Efir mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari faol joriy etilmoqda. Internet global axborot tarmog‘idan foydalanuvchilar soni ham kun sayin o‘smoqda. Fakt va raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, agar 1994-yilda respublikamizda 475ta bosma va elektron OAV mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 1254tadan oshdi.
Mamlakatimizda 4ta axborot agentligi, 700 dan ortiq mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, 53 foiz tele va 86 foiz radiokanallar nodavlat sektor ulushiga to‘g‘ri kelayotgani, oxirgi 10 yilning o‘zida nodavlat OAV soni 10 barobarga oshgani ham sohada olib borilayotgan izchil islohotlarning amaldagi namunasidir.
O‘zbekistonda keyingi yillarda sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali davlat va nodavlat televideniyalarini teleradiodasturlarni tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mamlakatimiz telekommunikatsiyalar tizimi jahonning 180 ta mamlakatiga 28 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadigan xalqaro kanallarga ega.
Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida o‘z tarkibida 100 dan ortiq elektron ommaviy axborot vositasini birlashtirgan nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Bularning barchasi axborot sohasida davlat tomonidan olib borilayotgan siyosat so‘z erkinligi tamoyillari va fuqarolarning axborot olish huquqini izchil amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan.
Mamlakatimizda OAV erkinligi darajasining muhim ko‘rsatkichlaridan biri bu axborot sohasining izchil va erkin taraqqiyoti hamda har kimning hech qanday to‘siq va moneliksiz axborot olish va undan foydalanishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlovchi takomillashgan huquqiy maydonning mavjudligidir.
Konstitutsiyamiz bilan mustahkamlangan OAV erkinligi tamoyillari, aholining o‘z fikr va mulohazalarini erkin ifodalash huquqi, har qanday ko‘rinishdagi senzuraning taqiqlanganligi o‘z mantiqiy davomini keyingi yillarda qabul qilingan OAV faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonunlarda topdi.
«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi o‘nga yaqin qonunlar shular jumlasidandir.
Axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash masalalarini demokratik islohotlar umumiy strategiyasining muhim tarkibiy qismi sifatida baholagan holda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 12-noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida taqdim etilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsep-siyasi»da 4ta yaxlit qonun loyihasi hamda 3ta amaldagi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish yuzasidan takliflar berildi, ya’ni, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida»gi Qonunlar.
Bularning barchasi o‘z navbatida, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini, so‘z va axborot erkinligini yanada kengroq amalga oshirish imkoniyatini yaratib beradi.
Teleradioeshittirish sohasi axborot sohasining muhim va tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib, ijtimoiy hayotning demokratlashtirish jarayonlarida alohida o‘rin egallaydi. «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida» Qonunning qabul qilinishi teleradiodasturlarni tayyorlash va uzatish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tizimli tartibga solishga, teleradiodasturlarni tayyorlash va tarqatish sohasida raqobatni yanada kuchaytirish, teleradiodasturlarni uzatish borasida mobil va raqamli televideniye kabi ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, teleindustriyaning istiqbolli yangi tarmoqlarini tashkil qilish uchun zarur sharoitlarni yaratishga, teleradioeshittirishlar sohasini mustaqil qudratli industriya sifatida qayta tashkil etishga imkon beradi.
Tarixga bir nazar tashlasak, agar 1991-yilda bir sutkadagi umumiy hajmi 13,5 soatga teng ikkita respublika miqyosidagi telekanallar ishlagan bo‘lsa, 1997-yilda Milliy teleradiokompaniya tizimida respublika telekanallar soni to‘rtta bo‘ldi, 2010-yildan boshlab ularning bir kecha-kunduzdagi efir vaqtining umumiy hajmi 96 soatni tashkil etmoqda, ya’ni, bugungi kunda «O‘zbekiston», «Sport», «Yoshlar» va «Toshkent» telekanallari bir kecha-kunduzda 24 soat eshittirish bermoqdalar.
