Infocom.uz

QUTLUG’ SANAGA BAG’ISHLANGAN POCHTA MARKASI MUOMALADA

Respublika hayotida unutilmas voqea bo’lgan mazkur sana munosabati bilan O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (O’zAAA) buyrug’iga binoan “O’zbekiston pochtasi” OAJ tomonidan ishlab chiqilgan yangi pochta (aloqa) markasi joriy yilning 1 noyabr kunidan boshlab muomalaga chiqarildi. Unda O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining tasviri o’z ifodasini topgan. Kuponda esa O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi binosi aks ettirilgan. Esdalik tamg’asi (shtempeli)da uning nomi, maxsus tamg’a bosish joyi va sanasi ko’rsatilgan. Pochta markasi va esdalik tamg’asi dizayni Ulug’bek Yusupaliev tomonidan amalga oshirilgan.

Joriy yilning 17 noyabr kuni “Toshkent pochtamti” binosida O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i qabul qilinganligining 15 yilligiga bag’ishlab chiqarilgan pochta markalariga maxsus esdalik tamg’asi bosish marosimi bo’lib o’tdi.

pic

Pochta markasi – nominal qiymati va davlat nomi ko’rsatilgan badiiy tasvirdagi, nashr qilish suli bilan tayyorlangan – pochta aloqasi xizmatlari to’lovining davlat belgisi hisoblanadi.

pic

O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng mamlakat hayotiga doir turli mavzudagi aloqa markalari muomalaga chiqarila boshlandi. O’zbek mumtoz shoiralaridan biri Nodirabegim tavalludining 200 yilligi munosabati bilan 1992 yilning 7 may kunida muomalaga chiqarilgan pochta markasi – mustaqil davlatning birinchi pochta markasi hisoblanadi. Hozirgi vaqtgacha mamlakatimizning siyosiy va madaniy hayoti, xalq xo’jaligining turli sohalari va sportda erishilgan yutuqlar, me’moriy yodgorliklari, flora va fauna mavzulari eks ettirilgan jami 710 nomdagi pochta markalari muomalaga chiqarildi.

1996 yil 15 may kunidan boshlab, O’zbekiston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog’iston aloqa tarmog’i ma’muriyatlari bilan hamkorlikda “Orolni qutqarish” (“Save the Aral sea”) pochta bloki, 2003 yil 19 noyabrdan boshlab esa Qozog’iston Respublikasi bilan hamkorlikda “Tong” va “Baxt” deb nomlangan pochta markalari muomalaga chiqarildi. 1997 yildan boshlab, pochta markalari “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasining Toshkent bosma fabrikasida nashr qilinmoqda. O’zbekiston Respublikasi pochta markalarini dunyoga kengroq tanitish maqsadida “O’zbekiston pochtasi” OAJ xorijiy mamlakatlar: Isroil (1998 yil), Avstriya (1999 yil), Rossiya Federasiyasi (2000, 2002 yillar), Gonkong (2001 yil), Ruminiya (2003 yil), Singapur (2004 yil)da o’tkazilgan xalqaro filatelistik ko’rgazmalarda faol qatnashib kelmoqda.

O’zbekiston Respublikasida chiqarilgan pochta markalariga xalqaro filatyeliya bozorida ham talab katta. Markalar quyidagi xalqaro kataloglar: “MICHEL” (Germaniya), “YVERT&TELLER” (Fransiya), “SCOTT” (AQSh), “DOMFILL” (Ispaniya), “MIR MAROK” (Rossiya) va boshqalardan munosib o’rin egallagan. Muomalaga maxsus chiqarilgan kuponli aloqa markasi nafaqat filatelistlarga, qolaversa, butun O’zbekiston xalqiga ajoyib tuhfa ekanligini ta’kidlash o’rinlidir. Zero, pochta markalari butun dunyoda davlat mustaqilligini bildiruvchi belgilardan biri, deb hisoblanadi.

Davlat bayrog’i – o’tmish, bugun va kelajakning yorqin timsoli. Musaffo osmon uzra mag’rur hilpirayotgan yurt bayrog’ini ko’rganda, qalblarimiz faxr bilan to’lqinlanib, quvonchlarga to’ladi. Milliy bayrog’imiz davlat suverenitetining ramzlaridan biridir. Unutmaslik kerakki, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy g’ururimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri – katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir”.

pic

Suratda 1992 yil 1 sentabrda O’zbekiston mustaqilligining bir yilligi sharafiga chiqarilgan va pochta tamg’asi bosilgan marka yopishtirilgan nodir (raritet) konvert hamda O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i qabul qilinganligining 15 yilligiga bag’ishlab chiqarilgan va pochta tamg’asi bosilgan marka tasvirlangan.

pic

O’zAAA bosh direktori o’rinbosari A.A.Xodjaev O’zbekiston filatelistlari va “O’zbekiston pochtasi” OAJ xodimlariga yangi markani taqdim etmoqda.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Raqamli Valyuta.

Raqamli Valyuta. To‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakatlarning Markaziy banki tomonidan chiqarilgan virtual valyuta