda ishlab chiqilgan va unga lotin alifbosidagi kriptografiya kiritilgan. Bu yangi dastur axborotlarni ishonchli saqlashda, almashishda juda qulay.

Zamonaviy axborot texnologiyalari kundalik hayotimizga shiddat bilan kirib borayotgan bir paytda qog‘ozni tejashning eng samarali usuli bo‘lgan elektron tizimni keng joriy etishdan hamma birdek manfaatdor. Ayni chog‘da aholining kompyuter savodxonligini kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Shu maqsadda Jizzax viloyati qishloq va mahallalarida, kasb-hunar kollejlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari muntazam o‘tkazib kelinayotir. Hozirgacha ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida 30 ming nafardan ziyod turli yoshdagi kishilar qatnashib, kompyuterdan, elektron axborotdan, interaktiv xizmatdan foydalanish bo‘yicha bilim va malakasini oshirdi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top