Shuningdek, hududiy bo‘linmalar tizimining telekanal va radiokanallari bir kecha-kunduzdagi umumiy o‘rtacha hajmi tegishlilicha 127,7 va 84,4 soatni tashkil etadi. «O‘zbekiston» tele-radiokanal eshittirishlari efirga yerning sun’iy yo‘ldoshli kanallari orqali beriladi. Shuningdek, «O‘zbekiston», «Yoshlar» va «Forum TV» telekanallarini internet tarmoqlari orqali on-layn, ya’ni real vaqt rejimida ko‘rish mumkin, 4 respublika radiokanallari eshittirishlarini internet tarmoqlari on-layn-rejimida eshitish mumkin.
O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib, raqamli televideniyeni joriy etishni boshladi. Raqamli televideniye — bu axborot uzatishni raqamli usullaridan foydalangan holda televizion signallarini uzatish tizimidir. Raqamli usullar televizion signalni siqib uzatilishini amalga oshirishni va bu bilan televizion signalni uzatishda kichikroq chastota resursidan foydalanish imkoniyatini beradi.
Raqamli teleradioeshittirishning turli xil standartlari analog, ya’ni hozirda aksariyat foydalanib turgan televizion signallar polosasida turli-tuman raqamli telekanallarni, masalan 6 dan 18 gacha telekanallarni tashkil etish imkonini beradi.
Radiochastota spektridan samarali foydalanishni amalga oshirishni va teleeshittirishga raqamli formatda rejali o‘tishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2012-yil 17-aprelda «O‘zbekiston Respublikasida raqamli teleeshittirishga texnik va texnologik jihatdan o‘tish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi 1741-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu Qaror bilan mamlakatimizda raqamli teleeshittirishga texnik va texnologik jihatdan o‘tish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlandi, unda quyidagilar nazarda tutilgan:
• raqamli teleeshittirishni texnik-texnologik rivojlantirishni hisobga olgan holda joriy etish sohasida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish;
• respublikada raqamli teleeshittirishga ikki bosqichda (2012-2015 yillarda — I bosqich, 2016-2017 yillarda — II bosqich) mamlakat aholisining 2017-yil oxirigacha raqamli teleeshittirish xizmatlaridan foydalana olishini to‘liq ta’minlagan holda o‘tish;
• analog teleeshittirish tizimini raqamli tizimga asta-sekin almashtirish bilan raqamli televizion eshittirishning yer usti tarmoqlarini yanada rivojlantirish va modernizatsiyalash, xizmatlarning yangi turlarini, shu jumladan, interfaol va mobil televideniyeni joriy etish;
• mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va aholini raqamli teleeshittirish signallarini qabul qilishning zamonaviy qurilmalari bilan ta’minlash va boshqalar.
Respublikada Yevropa standarti hisoblangan DVB-T (Digital Video Broadcasting-Terristral ) 12 raqamli telekanallarni tashkil etadigan standart joriy etilmoqda.
Bugungi kunda 7ta viloyatda raqamli uzatgichlar ishlari tashkil etilgan: bu 4 ta Toshkentda, bittadan Buxoro, Samarqand, Nukus, Urganch, Andijon, Qashqadaryo viloyatining Odamtosh punktida joylashgan. Bugungi kunda mamlakatimizda 37,5 foiz aholi raqamli eshittirish bilan qamrab olingan. Shu bilan birga, berilayotgan 12 kanallar ijtimoiy paketni tashkil etadi va foydalanuvchilar ularni bepul oladilar.
Bepul kanallar ro‘yxatiga «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport» davlat kanallari hamda quyidagi respublika kanallari: ya’ni «TV markaz», «NTT», «SofTS» ham kiradi, shuningdek, ОРТ, НТВ, Домашний, Россия-1, Россия-2 xorijiy kanallaridir.
Raqamli teleeshittirishlarni tarqatish tarmoqlarini tashkil etish bilan birga respublikamizda aholini analog televizorlariga qabul qilish televizion moslamasi (raqamli telepristavkalar) bilan ta’minlash ishlari ham olib borilmoqda. Shu maqsadda 2010-yilda Navoiy viloyatida raqamli abonent moslamalarini ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirilgan va u ishlab kelmoqda.
Yangi texnologik imkoniyatlar yangi telekanallar sonini ko‘paytirish imkoniga ega, bu esa ularning tematik va badiiy xilma-xilligiga, raqobatga, maqsadli auditoriyani izlashga imkon beradi.